TOShKENT, 24 apr — Sputnik. Qonun loyihasi normativ-huquqiy aktlar portaliga muhokama uchun joylashtirildi.
Ushbu qonunning maqsadi bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratligi ta’kidlangan.
"Bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotlarga bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot, shuningdek tegishli yosh toifasiga ko‘ra bolalar o‘rtasida tarqatilishi cheklangan axborot kiradi", — deyilgan xabarda.
Bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot mahsulotlariga quyidagilar kirishi ta’kidlangan:
bolalarni o‘z hayoti va (yoki) salomatligiga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etish, shu jumladan sog‘lig‘iga zarar yetkazish, o‘z joniga qasd qilishga undaydigan;
insonlar yoki hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik va (yoki) shafqatsizlik qilish mumkinligini asoslaydigan yoxud oqlaydigan yoki zo‘ravonlik xatti-harakatlarini sodir etishga undaydigan;
oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, jinsiy buzuqlikni targ‘ib qiladigan, shuningdek ota-onalar va oilaning boshqa a’zolariga nisbatan hurmatsiz munosabatni shakllantiradigan;
noqonuniy xatti-harakatni oqlaydigan va qonunbuzilish sodir etishga undaydigan;
haqoratli so‘zlarni o‘z ichiga olgan;
pornografiya xususiyatiga ega axborotni o‘z ichiga olgan axborot mahsulotlari;
Muayan yosh toifasidagi bolalar o‘rtasida tarqatilishi cheklangan axborotga quyidagilar kiradi:
shafqatsizlik, jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlik, jinoyat yoki jamiyatga qarshi boshqa xatti-harakatlar tasvirlangan yoki ifodalangan axborot;
bolalarda qo‘rquv yoki vahima uyg‘otadigan, shu jumladan kuch ishlatilmagan o‘lim, kasallik, o‘z joniga qasd qilish, baxtsiz hodisa, avariya yoki falokatlar va (yoki) ularning oqibatlari shaklidagi inson qadr-qimmatini kamsitadigan tasvirlar aks ettirilgan axborot;
erkak va ayol o‘rtasidagi jinsiy munosabatlar tasvirlangan va ifodalangan axborot;
O‘zbekiston hududida tarqatilishi taqiqlangan mahsulotlar ishchi organning ekspert xulosalari asosida maxsus reyestrga kiritilishi rejalashtirilgan. Ro‘yxat haqida ma’lumot olishga qiziqish bildirgan shaxslarga internet orqali taqdim etiladi.
Hujjatda bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotlar deyilganida O‘zbekiston hududida tarqatish uchun mo‘ljallangan ommaviy axborot vositalari mahsuloti, shu jumladan elektron, bosma va kitob, teleradio-, audiovizual mahsulotlar, elektron hisoblash mashinasi va ma’lumotlar bazasi uchun dasturlar, kompyuter va boshqa elektron o‘yinlar, shuningdek, tomoshabop tadbirlar, telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet axborot tarmog‘i orqali tarqatiladigan axborot tushunilishi ta’kidlangan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.