TOShKENT, 24 okt – Sputnik. O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2016-yilning 9 oyidagi faoliyati sarhisob qilindi, deb xabar qiladi vazirlik axborot xizmati.
Majlisda qayd etilishicha, hisobot davrida asosiy murojaatlar telekommunikatsiya xizmatlari, xususan, simli va mobil aloqa hamda internet xizmatlariga tegishli.
Shu munosabat bilan "O‘zbektelekom" AJ va uning filiallari rahbarlariga, mobil aloqa operatorlari rahbarlariga yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan ishlashning samaradorligini oshirish bo‘yicha chora va tadbirlar ko‘rish vazifasi topshirildi. Shu bilan birga, telekommunikatsiya va pochta aloqasini taqdim etuvchi operatorlarga xizmatlar sifatiga bog‘liq murojaatlarga operativ javob berish tizimni yaxshilash kerakligi aytildi.
Shuningdek, mushtariylarning qo‘ng‘iroqlari bilan ishlovchi Call-markazlarning ishini yaxshilash kerakligi ta’kidlandi. Jumladan, Call-markazlari xodimlarining professional va mijozlarning xizmat sifatiga oid taqdim etilayotgan shikoyatlariga javob berish ko‘nikmalari yaxshilash zarurligi aytildi.
Yilning oxiriga qadar aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun 20dan ziyod zamonaviy interaktiv xizmatlar joriy etish, AKT joriy etish bo‘yicha 15 ta loyihani amalga oshirish, mamlakat hududlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha 148 ta manzilli loyihalarni amalga oshirish, optik-tolali aloqa liniyalari asosida keng polosali Internet xizmatlarini yanada rivojlantirish, elektron hukumat tizimi uchun ma’lumot markazini tashkil etish, telekommunikatsiya tarmoqlari ishonchliligini oshirish hamda axborotni himoya qilish va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.
Majlisda vazirlik tizimidagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, aloqa operatorlari va provayderlarga mijozlardan tushgan murojaatlarga javob qaytarish ustidan nazoratni kuchaytirish, ariza beruvchilar bilan rasmiy saytlar va telefon orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.