TOShKENT, 5 apr — Sputnik, Dilshoda Rahmatova, Mariya Sheludakova. Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyadagi o‘zbeklarga “qirg‘iz pasportini olishni” taklif qilayotgan firibgarlar soni ortib bormoqda. Firibgarlar o‘z domiga ko‘proq "o‘lja" ilintirish payida qirg‘iz pasportining afzalliklarini sanab o‘tishgan. Shunday qilib, ushbu soxta hujjat egasi “muammosiz ishga joylashish, ko‘chada behavotir yurish va eng muhimi, patent singari “bosh og‘riqdan” butunlay xalos bo‘lish imkoniga ega bo‘lishi” aytilmoqda.
Gap shundaki, Qirg‘iziston YeOII(Yevroosiy iqtisodiy ittifoqi”)ga a’zo bo‘lganidan so‘ng, Qirg‘iziston fuqarolariga Rossiyada ishga joylashish tartibi ancha osonlashtirildi. Patent to‘lovi oylik maoshiga “og‘irlik” qilayotgan va umuman, hali hatto biometrik pasportga ega bo‘lmagan ayrim O‘zbekiston fuqarolari orasida, ortiqcha dahmazadan qutulish uchun shunday pasportni xarid qilishga shoshilayotganlar ham topilmoqda.
Soxta qirg‘iz pasportiga egalik qilish “qanchaga tushishi mumkin” va shu mavzu atrofidagi boshqa savollarga eskpertalar javobini e’tiboringizga havola qilamiz.
Sputnik muxbiri nolegal migrant qiyofasida yordam so‘rab shunday firibgarlarning biriga qo‘ng‘iroq qildi. Aytib o‘tish joizki, tibbiy daftarchadan tortib, Rossiya fuqarosi pasportigacha hujjatlarni rasmiylashtirib berishga va’da beruvchi idoralar telefon raqamlari internetda xohlagancha topiladi.
Bunday xizmat turi uchun to‘lovlar miqdori ham ancha salmoqliligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Xullas, idoraga qo‘ng‘iroq qilib: Rossiya pasporti uchun to‘lov 80 ming rubldan boshlanishini, qirg‘iz pasporti esa – atigi 5 ming rubl turishini, barcha to‘lov cheklari ichiga kiritilgan soxta patent – 15 ming rubl, tibbiyot daftarchasi – 1,5 ming rubl, “toza” registratsiya esa 2 ming rubl turishini bilib oldik.
"Albatta, yordam beramiz", — dedi savolimga javoban maftunkor ovoz sohibasi. "Migratsiya qog‘ozi bormi sizda? Patent “toza” bo‘lsinmi? Albatta, yordam qilamiz, ikki haftada qo‘lingizda bo‘ladi". Go‘shakning narigi tomonida turib tinmay javrayotgan ayol, qiziqib savol berganimga, puli ko‘p degan fikrga bordi, shekilli, barcha muammolardan bir yo‘la xalos bo‘lishim uchun bir yo‘la Rossiya pasportini olishga ko‘ndira boshladi.
“Patentga bir yilda bundan ko‘p sarflaysiz yaxshisi pasport olaqoling. Atigi 80 ming rubl turadi. Xohlagan ishga joylashishingiz mumkin”. Darvoqe, 80 ming rublga Rossiya fuqarosi pasportini tayyorlab berishga(!) va’da bergan ayol, ko‘cha-kuyda pasportning asl nusxasi emas, balki kserokopiyasini olib yurishim kerak bo‘lishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Rossiya politsiyachilariga hujjatning asl nusxasi nima uchun “yoqmay qolishi” mumkinligiga “uddaburro” xonim aniqlik kiritishni xohlamadi.
