O‘zbek militsiyasining kechasi va buguni

Obuna bo‘lish
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasining "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonuni qabul qilindi - shu bilan o‘zbek militsiyasi o‘zining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi

TOShKENT, 27 sen — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Darvoqe, "o‘zbek militsiyasi" deyishning o‘zi g‘alati. Bugun "militsiya" so‘zi ishlatilmaydi, rasmiy muomaladan chiqarilgan. Qayd etib o‘tilgan qonunda ham u haqda hech qanday so‘z aytilmagan. Uning o‘rniga "ichki ishlar organi" iborasi qo‘llaniladi. Bu biroz kengroq va hajmliroq bo‘lgan ibora "militsiya" so‘zining to‘liq funksiyasini berolmaydi, lekin shunday qabul qilingandan keyin, nima ham derdik.

Darvoqe, "militsiya" so‘zi haqida: qadimgi Rimda qurollangan ko‘ngilli, xalq drujinachilari "militsiya", deb atalganmish. Politsiya esa o‘z navbatida shaharda tartib-qoidalarni himoyalaydigan bo‘linmalar bo‘lgan.

Sobiq Ittifoqda militsiya xizmati paydo bo‘lishi tarixi

Oktabr to‘ntarishidan keyin, yangi sovet hukumati o‘zini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash (kim-kim, lekin to‘polonchi bolsheviklar tartib haqida ma’lum tushunchaga ega bo‘lgan) maqsadida huquq-tartibot himoyasi organini tuzish muammosi bilan duch keladi. Va davlat asoschisi Leninning ta’limotiga ko‘ra, huquq-tartibotni saqlash uchun o‘qimishli, professionallardan tashkil topgan organ bo‘lishi lozim ham emasdi.

Shunday qilib, 1917-yilning 10-noyabrida (yangi tavqim bo‘yicha) ko‘ngilli, qurollangan shaxslardan iborat militsiya tuziladi. Nomi ham shunga yarasha bo‘ladi. Shu tarzda havaskorlardan iborat ichki ishlar organi tashkil topgan va biz ko‘rib chiqayotgan nomga asos solingan edi. Dastlabki yillarda ushbu tashkilotda buyuk yumoristlar M.Zoshchenko va E.Petrovlar ham bir muddat faoliyat ko‘rsatganida qandaydir ramziylik borga o‘xshaydi.

O‘zbek militsioneri - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev militsionerlar to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
Aytish lozim, sovet hukumati, garchi militsiya organlari uchun xodimlar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlari tashkil etgan, minglab mutaxassislar tayyorlagan bo‘lsa-da, oxirigacha o‘z tamoyiliga sodiq qoldi – militsiya organlariga fuqarolik o‘quv yurtlarini bitirgan oliy ma’lumotli mutaxassislar xizmatga olinaverdi, partiya va komsomoldan yo‘llanma bilan kelgan rahbarlar ularga rahbarlik qildi. Qaysidir ma’noda militsiya oxirigacha ko‘ngilli qurollangan tashkilotligicha qoldi.

O‘zbek militsiyasi ham aynan shu yillarda shakllangan bo‘lsa-da, mustaqillik davrida o‘ziga xos yo‘lni bosib o‘tib, ma’lum tajribaga ega bo‘ldi.

Mustaqillikdan oldin jamiyatdagi vaziyat haqida ikki og‘iz so‘z

O‘tgan asrning 80-yillari o‘rtasida boshlangan evrilishlar sekin-astalik bilan, lekin qat’iy ravishda mamlakatda amaldagi qonunchilikni yerparchin qilib bordi. Davlatdan putur ketishi bilan bir vaqtda jamiyatda u tomonidan joriy etilgan tartib-qoidalari ham obro‘sizlanib bordi. Natijada jamiyatda sekin-asta qamoqxonalarda mahkumlar tomonidan o‘ylab topilgan tartib-qoidalar asosiy o‘ringa chiqa boshladi. 90-yillarning boshiga kelib, qamoqda o‘tirib chiqqanlar jamiyatda obro‘li kishilar safiga kirib, o‘qimishli, ziyoli, qonunlarni hurmat qiladigan fuqarolar masxara obyektiga aylandi. Jamiyatda jinoyatchilik avj oldi.

