Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi e’lon qilindi

© Sputnik / Aleksey Nikolskiy / Mediabankka o‘tishShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Mazkur dasturda O‘zbekistondagi hayotning barcha jabhalarini qamrab oluvchi muammolar yechimi bo‘yicha takliflar ilgari surilgan

TOShKENT, 1 noya — Sputnik. O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi saytida O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi e’lon qilindi.

Dasturga ko‘ra, davlat hokimiyati tizimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish rejalashtirilgan.

Hududlarni har tomonlama rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish, qonunlar ijrosini ta’minlash, joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish borasidagi barcha bo‘g‘inlardagi hokimiyatlarning vazifa va vakolatlar tizimi takomillashtiriladi.

Hokimlik idoralarining moddiy-texnik ta’minoti va xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi. Ushbu ishlarni amalga oshirishda "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish rejalashtirilgan.

Uyali aloqa minorasi - Sputnik O‘zbekiston
Mijozlar murojaatlariga javob qaytarish ustidan nazorat kuchayadi

Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda davlat xizmatchilari tomonidan sansalorlik va mas’uliyatsizlik holatlariga butunlay barham berish uchun qat’iy kurash olib boriladi. Davlat muassasalari xodimlarining mas’uliyatini oshirish va shuningdek, ularning huquqlari kafolatlarini mustahkamlash maqsadida "Davlat xizmati to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinadi.

"Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari" konsepsiyasini amalga oshirishni davom ettirish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Bu maqsadda jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini rivojlantirish, mahalla tuzilmasining jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish, uning huquq va vakolatlarini kengaytirish va shuningdek, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari ko‘riladi.

Ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish sohasida ularning iqtisodiy asoslari va moddiy bazasini yanada mustahkamlash, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilishga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.

Sud-huquq sohasidagi islohotlarning bosh vazifasi – bu sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoyasini, odil sudlovning mustahkam kafolatini ta’minlashdan iborat. Shu munosabat bilan sudyalarning vakolat muddatini uzaytirish, adolatli qarorlar qabul qilishga qodir, mustahkam irodali, yuksak ma’naviy va kasbiy fazilatlarga ega bo‘lgan sudyalar korpusini shakllantirish, sud-tergov faoliyatiga ilg‘or ilmiy-texnika vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Davlat idoralarida yuridik xizmat samaradorligini ta’minlash maqsadida yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalasi dolzarb vazifa hisoblanadi.

Jinoiy jazolarni liberallashtirish siyosatini, ayrim jinoyat turlarini ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazish, yarashuv institutini qo‘llash imkoniyatlarini yanada kengaytirish siyosati davom ettiriladi.

Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarini samarali yechish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi.

Asosiy va muhim vazifa – 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko‘paytirish, iqtisodiyot tarkibida sanoat ulushini 40 foizga yetkazish bo‘yicha aniq maqsadli dasturlar amalga oshiriladi. Shu maqsadda kimyo sanoatini, rangli va nodir metallar, uglevodorod xomashosi, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga qaratilgan 8 ta maxsus dastur qabul qilindi va amalga oshirilmoqda.

Yaqin besh yilda umumiy qiymati qariyb 40 milliard dollar bo‘lgan 657 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu choralar sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,5 barobar ko‘paytirish imkonini beradi. Bundan tashqari, mahalliy xomashoni chuqur qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha dasturni ishlab chiqish yakuniga yetkazildi. Qiymati 2 milliard 300 million dollar bo‘lgan 140 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish vazifasi turibdi. Natijada tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3 barobar oshadi.

Dori vositalari - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda dori vositalarini tayinlashda yangi qoidalar joriy etildi

Yana bir muhim vazifa farmatsevtika sanoatini jadal rivojlantirishdan iborat. 67 ta hududiy loyihalarning amalga oshirilishi 162 ta yangi, hozirgi vaqtda chetdan olib kelinayotgan dori vositalarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish va ularning umumiy hajmini 2,5 barobar oshirish imkonini beradi. Ayni vaqtda, davlat dorixona tarmoqlarida hayotiy muhim dori vositalarining aniq belgilangan narxlarda sotilishi ta’minlanadi.

Xorijiy investitsiyalar va zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni jalb etish maqsadida Navoiy va Jizzax viloyatlari hamda Angren shahrida erkin iqtisodiy zonalar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Urgut va G‘ijduvon tumanlarida, Qo‘qon shahrida ham erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

2017 yilda Yangi ish o‘rinlari tashkil etish dasturi doirasida 390 ming kishini doimiy ish joyi bilan, 200 ming kishini – qishloq xo‘jaligi hamda qurilishda mavsumiy va vaqtinchalik ish bilan, 309 ming kishini – shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari, hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlik hisobidan ish bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.

Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi - Sputnik O‘zbekiston
Ish hammaga yetadi – O‘zbekistonda 2017-yilga Bandlik dasturi qabul qilindi

2017–2020 yillarga mo‘ljallangan Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish dasturi qabul qilinib, uning doirasida ekin maydonlarini optimallashtirish va paxta ekishni bosqichma-bosqich qisqartirish rejalashtirilmoqda.

Davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish, xususiy mulkni rivojlantirish va uni himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi mavjud. Xususiy mulk va tadbirkorlik rivojiga xalaqit beradigan barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish zarur.

Mamlakat iqtisodiyotining o‘sishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan 2017–2021 yillarda turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilishni rejalashtirilmoqda.

