TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Yil boshidan beri noqonuniy tarzda yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanayotgan haydovchilarga nisbatan 6,5 milliard so‘m miqdorda ma’muriy jarima solindi, deya xabar qildi Davlat Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiyev ushbu mavzuga bag‘ishlangan seminarda.
O‘zbekiston Avtomobil va daryo transporti agentligining Toshkent shahri bo‘limi tomonidan Toshkent shahri Ichki ishlar Bosh boshqarmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Davlat soliq boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan maxsus reydlar davomida, bir yil ichida 5,5 mingga yaqin “bombilalar” fosh qilindi.
Noqonuniy tarzda yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanayotgan haydovchilarga qarshi qaratilgan kampaniya ikki oy oldin boshlangan edi. Bu yo‘nalishda ish doimiy tarzda olib borilishi ta’kidlanmoqda. Jumladan, ayni vaqtda Toshkent shahrida, qonunchilikni ta’minlash maqsadida, avtotransport vositalari ko‘p yig‘iladigan joylarda 50ta mobil-harakatlanuvchi guruhlar o‘z faoliyatini olib bormoqda.
"Ushbu chora-tadbirlar, avvalo, taksi rejimini tartibga solishga qaratilgan. Nazorat tadbirlari yo‘lovchilarga noqonuniy xizmat ko‘rsatayotgan haydovchilarni jazolash uchun emas, balki, ularga o‘z faoliyatini qonuniylashtirishga yordam berish va fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda", deb ta’kidladi Soliq qo‘mitasi rahbari.
O‘zbekistonda litsenziyalangan taksi aniq talablarga javob berishi lozim. Yo‘nalishsiz taksi xizmatlarini ko‘rsatadigan har bir avtotransport texnik jihatdan soz bo‘lishi, ularda plastik kartochkalardan to‘lovlarni qabul qiladigan hisob-kitob terminalining mavjud bo‘lishi shart.