TOShKENT, 21 okt — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishdayoq qabul qildi, deb xabar qildi payshanba kuni O‘zbekiston Respublikasi parlamenti matbuot-xizmati.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar qilishicha, qonun loyihasi muhim va o‘z vaqtida qabul qilinayotgan bo‘lib, u korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni keng ko‘lamda qonun yo‘li bilan tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarining samaradorligini oshirishga, shuningdek jamiyat hayotining barcha sohalarida bunday holatga to‘liq barham berishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga nisbatan murasasozlik muhitini yaratishga qaratilgandir.
Parlament quyi palatasi deputatlari o‘z ishlarini "Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilish bilan davom ettirdi.
Ushbu qonunning qabul qilinishi hibsga olingan shaxslarning huquq va erkinliklari himoyasi kafolatlarini mustahkamlashga, ma’muriy qamoq jazosini o‘tashning yagona amaliyotini ta’minlashga, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini hamda ushbu tizim xodimlarining mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Munozaralar yakunlariga ko‘ra, deputatlar ushbu qonun loyihalarini konseptual jihatdan ma’qullab, birinchi o‘qishda qabul qilishdi.
Mas’ul qo‘mitalarga kelib tushgan takliflarni hisobga olgan holda mazkur hujjatlarni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash vazifasi topshirildi.