TOShKENT, 25 okt – Sputnik. «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi, Narimon Umarov saylovoldi dasturida matbuotni yanada demokratlashtirish haqida gapirdi.
“Biz demokratik jamiyatni matbuot erkinligisiz, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish va saylov erkinligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, deb bilamiz,… axborot sohasini yanada demokratlashtirish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratamiz”, — dedi Umarov.
Prezident lavozimiga nomzodning fikriga ko‘ra, axborot sohasida raqobat muhitini yanada kuchaytirish, olib borilayotgan islohotlarning, davlat ichki va tashqi siyosatining ochiq va oshkoraligini ta’minlashda OAVning faolligini oshirish zarur.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini, hokimiyat va jamoatchilikning izchil aloqasini ta’minlashda OAVning rolini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini yangilash, texnologik modernizatsiya qilish, jurnalist kasbi nufuzini oshirish, soha xodimlarining mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish kabi masalalar ustuvor vazifalarimiz sirasiga kiradi.