"Yoshlar ishni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqadi”
“Migratsiya va qonun” axborot-huquqiy markazi rahbari Gavhar Jo‘rayeva Sputnik agentligiga nima uchun ayrim o‘zbekistonliklar, bu jiddiy tavakkalchilik ekaniga qaramay, qonunni “aylanib o‘tishga” harakat qilishayotganiga izoh berdi. Eslatib o‘tamiz, soxtalashtirilgan hujjatdan foydalanganlik uchun Rossiya qonunchiligida olti oygacha qamoq jazosi, ikki yilgacha ahloq tuzatish ishlari yoki 80 ming rubl miqdorida jarima ko‘zda tutilgan.
"Rossiyada o‘zbeklar soni qirg‘izlar va tojiklar umumiy sonidan ko‘proqni tashkil etadi. O‘zbekistonlik migrantlar son jihatdan ukrainalik va qozog‘istonlik migrantlardan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Rossiyadagi o‘zbek migrantlari asosan yoshlardan iborat. Ular esa, begona muhitga moslashishga ko‘pam odatlanmagan. Buning uchun vaqt talab etiladi.
Rossiyadagi shart-sharoitga ko‘nikkanlarning aksariyat qismi esa, kasallik yoki patent to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshirmaganliklari tufayli “deport” qilingan. Xullas, bu muhim emas, asosiysi, o‘sha Rossiya hududidan chiqarib yuborilganlar o‘rniga yoshlar kelmoqda. Yoshlar esa bugungi kundagi Rossiyadagi hayotga, ularni kutayotgan muammolar yechimini topishga tayyor emas”, — deydi migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert.
Jo‘rayevaning fikricha, yirik klining kompaniyalarida yoki quruvchilik tijoratida faoliyat yurituvchi o‘zbekistonliklar yaxshi ish joyini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqishadi va iqtisodiy inqiroz vaqtida daromadsiz qolmaslik uchun har narsaga borishga tayyor.
Eskpertning fikricha, firibgarlar qarmog‘iga chorasiz qolgan “mehnatkashlar” ko‘proq ilinmoqda.
Patent bosh og‘rig‘iga qarshi dori
Shunday “mehnatkashlardan” biri Sputnik muxbiriga o‘zining achchiq tajribasi haqida so‘zlab berdi. “Rossiyada O‘zbekiston fuqarolari to‘qson kun turish huquqiga ega. Ya’ni, agar patent rasmiylashtirmagan bo‘lsangiz, uch oy ichida O‘zbekistonga qaytib ketishingiz shart. Rossiya hududiga esa oradan uch oy o‘tib qaytib kirish mumkin bo‘ladi. Men talab etilganidek, chegaraga chiqib keldim, qaytib kelib ro‘yhatdan o‘tmoqchi bo‘lganimda, FMSdan Rossiya qonunchiligini buzganligim uchun, ya’ni O‘zbekistonda uch oy emas, atigi bir oy turib qaytganim uchun ro‘yxatdan o‘tkazmasliklari haqida rasmiy tushuntirish xatini oldim. Qaytib ketishga pulim yo‘q, bunday muammoga tayyor emasligim aniq bo‘lib qoldi. Nima qilishni bilmay turganimda, tanishlardan biri soxta hujjatlarni rasmiylashtirish bilan shug‘ullanadigan odamlarning telefon raqamini berdi. O‘sha idora orqali 2500 rublga “toza” registratsiya qildirib, patentga topshirdim. Rossiya qonunchiligiga amal qilmaydigan bo‘lsangiz, bosh og‘riqlardan qutilmasligingiz aniq. Rus tilini yaxshi bilmaydigan va qonunchilikni yaxshi tushunmaydigan hamurtlarim uchun Rossiyada yashab, mehnat qilish oson kechmayotganini aytishim mumkin”, — deydi suhbatdosh.