Dasturda Tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratishni ko‘zda tutadigan yangi tahrirdagi "Turizm to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surishni, shuningdek, "O‘zbekturizm" milliy kompaniyasi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish zarurligi aytib o‘tilgan.

2017–2021 yillarda tuman va shaharlarni kompleks rivojlantirish dasturlari qabul qilinadi. Natijada subvensiya oladigan 81 ta tuman moliyaviy jihatdan o‘zini o‘zi to‘liq ta’minlaydigan hududga aylanadi, shuningdek, 41 ta tuman va shahar bo‘yicha subvensiya darajasi sezilarli ravishda kamayadi. Toshkent shahri uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yirik dastur – Sirg‘ali tumanida yaqin kelgusida 500 ta ko‘p qavatli zamonaviy uy-joy barpo etish loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu esa qariyb 30 ming oilani, birinchi navbatda kam ta’minlangan oilalarni yangi uy-joy bilan ta’minlash imkonini beradi.

Qishloq aholisining ehtiyoj va talablarini hisobga olib, Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi qabul qilindi. Unga binoan, 2017-yilda ehtiyojmand oilalar uchun boshlang‘ich to‘lov hajmi ikki barobar kamaytirilib, to‘rt xil yangi namunadagi, qulay va arzon, bir va ikki qavatli 15 mingta zamonaviy uy-joy barpo etish mo‘ljallanmoqda.

Bundan tashqari, 2017–2020 yillarda shahar joylarda 945 ta ko‘p qavatli uylar qurish dasturi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Dasturga ko‘ra, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari va yirik shaharlarda 50 mingga yaqin uy-joyga muhtoj oilalar uchun ko‘p qavatli arzon uylar quriladi.

Namunali loyihalar asosida qurilgan uylar - Sputnik O‘zbekiston
Qishloq joylarda yangi uylar qurilishiga 700 mln $ ajratildi

Kelgusi besh yil davomida qariyb 9 ming kilometrlik ichimlik suvi tarmoqlari, 1 ming 400 ta quduq va 3 ming 600 ta suv inshooti quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Bu esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand, Toshkent, Xorazm viloyatlarida 3 million 200 ming aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va respublikada ushbu ko‘rsatkichni 67 foizdan 84 foizga yetkazish imkonini beradi.

Mintaqaviy va mahalliy ahamiyatga ega yo‘llarni hamda yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish dasturi doirasida umumiy foydalanishdagi 1 ming 700 kilometrlik avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, aholi uchun o‘ta muhim bo‘lgan 10 ming 400 kilometrlik xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlar, tuman markazlari, kichik shaharchalar va qishloq joylardagi mahalla ko‘chalarini kapital va joriy ta’mirlash mo‘ljallanmoqda.

Qishloqlar va shaharlarda transport xizmatini yanada yaxshilash dasturiga asosan 74 ta avtovokzal va avtostansiya rekonstruksiya qilinadi va yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratilib, ularning xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘riladi. Yangi 3 mingta zamonaviy avtobus, 5 ming 700 ta mikroavtobus sotib olinib, 300 dan ortiq yangi avtobus yo‘nalishlari ochiladi va mavjud yo‘nalishlardagi eskirgan  avtobuslar yangilanadi.

Toshkent xalqaro aeroportining yangi terminalini barpo etish bilan bir qatorda Buxoro – Miskin temir yo‘l tarmog‘i qurilishini yakuniga yetkazish va elektrlashtirish, Qarshi – Termiz, Pop – Namangan – Andijon – Qo‘qon temir yo‘llarini elektrlashtirish ishlari ham nazarda tutilmoqda. Aholiga ko‘mir yetkazib berish tizimini takomillashtirish, uning narxi sun’iy ravishda oshib ketishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.

Maktabgacha ta’lim-tarbiya tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash e’tibor markazida bo‘ladi.

Hamshira ishi - Sputnik O‘zbekiston
Tibbiyot sohasi xodimlari maoshi oshirildi

Sog‘liqni saqlash sohasini yanada isloh etish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash maqsadida qishloq vrachlik punktlari, tez tibbiy yordam xizmati, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini yanada yaxshilash hamda xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq choralar ko‘riladi.

Ayollarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. 

Yoshi ulug‘ insonlar, yolg‘iz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha alohida dastur qabul qilish rejalashtirilmoqda. "Nuroniy" jamg‘armasining maqomi va mavqeyini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida ahamiyat beriladi.

Ma’naviy-ma’rifiy sohada eng muhim va dolzarb vazifa – yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan yoshlarni tarbiyalash, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hissini yuksaltirish, ular qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni shakllantirishdan iborat.

Bu boradagi siyosat yangi qabul qilingan "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi qonun talablari asosida qat’iy davom ettiriladi.

"Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati barcha yoshlar intiladigan, ularning qobiliyat va iqtidorini ro‘yobga chiqaradigan va manfaatlarini haqiqiy himoya qiladigan tashkilotga aylantirilishi zarur.

"Mamlakatimiz hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaydi, boshqa davlatlarning harbiy baza va obyektlari O‘zbekiston hududida joylashtirilishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz hududidan tashqarida bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi", — deyiladi dasturda.

Mazkur maqsad va vazifalarni hayotga to‘liq tatbiq etish uchun 2017–2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha Harakat strategiyasi loyihasi ishlab chiqilgan.

Yangiliklar lentasi
0