TOShKENT, 8-may — Sputnik. Televideniyadan ketar ekanman, besababdan besabab ishdan olinganim ham, yuz xotir qilishmagani ham, biror vaj karson ko‘rsatishmagani ham, hech narsadan hech narsa yo‘q ko‘chaga uloqtirilganim ham alam qilmasdi, alam qilgani televideniyadagi orttirgan do‘stlarim, ijod sohasida maslakdoshga aylangan tengqurlarim, ardoqli ustozlarim-u, tetapoya qilib kelayotgan iqtidorli shogirdlarimdan, hurmat qozongan kasbdoshlarimdan ayrilish hissi edi.
Kunimning yarmidan ko‘prog‘i, o‘n ikki, o‘n to‘rt soati shu yerda o‘tardi. Ijodiy muhit qaynardi. Hamma biror yangilik yaratishga intilar, ko‘rsatuvi qiziqarliroq, mazmunliroq, jozibadorroq bo‘lishini istardi.
Hamma bir biriga fikr berar, bir biriga o‘rgatar, bir birini qo‘llab quvvatlar, bir biriga mehribon, g‘amxo‘r, ahil va inoq edi. Ish vaqti tugab, qorong‘u tushganini ham hech kim payqamasdi. Ana shunday televideniyaga o‘z hayotini, qalbini, iste’dodini, ko‘ngil rishtalarini chambarchas bog‘lagan fidoiylarning eng fidoiy malikasi Nasiba Maqsudova edi.
Nasiba Maqsudova hayotining roppa rosa ellik yili televideniyada o‘tdi. Nasiba opa televideniyada ko‘ringan zahoti har bir teletomashabinning yuzida tabassum, ko‘nglida xushvaqtlik, ko‘zida nur paydo bo‘lar edi. Nasiba opa odamlarga zavq-shavq ulashar, xonadonlarga shodlik va quvonch olib kirar, hamisha yaxshiliklardan, yaxshi niyatlardan, yaxshi so‘zlardan so‘zlar, hech kimni hech qachon xafa ko‘rishni istamas, yaxshilik olamida yashardi. Uning yuzi ham, ko‘zi ham, kulib turishlari ham go‘yo ezgulik timsoli edi. Yuragidagi hamma ezgu xislatlar, xulqu-odobidagi hamma fazilatlar, o‘y-yu xayolidagi nekbin niyatlar hammasi yuziga balqib chiqqanday edi. Barchasi yuzida, ko‘zida, tabassumida aks etar, Nasiba opa televizor ekranida ko‘ringan zahoti hammani ohangrabodek o‘ziga qaratib olardi.
Nasiba opa ishchan, harakatchan, tinib tinchimas, birovni yomonligini tezda unutib yuboradigan, ishning bo‘ladigan tomoniga qarab ish tutib ketaveradigan beg‘ubor ijodkor edi. Tezda xususiy telekanallarda "Diydor shirin" ko‘rsatuvini tashkil qildilar va yana minglab teletomashabinlarning diqqat markazida bo‘ldilar. Nasiba opa bu teleko‘rsatuvni tashkil etib birorta o‘zbek jurnalisti, na televideniya, na radio, na gazeta xodimi jur’at etaolmagan ishga qo‘l urdi. Davlat televideniya va radiolarida besababdan besabab urilib, qora ro‘yxatga tushgan san’atkor-u, shoir-u, madaniyat xodimining hammasi shu "Diydor shirin" ko‘rsatuvidan panoh topdi va o‘zlarining borliklarini namoyon etib turdi.
Olmaxon Xayitova, Bobomurod Hamdamov, Ortiq Otajonov, Farruh Zokirov, Xayrulla Lutfullayev, Xojiakbar Hamidov, Tesha Mo‘minov va yana o‘nlab el sevgan, el ardoqlagan san’atkorlar mana shu ko‘rsatuv orqali el bilan yuzma-yuz ko‘rishib turdi. Holbuki davlat telekanallari o‘n yillardan ortiq vaqt mobaynida ularni ekranlarga yaqinlashtirmadi. Ular Nasiba Maqsudovaning jasorati, shiddati, ezgulik yo‘lida tolmas kurashchi bo‘lgani tufayli teleekranlarga bot-bot chiqib turishdi.