Ichki ishlar avtomobili - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
Xuddi shunday sharoitda O‘zbekistoning birinchi Prezidenti Islom Karimov jamiyatda huquq-tartibotni mustahkamlashga astoydil kirishdi. 1990-yilda Jinoyat Kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilib, militsiya xodimini o‘ldirganlik, unga jarohat yetkazganlik uchun javobgarlik oshirildi. 1991-yilning 25-oktabrida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan shu paytga qadar bevosita sobiq SSSR IIV tasarrufida bo‘lgan Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston hukumati ixtiyoriga o‘tkazildi.

1992 yili ichki ishlar organlari xodimlarining ijtimoiy himoyasini oshirish borasida tegishli qaror qabul qilindi.

1993 yildan boshlab esa jamiyatga uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash ishlari jonlantirildi. Shu maqsadda ichki ishlar organlari tizimlari bosqichma bosqich o‘zgartirilib, qayta tashkil etib borildi.

Ichki ishlar organlari tizimlari bosqichma bosqich professional tizimga o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar xodimi - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston IIVda qator lavozim o‘zgarishlari amalga oshirildi
Xususan, muqaddam, sovet tuzumi davrida har qanday militsioner sekin-astalik bilan unvoni oshib borgan, "starshina" unvonigacha yetib, qandaydir lavozimni egallagan bo‘lsa, 2000-yillardan boshlab, o‘zbek militsiyasida  hatto "kichik serjant" unvonini olish uchun ham ma’lum muddat Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga tanlov asosida, kirish imtihonlarini topshirib, o‘qishi belgilab qo‘yildi. Yana bir qiziq jihati, Akademiyada serjantlikka o‘qish uchun hujjat topshirish uchun ham kamida kasb-hunar kollejining yoki litseyning diplomiga ega bo‘lish lozim. Asosan esa fuqarolik oliy o‘quv yurtlarini tugatib kelgan oliy ma’lumotlilar qabul qilinadi.

Militsiyani professional o‘zakka o‘tkazish maqsadida mustaqillikning dastlabki yillari Toshkent Oliy militsiya maktabi IIV Akademiyasi sifatida qayta tashkil etildi. Akademiya va Yong‘in xavfsizligi Oliy texnika maktabi safiga yangi oliy o‘quv yurti – Toshkent oliy-harbiy texnika bilim yurti qo‘shildi.

Shunday qilib, IIV tizimlari uchun Akademiya – huquqshunoslar, turli yo‘nalishlar uchun serjantlar, Toshkent oliy-harbiy texnika bilim yurti komandirlar, texnik xodimlar, iqtisodchilar tayyorlab beradigan bo‘ldi.

2000-yillarning boshiga kelib, IIV tizimlarining bir qator xizmatlarida tub islohotlar amalga oshirildi. Bunda asosiy e’tibor jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning profilaktikasi, jamoat tartibi va xavfsizligi yo‘nalishlari bosh masala qilib qo‘yildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘zbek militsiyasi shakllanib professional darajaga yetdi. Bularning hosilasi sifatida yaqinda dunyoning 142 ta mamlakatida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra O‘zbekiston dunyo mamlakatlari orasida eng tinch va xotirjam davlatlar qatorida ikkinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekistonda militsiya xodimlarining mavqeyi qanday?

Aytish kerak, O‘zbekistonda militsiya faoliyatining kuchli targ‘iboti mavjud emas. Uning ishlari to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida chiqishlar kam, filmlar deyarli ishlanmaydi, badiiy asarlarni esa onda-sonda uchratish mumkin.

