TOShKENT, 2 noya – Sputnik. "Adolat" sotsial demokratik partiyasi saytida partiyadan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodi ko‘rsatilgan Narimon Umarovning saylovoldi dasturi e’lon qilindi.
Nomzod siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, gumanitar hamda boshqa sohalardagi o‘zaro chambarchas islohot va o‘zgarishlarni “o‘zbek modeli”ga muvofiq ravishda davom ettirishni bosh maqsadi deb biladi.
Umarov vakillik hokimiyati, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini yanada kuchaytirish, parlamentarizmni rivojlantirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga oshkoralik, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini keng joriy etishni yoqlaydi.
Nomzod hokimlarning vazirlik va idoralar hududiy bo‘linmalari rahbarlarini ishga qabul qilish va ozod etishdagi, ularni javobgarlikka tortish masalasidagi, hududning kadrlar siyosatiga ta’sir etishdagi vakolatlarini kengaytirish tarafdori ekanligini bildiradi.
Axborot sohasini yanada demokratlashtirish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini, hokimiyat va jamoatchilikning izchil aloqasini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Shuningdek bosma ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tarqatish sohasida raqobatni rivojlantirishga, davriy matbuot mahsulotlarining chakana savdo tarmoqlarini kengaytirishga alohida ahamiyat beriladi.
Nomzod qonun ustuvorligini ta’minlash inson huquq va erkinliklari, uning ijtimoiy himoyasi amalda ta’minlanadigan huquqiy davlat, xalqchil, adolatli, erkin jamiyat, farovon hayot barpo etishning garovi, deb biladi.
Sud hokimiyatining mustaqilligini, sudlar tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning barqarorligini, faoliyatining ochiqligi va xolisligini ta’minlash, sudyalarni tayyorlash va qayta tayyorlash jarayonlarini yanada takomillashtirish, odil sudlovning nufuzini oshirish, sudyalarning daxlsizligini ta’minlash, eng muhimi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni taklif etadi.
Davlat boshqaruvi organlari, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatida qonunchilik meyorlarining buzilishiga, ularning noto‘g‘ri va erkin talqin etilishiga, shuningdek, to‘rachilik, rasmiyatchilik va korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib boriladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash, xususan, ichki ishlar, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza etuvchi idoralar faoliyatida qonunchilikka amal qilinishi, inson huquq va erkinliklarining himoya qilinishi ustidan kuchli jamoatchilik nazorati yanada kuchaytiriladi.
Umarov iqtisodiy sohada olib borilayotgan makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahamlash, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini davom ettirish, budjet hamda milliy valyuta barqarorligini ta’minlash, bank va sug‘urta tizimlarini mustahkamlash, chetdan qarz olish masalalarida konservativ yondashuvga asoslanish, davlatning tashqi qarzi haddan ziyod oshib ketmasligiga erishish borasidagi siyosatni davom ettirish tarafdori.
Zamonaviy innnovatsion va yuqori texnologiyalarni jadal rivojlantirish va keng joriy qilish maqsadida maxsus kompleks chora-tadbirlar dasturini qabul qilish rejalashtirilmoqda.
Nomzod budjet sohasida xarajatlarni keskin qisqartirish evaziga budjet siyosatini amalga oshirish tarafdori emasligini, budjet xarajatlari iqtisodiy rivojlanishning eng muhim omillaridan biri ekanligini, u aholining to‘lov qobiliyatini kuchaytirib, xalq farovonligini ta’minlashini bildiradi.
Umarov yirik kompaniyalarning markaziy boshqaruv organlarini kichik shaharlarga ko‘chirish hamda kichik shaharlarning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini respublika budjeti hisobidan keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish zarur, deb hisoblaydi.
Energiya sarfini iqtisod qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni keng miqyosda joriy etiladi.
Muqobil energiya manbalari, xususan quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni rivojlantirish bo‘yicha qonunchilik hujjatlari ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.
Uy-joy-kommunal sohasi va kundalik turmushda keng foydalanishga mo‘ljallangan quyosh batareyasi va boshqa qayta tiklanuvchi energiya olishga ixtisoslashgan innovatsion texnologiyalarni aholining xarid qobiliyatiga mos narxlarda ishlab chiqarish kengaytiriladi.
Korxona va muassasalarni bosqichma-bosqich xususiylashtirish siyosati davom ettiriladi va bu orqali aralash iqtisodiyot doirasida davlat mulki himoya qilinadi, strategik muhim obyektlar ularning ijtimoiy foydaliligidan kelib chiqib davlat tasarrufida qoldiriladi.
Eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqarish rag‘batlantiriladi, progressiv soliq tizimini bosqichma-bosqich joriy qilishni o‘z ichiga olgan samarali iqtisodiy siyosat vositalaridan foydalaniladi.
Sanoat korxonalari chiqindilarini qayta ishlash orqali atrof-muhit musaffoligini ta’minlash dolzarb vazifa sifatida qayd etiladi.
Ekologiya masalalari ustuvor vazifalardan biri bo‘lib, bu sohani kompleks rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi.
Davlat insonning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari himoya qilinishini kafolatlashi; shaxsiy tashabbuslarni rag‘batlantirishi; ish beruvchilar xodimlarning kuchi va sog‘lig‘idan foydalanishda suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘ymasligini ta’minlashi; fuqarolar o‘zlarining jinsi, yoshi va kuchiga to‘g‘ri kelmaydigan ishlar bilan shug‘ullanmasliklarini nazorat etishi lozim, deb hisoblanadi.
Davlat va xususiy biznes hamkorligini sog‘liqni saqlash, fan va ta’lim tizimi, yo‘l qurilishi, kommunal sohalarda rivojlantiriladi. Xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, korxonalarda xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, biznes tuzilmalarning ijtimoiy mas’uliyatini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Yoshlarni munosib haq to‘lanadigan mehnatga jalb qilish, kollej bitiruvchilari va yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash yuzasidan davlat dasturlarining amalda bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi bandligini to‘liq ta’minlash va ishsizlikni minimal darajagacha qisqartirishga harakat qilinadi.
Aholining barcha ijtimoiy qatlamlari o‘z vaqtida, muntazam, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi ta’minlanadi.
Aholining keng qatlamlariga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari doirasida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash tizimini kuchaytirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi, qalbakilashtirilgan va sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish, skrining va perinatal markazlari, ayollar tibbiy maslahatxonalari, tug‘ruq majmualari, ginekologiya va patronaj xizmatlari faoliyatini takomillashtirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi.
Nomzod uy-joy sotib olish va qurish uchun ajratilayotgan ipoteka kreditlash jarayonini takomillashtirish va foizlarini optimallashtirish, uy-joy bozoridagi firibgarliklar uchun nazorat va javobgarlikni kuchaytirish, uy-joy-kommunal kompleksi ishini yanada yaxshilash, aholi uchun belgilanayotgan kommunal to‘lovlar miqdorini doimiy nazoratda tutish, bu sohalarda aholiga xizmat ko‘rsatadigan muqobil tashkilotlar o‘rtasidagi raqobatni oshirish tarafdori.
Umumta’lim maktablarida ijtimoiy adolat va tenglik tamoyillarining qaror topishiga erishish, sinflardagi o‘quvchilar sonini optimallashtirish, elektron o‘quv-ta’lim dasturlari va multimedia mahsulotlari miqdori va sifatini oshirish, ta’lim muassasalarida tibbiy xizmat darajasini yuksaltirishga e’tibor qaratiladi. Bu borada umumta’lim maktablarini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mehnatga layoqatli aholining oliy ta’lim bilan qamralganligi bosqichma-bosqich oshirib boriladi, davlat va xususiy sektor mablag‘lari evaziga ta’lim grantlari ajratilishi tizimi takomillashtiriladi.
Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishdagi kvotalar tizimi qayta ko‘riladi, barcha talabgorlarga oliy ta’lim olish huquqini berish orqali iqtidorli yoshlarni tanlab olish sifati oshiriladi.
Xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan oliy ma’lumotga ega fuqarolar diplomlarini nostrifikatsiyadan o‘tkazish tizimi soddalashtiriladi.
Masofadan turib ta’lim berishning zamonaviy shakllari rivojlantiriladi.
Mehnat resurslarining ish beruvchi va bozor talablariga tezroq moslashishiga ko‘maklashish maqsadida qisqa muddatli o‘quvlarni tashkillashtiruvchi davlat va nodavlat kasb ta’limi tizimi yanada rivojlantiriladi.
Nomzod tinchliksevar tashqi siyosat tarafdori. Umarov yaqin qo‘shnilar bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolishini bildiradi.
Yadro qurollarisiz dunyo, Markaziy Osiyoda yadro qurollaridan holi hudud barpo etish g‘oyalarini ilgari surish davom ettiriladi.