Nasiba Maqsudovani odamlar behad qattiq sevar edi. 2010-yilda Olim Xo‘jayev nomli Guliston Davlat teatrida Zulayho xoji onamning 85-yillik tabarruk yoshini nishonlash tantanalarida Toshkentdan bir guruh shoir-u yozuvchilar, atoqli san’atkorlar ishtirok etishdi. Ular orasida Nasiba Maqsudova ham bor edi.
So‘z navbati Nasiba Maqsudovaga berilganida ulkan zal gulduros qarsaklardan bir muddat larzaga kelib turdi. Sirdaryoliklar sevimli teleboshlovchisini tinmay olqishlar edi. Albatta bunday baxt kamdan kam odamlargagina nasib etadi. Nasiba opa zalning o‘rtasida tinmay ta’zim qilar, astoydil tashakkur bildirardi.
So‘ngra Nasiba opa Zulayho xoji onamga bag‘ishlangan she’rni o‘qib berdilar:
Ollohim cheki yo‘q saxovatingni,
Onamdan ayama saodatingni.
Umrini uzoq qil, etgin salomat
Kuchini ko‘rayin sharofatingni.
Yorug‘ kunlar yozding peshonasiga,
Tilloyu zar sochding ostonasiga.
Yana umr bergin etgin shafoat,
Onamni to‘ydirma paymonasiga.
Ne qilsang qilursan qo‘lingda, sening!
Baxt topgan qancha o‘ng, so‘lingda, sening!
Onamga umr ber, etgin sahovat
Har kun bosh ururman yo‘lingda, sening!
Davlating kamayib qolmaydi aslo.
Boylikdan senda yo‘q aslo muammo.
Onamga umr ber, hayot ber, hayot
Sen hayot berguvchi zotdirsan tanho!
Hammani har qachon siylagansan sen,
Hech kimning rizqini qiymagansan sen.
Iltijolarim et, o‘zing ijobat
Mustajob etmasdan qo‘ymagansan sen.
Onamga umr ber qodir Xudoyim!
Mo‘’jizangni etgin sodir Xudoyim!
O‘nglab yuborasan umrin ertaga,
Unga sog‘liq bergin hozir Xudoyim!
Nasiba Maqsudova she’r o‘qishni juda yaxshi ko‘rar, ovoz tembrlari she’rdagi har bir harfni aniq va ravon, shirali va yoqimli tarzda ifoda etardi. Nasiba Maqsudova she’r o‘qishning eng katta va eng mohir ustalaridan biri edi. Odamlar xuddi sevimli san’atkorning sevimli qo‘shig‘ini eshitgandek, she’rni maroq va zavq bilan tingladi va opani yana qarsaklarga burkadi. Men o‘sha kuni Nasiba opaning onamning sha’niga aytgan maqtov so‘zlarini hayotimning so‘nggi daqiqasigacha hech qachon unutmayman va hamisha Nasiba opaning oldida ta’zimdaman.
Nasiba Maqsudovaday insonlar yashagani uchun hayot go‘zal va ziynatli. Bunday insonlar hayotga ko‘rk beradi, yashashga undaydi, dunyoda baxt, saodat, omad degan narsalar borligiga kishini ishontiradi. Qachonlardir shunday insonlar bilan suhbatdosh bo‘lganingdan g‘ururlanasan, ko‘ngling faxru-iftixorga to‘ladi. Ammo ular bugun bu dunyoni tark etib ketishdi…
Ergash Karimov, Bahodir Ahmedov, Rahmatilla Mirzayev, Abdumo‘min O‘tbosarov, To‘lan Qo‘ziboyev, Hoshimjon Mirzaahmedov, Nasiba Maqsudova… televideniyamizning haqiqiy jonkuyarlari, fidoiylari, darg‘alari edilar.
Iloho barchalarining joylari jannatdan bo‘lsin, Olloh taolo barchalariga behisht bog‘chalaridan eng ko‘rkam maskanlarni ato etsin!
MUHAMMAD ISMOIL.