TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Oliy toifali suxandon, O‘zbekiston televideniyesi rivojiga katta hissa qo‘shgan ijodkor Nasiba Maqsudova 8-fevral kuni yurak xuruji oqibatida vafot etdi. Bu haqda "Darakchi" nashri xabar berdi.
Nasiba Maqsudova televideniyega 55-yil ilgari qadam qo‘ygan bo‘lib, 50-yillik suxandonlik, teleboshlovchilik faoliyati orqali millionlab tomoshabinlariga ega bo‘lgandi.
U so‘nggi yillarda "MY5" telekanalidagi "Diydor shirin" ko‘rsatuvi muallifi va boshlovchisi sifatida mehnat qilib kelayotgan edi.
Nasiba Maqsudova avvalroq insultni boshidan kechirgandi. Hamkasblarining xotirlashlaricha, insultdan so‘ng ahvoli ancha yaxshilangan va bir necha oydan so‘ng ishga qaytishni, "Diydor shirin" dasturining 8-mart sonini suratga olishni diliga tukkan.
Nasiba Maqsudova "Shuhrat" medali, "Oltin qalam" milliy mukofoti sohibasi edi.
Sputnik O‘zbekiston tahririyati marhumaning yaqinlariga chuqur hamdardligini bildiradi.