Rossiya IIVda bo‘lgani kabi, ommaviy axborot vositalari orasida tanlovlar o‘tkazilmaydi. Shunga qaramay,  xalq militsiyani hurmat qiladi. Albatta, bu hurmatni cheksiz-chegarasiz deb bo‘lmaydi. Biroz shubhalanishga o‘xshash tuyg‘ular ham bor. Albatta-da, ichki ishlar organlari xayriya tashkiloti emas. Mamlakat ichida tartib-qoidani ta’minlaydi, uni buzganlarni tartibga chaqiradi. Shunday ekan, militsiyani hammaning birday sevishi va hurmat qilishi mumkin va, umuman, shart ham emas. Ishonchning o‘zi bas!

O‘rni kelganda, aytish lozim, ichki ishlar organlarida ishlashning og‘ir jihatlari ko‘p. Muntazam jamiyatning eng betartib, qaysar va urishqoq qismi bilan muomalada bo‘lishga, ularga choralar ko‘rishga majbur. Buning uchun birovdan rahmat eshitishni xayolga ham keltirish og‘ir.

Jinoyatda gumon qilib, hibsga olinganlar. - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbek militsioneri oilasi qotillariga 15-yildan 25-yilgacha qamoq jazosi berildi
Shuning uchun bo‘lsa kerak, qadimgi Rimda fuqarolar politsiyada ishlashni or bilishgan. Ular politsiyada ishlamaslik uchun o‘zlarini qullar hibsga olishga ham rozi bo‘lganlar.

Albatta, hozir bu darajada emas. Yuqorida qayd etib o‘tilgan qonunda ichki ishlar organi xodimlari zimmasidagi vazifaning qanchalar murakkabligi, bu vazifani bajarish oqibati nafaqat uning o‘ziga, balki oila a’zolariga ham ma’lum muammolarni ketirib chiqarishi mumkinligi e’tiborga olingan.

Xususan, xodimning oila a’zolariga boquvchisini yo‘qotganlikda pensiya ta’minoti, xodim, uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq holatda yetkazilgan zararning o‘rnini davlat budjetidan qoplash, xizmat vaqtida halok bo‘lgan xodimlarning farzandlarini oliy harbiy ta’lim muassasalariga qabul qilishda imtiyozlar berilishi mumkinligi shular jumlasidan.

Militsionerlar tomonidan qurol qo‘llanilishi xususida ikki og‘iz so‘z

Yana bir holat to‘g‘risida to‘xtalib o‘tish lozim. Bu bizning jamiyatimiz uchun o‘ta nozik bo‘lgan qurol qo‘llash masalasi.
Albatta, AQSh bilan solishtirish biroz o‘ng‘aysiz, lekin ommaviy axborot vositalariga ko‘ra AQShda shu yilning dastlabki 6 oyida fuqarolarga nisbatan 500-marta qurol qo‘llanilgan. O‘zbekistonda esa shu davrda militsiya tomonidan fuqarolarga nisbatan umuman qurol qo‘llanmagan.

Fuqarolar qo‘lida millionlab qurollar saqlanayotgan, o‘qotar qurol olish muammo bo‘lmagan AQShda shunchalar qattiqqo‘llik qilinmasa ham bo‘lmas balki. Lekin kishini quvontiradigani, o‘zbek militsiyasi, hatto qonun qurol qo‘llashga ruxsat berib, shunday huquq bilan ta’minlagan hollarda ham undan foydalanmaslikka harakat qiladi.

Buning sababini nafaqat huquq va qonunlardan, balki, milliy mentalitetdan ham qidirishga to‘g‘ri keladi.

Yana bir jihati, o‘zbek militsiyasi o‘z faoliyatini tahlillar asosida tashkillashtirishda ancha ilgarilab ketgan. Bunda nafaqat o‘z xatolari, balki o‘zgalarning kamchiliklaridan ham tegishli xulosalar qilishga jiddiy e’tibor beradi.

Shunisi bilan o‘zbek militsiyasi dunyoning ilg‘or huquq-tartibot idoralari qatoriga kirsa kerak.

Deylik, Fransiya va Belgiyada sodir etilgan terrorchilik va qo‘poruvchiliklardan keyin, Nissada, mustaqillik bayrami vaqtida sayrga chiqqan fuqarolarni terroristning ixtiyoriga topshirib qo‘yilishini qanday tushunsa bo‘ladi?

