TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Toshkent shahar ichki ishlar idoralari olib borgan tadbirlar davomida o‘quvchi-yoshlarning uyali telefon apparati tekshirilganda, 36 nafar o‘smir virtual "o‘lim guruhi"ga jalb qilinganligi aniqlandi, deb xabar berdi RIA Novosti IIBB matbuot xizmatiga asoslanib.
Fevral oyida Toshkent shahar IIBB xodimlari ta’lim muassasalaridagi davomatlar, o‘quvchi va talabalar tomonidan dars jarayonlarini o‘zlashtirib borish holatini o‘rganish bo‘yicha tadbir o‘tkazdilar.
"Davomat" tadbiri davomida har bir o‘quvchi-yoshning uyali telefon apparati tekshirilganda, 31ta maktab va 5ta kollej o‘quvchisi "Siniy kit" o‘yini ishtirokchilariga aylanganligi aniqlandi", — deyiladi xabarda.
Asosiysi, ularni biror ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘lishidan oldin aniqlashga erishildi.
"Bu kabi o‘yinlarga ilakishib qolgan o‘quvchilarning ota-onalari ishtirokida profilaktik suhbatlar o‘tkazildi, ularga malakali psixologlar biriktirilib, kuzatuv ostiga olindi", — deb ma’lum qildi IIBB vakili.
Xabarga ko‘ra, hozirda barcha voyaga yetmaganlar o‘rtasida bunday salbiy holatlarning oldini olish borasida barcha ta’lim muassasalarida sayyor uchrashuvlar o‘tkazilib kelinmoqda.