Oziq-ovqat magazinlaridan birida yuk tashuvchi bo‘lib ishlayotgan Oybek olti yildan buyon Rossiyani tark etmagani haqida aytib qoldi. “Hujjatsiz qanday yashab kelayapsiz?” degan savolga u quyidagicha javob qaytardi: “Rossiyada nobiometrik pasportga patent rasmiylashtirmay qo‘yishdi. Yurtimga qaytishni rejalashtirganim ham yo‘q, sababi tayinli kasb-korga ega emasman, qaytsam, ish topolmay, sarson bo‘laman. Mana shu davr mobaynida soxta registratsiya va soxta patent bilan ishlab yuribman. Ish beruvchilar, meni rasman ishga qabul qilmaganliklari uchun ularga ko‘rsatgan hujjatlarim soxta ekanidan bexabar. Soxta patentlar, bir yillik to‘lovi bilan Kazanskiy vokzalda har bir burchakda sotiladi”, — deb “sirlashdi” suhbatdosh.
“Yaqinda bir o‘rtog‘im 5000 rublga qirg‘iz pasportini olib, patent g‘avg‘osidan qutilishni taklif qildi. Hozircha o‘ylanib turibman…”, — tan oladi Oybek.
Rossiya hukumati rahbarlari mamlakat chegarasini kesib o‘tishda qonunbuzarlik holatlari takrorlanadigan bo‘lsa, keskin choralar ko‘rilishi lozimligi haqida bir necha bor ta’kidlashgan. Agar ushbu tashabbus ma’qullansa, nolegal migrantlarga nisbatan qamoq jazosi qo‘llaniladi. Soxta pasportga ega migrantlar esa Rossiya qonunchiligida to‘rt yildan olti yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Shunday ekan, “qirg‘iz pasporti” shunday tavakkachilikka qo‘l urishga arziydimi, yaxshilab o‘ylab ko‘ring!
“Boshimni qayga uray?”
Yuz bergan iqtisodiy inqiroz tufayli ayrim vijdonsiz ish beruvchilar o‘z qo‘l ostida ishlayotgan migrantlarga oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lamasliklari va hattoki, pul bermay ko‘chaga haydash holatlari ham ko‘p uchramoqda. Bunday hollarda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan O‘zbekiston fuqarolari hatto, qayerga murojaat etishni ham bilishmaydi. Migrantlarga huquqiy savodxonlik yetishmasligi — inkor etib bo‘lmaydigan holat. Firibgarlar ana shunday “boshini qayerga urishni bilmay qolgan” migrantlardan foydalanishmoqda. O‘zbekiston fuqarolari qiyin vaziyatga tushib qolishsa, Moskva shahridagi Umumrossiya O‘zbeklar Kongressiga murojaat etishlari mumkin, — deydi Umumrossiya O‘zbeklar Kongressi prezidenti Ibrohim Xudoyberdiyev.
— Afsuski, mana shunday tashkilotlar borligi haqida aksariyat o‘zbekistonliklar umuman bilishmaydi. Bu haqda ma’lumot tarqatish bilan O‘zbekiston elchixonasi va konsulligi shug‘ullanishi lozim, — deb ta’kidlaydi Ibrohimov.
Xudoyberdiyev o‘zbekistonliklar orasida qalbaki hujjatlarni xarid qilayotganlar borligini tasdiqladi. “Ammo bu juda kam uchraydigan holat. Bu ishning oxiri "voy" ekanini migrantlar yaxshi anglamoqlari lozim”, — qo‘shimcha qildi u.
Umumrossiya O‘zbeklar Kongressi sayti orqali Rossiya hududida yashab mehnat qilayotgan o‘zbeklar qanday haq-huquqlarga ega ekanliklari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Bundan tashqari, Kongress xodimlariga qo‘ng‘iroq qilish yoki ularning elektron manziliga o‘zingizni qiynayotgan masala borasida savol bilan murojaat etishingiz ham mumkin.
Tashkilot maosh to‘lanmasligi, hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalarni hal etish bilan shug‘ullanadi. Firibgarlardan farqli o‘laroq, bu xizmat uchun pul olinmaydi.
Bundan tashqari Kongress mutaxassislari Rossiyada yashash va mehnat qilish bilan bog‘liq har qanday savolingiz bo‘yicha konsultatsiya qilishga tayyor.
Firibgarlarga “yem” bo‘lmang!