Albatta, Fransiya politsiyasini ayblash fikridan yiroqmiz, lekin uning vazifasi nima o‘zi? Hech bo‘lmasa bayram kuni hushor bo‘lish kerak emasmi? Xalq soliq to‘layapti, "shu davlat, shu politsiya meni himoya qiladi", deb ishonib, bola-chaqasi bilan sayrga chiqqan… Uni esa…

Fransiya politsiya xizmati xodimlari - Sputnik O‘zbekiston
Fransuz politsiyachisi mamlakat prezidenti va Bosh vazir bilan qo‘l berib ko‘rishishdan bosh tortdi
Alaqanday tadbir vaqtida Fransiya prezidenti qo‘l uzatganda bir politsiya xodimi nomayishkorona tarzda u bilan ko‘rishishdan bosh tortdi. Bu politsiyaning nochor ahvolidan noroziligi emish.

Politsiya xodimi norozilik bildirishi?! U yo burchni bajarishi yoki arizasini yozib, bo‘shab ketishi kerak, tamom! Axir, hatto "Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt"da ham politsiya xodimlariga kasaba uyushmalariga birlashish, ish tashlash taqiqlanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan. Shunday ekan, xalqning shunchalar jabr chekishiga sabab bo‘lib turgan bir paytda, politsiya xodimining norozilik bildirishga ma’naviy haqqi bormi?

Politsiya o‘zini shunchalar kamsitilgan hisoblayotgani sababli ham, balki terrorchilik o‘zini emin-erkin his etayotgandir? Mayli, bu Fransiyaning muammosi va o‘zlari hal qilib oladi.

Aytmoqchi bo‘lganim, o‘zbek militsiyasi norozilik bildirgani, shikoyat qilganini shaxsan men eshitmaganman. Bu ularda hammasi silliq, tekis degani emas, albatta. Muammo har yerda ham bo‘ladi, ularni xalqningg tinchligi va xavfsizligiga daxl qilmagan, xalaqit bermagan holda hal qilishga harakat qilinadi. Bu o‘zbek militsiyasining burchga sadoqati anchayin mustahkamligini ko‘rsatadi.

Yangi qabul qilingan qonunda ham milliy mentalitetdan, sharoit-sharoitlardan kelib chiqqan holda, qurol qo‘llash tartiblari belgilab qo‘yilgan. Xususan, ichki ishlar organlari xodimlariga faqat hujum, aniq jinoyatlar jarayonida qurol qo‘llash ruxsat berilgan. Shunda ham tasodifiy shaxslar jabrlanishi ehtimoli mavjud bo‘lsa har qanday holatda, shuningdek, ayollarga, nogironlarga va bolalarga nisbatan qurol qo‘llash mumkin emas.

Demak, o‘zbek militsiyasi o‘z an’analariga sodiq qoladi. Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab davlat siyosatiga aylangan tamoyil – inson hayoti eng muqaddas omil.

Shu o‘rinda yana bir gap. Yangi qonunda "Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi"ga (27-modda) xilof ravishda ichki ishlar organlari xodimlariga badiiy ijod bilan shug‘ullanish, aniqrog‘i, ushbu faoliyat uchun moddiy manfaatdor bo‘lish taqiqlab qo‘yilgan. Buyam korrupsiyaga qarshi kurashning bir yo‘li bo‘lsa kerak-da(!).

Mamlakatning birinchi Prezidenti I.Karimov vafot etganda O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasiga bir yosh ayol kelib, "Men bolalarimni shu insonga ishonib, O‘zbekistonga tashlab kelgan edim, endi nima qilaman?" deb uvvos solib yig‘lagan edi.

Ishonamanki, o‘zbek militsiyasi bundan keyin ham farzandlarimizni hech kimga xor-zor qilib qo‘ymaydi!

O‘zbekiston ichki ishlar organlari xodimlarini, sal ertaroq bo‘lsa-da, kirib kelayotgan bayramlari bilan samimiy qutlayman!

Yangiliklar lentasi
0