TOShKENT, 28 apr — Sputnik, Dilshoda Rahmatova, Anastasiya Aleksandrova. Keyingi paytlarda Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlar orasida besh yildan buyon Rossiyadan O‘zbekistonga bormay yurganlarni fuqarolikdan mahrum qilishayotganmish, degan gaplar “bolalab” ketdi. Kimdan so‘ramang, “ha, shunday deyishapti”, degan gapni aytadi. Sputnik korrespondentlari ushbu ma’lumotda qanchalik jon borligini aniqlashga harakat qilib ko‘rishdi.
Yangi, biometrik pasportni olishga ulgurmagan migrantlar uchun shu kunlarda Vatanga qaytish masalasi o‘ta dolzarb muammoga aylangan. Ana shunday, mish-mishlar “qurboniga” aylangan qashqadaryolik yigit tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, bu masalada unga yordam berishimizni iltimos qildi. Yigitning so‘zlariga qaraganda. U yetti yildan beri Rossiyada yashab, mehnat qiladi. O‘zbekistonga shu vaqt oralig‘ida biror marta bormagan. Shu bilan birga, unda O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechish niyati yo‘q. Keyingi paytlarda Rossiyada migratsiya borasida qabul qilingan yangi qonun-farmoyishlardan so‘ng, qahramonimiz muammolarga duch kelgan. Hozirda eski – nobiometrik pasport bilan hatto, unga ishlash huquqini beradigan patentni rasmiylashtira olmasligi uchun, u O‘zbekistonga qaytib ketishga majbur. Ammo… Ortga qaytish oldidagi qo‘rquv Rossiyada hujjatsiz yurish qo‘rquvidan-da ustun kelmoqda unda…
“Hozir O‘zbekistonda besh yildan buyon Rossiyada yurganlarni fuqarolikdan mahrum qilishayotganmish. Yaqinda O‘zbekistondan kelgan o‘rtog‘im ham bu gapni tasdiqladi. Boshim qotgan, qanday yo‘l tutishni bilmayapman, ortga qaytay desam, fuqarolikdan mahrum qilishsa… Menga yordam bering, boshimga musibat tushgan”, — dedi tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilgan yigit.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Migratsiya xizmati Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan alohida nazorat ostiga olingan. Rossiya Federal Migratsiya Xizmati faoliyatida ma’lum nuqsonlar aniqlanganidan keyin, chet el fuqarolari ustidan ommaviy tekshirish ishlari boshlandi. Migratsiya xizmati (FMS) patrullari Moskva va Moskva viloyatlarida odam gavjum transport bekatlari yaqinida navbatchilik qilmoqda.
Mamlakat hududida bo‘lish tartibini buzgan migrantlarga nisbatan sud ishi qo‘zg‘atilib, ular Rossiya hududidan chiqarib yuborilmoqda, shuningdek, qonunga zid ravishda migrantlar mehnatidan foydalanib kelayotgan yuridik shaxslarga nisbatan ham qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin "Rossiya hududida migrantlarning noqonuniy harakatlanishiga imkon beruvchi qonunbuzarliklar sxemasi aniqlanib, yo‘qotilsin", deya farmon berdi, hatto.
Federal Migratsiya Xizmati vazifalari Rossiya Ichki Ishlar Vazirligi zimmasiga yuklatilgani migratsiya muammosi shu kunlarda Moskva hukumati tomonidan mamlakat xavfsizligiga dahl qilish sifatida qabul qilinayotganidan darak bermoqda.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri ushbu muammoga oydinlik kiritish maqsadida, O‘Zbekiston TIVga qo‘ng‘iroq qildi.
"O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilish haqidagi ma’lumot – O‘zbekiston Respublikasidan doimiy ro‘yhatdan chiqib ketganlarga ko‘proq tegishli. Hozirgi sharoitda migrant, ya’ni vaqtincha chet elga ishlashga chiqqan O‘zbekiston fuqarosi, zudlik bilan O‘zbekistonga qaytib, biometrik pasport olishi kerak”, — deb ta’kidlashdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot-xizmatida.
Umumrossiya O‘zbeklar Kongressida ham “Besh yil Rossiyada yurgan o‘zbekistonliklarni fuqarolikdan mahrum qilishayotganmish” degan mish-mishlar asossiz ekanligini tasdiqlashdi.
"Fuqarolikdan mahrum qilish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi, deylik, fuqaroda oppozitsion kayfiyat borligi ma’lum bo‘lsa, u fuqarolikdan mahrum qilinishi mumkin. Ya’ni, bunday qilinishiga jiddiy asos kerak bo‘ladi. Shu sababli, Rossiyada vaqtincha yashab, mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari, shu jumladan qashqadaryolik yigit ham havotir olmasligi mumkin. Bu yerda mavjud bir muammo shundaki, O‘zbekiston hududiga nobiometrik pasport bilan qaytish uchun sertifikat rasmiylashtirish talab etiladi. Buning uchun, Rossiya hududida nobiometrik pasport bilan yurgan O‘zbekiston fuqarosi Moskvadagi konsullik vakolatxonasiga shaxsan murojaat etishi lozim”, — deb ta’kidlashdi uyushmada.
O‘zbekiston Respublikasiga qaytish uchun sertifikat rasmiylashtirish tartibi
O‘zbekiston Respublikasiga qaytish uchun sertifikat vaqtincha chet elda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqini beruvchi hujjat hisoblanadi, va chet elda ularning harakatlanish hujjati (O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti, 16 yoshga to‘lmagan O‘zR fuqarosining guvohnomasi, fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning guvohnomasi) yo‘qolgan (yaroqsizlangan) hollarda beriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chet elda bo‘lgan vaqtlarida pasportlarining amal qilish muddati tugaganida qaytish uchun sertifikat rasmiylashtiriladi.
Bundan tashqari, ota-onalarining yoki boshqa qonuniy vakillarining pasportlari asosida chet elda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 16 yoshga to‘lganda qaytish uchun sertifikat berilishi mumkin.
Arizachida harakatlanish hujjati mavjud emasligi sababli uning shaxsini tasdiqlash zarur bo‘lganida, qaytish uchun sertifikat faqatgina pasport yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning guvohnomasini bergan O‘zR ichki ishlar idoralarining tegishli tasdiqlovchi hujjati olinganidan so‘ng beriladi.
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, qaytish uchun sertifikatni rasmiylashtirish muddati arizachi tomonidan chet eldagi konsullik muassasasiga taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘liqligiga qarab, 5 ish kunigacha davrini tashkil etishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat yo‘qolganligi (yaroqsizlanganligi) yuzasidan murojaatlari shaxsan arizachi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi konsullik muassasalari qabul qilish kunlari va soatlarida amalga oshiriladi.
Sertifikatni olish uchun konsullik muassasasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etish kerak:
- to‘ldirilgan elektron ariza-anketa;
— muddati tugagan/yaroqsizlangan pasport/16 yoshgacha shaxsning guvohnomasi/FBSh guvohnomasi;
— ikkita fotosurat (35x45mm);
— sertifikatga yozib qo‘yiladigan har bir bolaning ikkita fotosurati (35x45mm);
— arizachi ishlaydigan, o‘qishda, davolanishda yoki xizmat safarida bo‘lgan tegishli tashkilotning tasdiqlovchi hujjati;
— o‘rnatilgan miqdordagi konsullik yig‘imi;
— qaytarib yuborish uchun puli to‘langan konvert (zaruriy holda).
Bundan tashqari, yo‘qotilishi yoki o‘g‘irlanishi natijasida arizachining harakatlanish hujjati mavjud bo‘lmagani holda quyidagi qo‘shimcha hujjatlar kerak:
— yo‘qotilgan/o‘g‘irlangan pasport nusxasi (agar bor bo‘lsa);
— arizachining harakatlanish hujjati yo‘qolganligi to‘g‘risida ariza bilan murojaat etganligini tasdiqlovchi doimiy yashash joyidagi mamlakatning vakolatli idoralarining rasmiy hujjati;
— arizachi tashrif buyurgan mamlakat vakolatli idoralari tomonidan berilgan va arizachining harakatlanish hujjati yo‘qolganligi/o‘g’ilanganligi to‘g‘risida ariza bilan murojaat etganligini tasdiqlovchi rasmiy hujjat.
Qaytish uchun sertifikat bir oygacha bo‘lgan muddatda amal qiladi. Istisno holatlarda (sog‘liq bilan bog‘liq vaziyat, aviabilet yoki temir yo‘l biletining yo‘qligi, qamoqda bo‘lish, xorijiy vakolatxona yo‘q davlatda bo‘lish va boshqalar) uch oygacha bo‘lgan muddatga berilishi mumkin.
Sertifikatning amal qilish muddati uzaytirilmaydi.
Sertifikat O‘zbekistonga qaytish uchun mo‘ljallangan va faqatgina shu maqsadda amal qiladi.
Izoh:
Qaytish uchun sertifikat berilgan shaxs O‘zbekistonga kelganidan so‘ng yangi pasportni rasmiylashtirish uchun doimiy yashash joyidagi ichki ishlar idoralariga ushbu sertifikatni topshirishi shart.