Toshkent, 29 dek – Sputnik. Yangi yilgacha sanoqli kunlar qoldi. “Yil qanday kelishi, bayram qay tarzda kutib olinishiga bog‘liq” degan gapga ishonuvchi har bir inson Yangi yilni imkon qadar yaxshi kutib olishga harakat qiladi.
Afsonaviy “Yalla” guruhi rahbari va yetti davlat xalq artisti Farrux Zokirov Sputnik muxbiriga Yangi yil oldi o‘ylari va xotiralari haqida gapirdi.
— Farrux Karimovich, Yangi yil Siz uchun nima?
— Birinchi galda, tabiiyki, bu bolalik xotiralari: archalar, o‘yinchoqlar, sovg‘alar… Misol uchun, biz bu bayramda bir dona apelsin yoki mandaringa, oddiy o‘yinchoqqa ham benihoya xursand bo‘lardik. Bolalik xotiralarimda Yangi yil ana shunday muhrlanib qolgan. Albatta, umidlar puchga chiqqan vaqt ham bo‘lgan. Qorbobo haqiqiymasligini bilgan kunim hafsalam pir bo‘lgani hech yodimdan chiqmaydi. Axir boshida hammasi boshqacha bo‘lgan: biz Qorbobo borligiga ishonganmiz, yostig‘imiz tagiga sovg‘a tashlab ketadi deb, uni kutganmiz. Ulg‘aygach, boshqa xursandchiliklar paydo bo‘ldi. Endi Yangi yilni do‘st-birodarlar davrasida nishonlay boshladik. Ammo shunda ham bir an’anaga sodiq qolganmiz: Yangi yilni oila davrasida, ota-ona bilan birgalikda kutganmiz.
— Yangi yil avval qanday nishonlangan, o‘sha paytdan beri qanday o‘zgarishlar bo‘lgan deb o‘ylaysiz?
— Nazarimda, farq unchalik katta emas. Chunki, Yangi yil hamisha oilaviy bayram bo‘lib qolaveradi. Yangi yil bayrami arafasida har bir oila yanada jipslashadi. Kimdir uzoqda bo‘lsa, bayramni kutib olish uchun, albatta, uyida, oila davrasida bo‘lishga harakat qiladi.
Misol uchun men Toshkentda, Eski shahardagi mahallalarning birida tug‘ilib o‘sganman. Keng hovlimizda bog‘ bor edi.
Umuman olganda, san’atkorlar sulolasi hisoblanmish Zokirovlar oilasida tug‘ilganman. Dadam — taniqli xalq artisti, xalq hurmatini qozongan opera qo‘shiqchisi bo‘lgan. Onam — musiqiy drama va komediya teatri artisti, o‘z ishining mohir ustasi. Shu bilan birga oilaviy kengashimizning raisi. Onam nimani to‘g‘ri deb bilsa, demak, shunday bo‘lishi shart. Oilamizning yana bir obro‘li kishisi — katta akam Botir Zokirov bo‘lganlar. Albatta, bizlar Yangi yilni ota uyimizda kutganmiz. Yangi yilda shu bayramga xos milliy taomlarni oilaviy tayyorlar edik. Bu bizning oilamiz an’analaridan biri edi. Misol uchun bayramda tayyorlanadigan norinni olaylik. Bu taomni tayyorlash uchun oilamizda ayollar xamir qorsa, erkaklar go‘sht maydalardi. Mehnatni o‘zaro shunday taqsimlar edik.
Bayramga aloqador qiziqarli, yangi narsalar hozir ham ko‘p. Balki ular o‘zbekchilikka unchalik mos tushmas, ammo har bir davr ma’lum bir voqeaga o‘z tuzatishlarini kiritishi tabiiy.
Yillar o‘tib, mashhur san’atkorga aylanganimdan so‘ng, Yangi yilni hamisha ham uyda kutib olish nasib qilmay qo‘ydi. Gastrol safarlari, konsertlar degandek… Undan keyingi paytni oladigan bo‘lsak, korporativ, buyurtma orqali uyushtiriladigan tadbirlar singari tushunchalar paydo bo‘ldi.
90-yy boshida, sobiq Ittifoq respublikalari o‘z yo‘llarini mustaqil belgilay boshlagan davrda, tabiiyki, gastrollar geografiyasi qisqardi. Shunday bo‘lsa-da, noshukrlik qilish noo‘rin, deb o‘ylayman. Takliflar bo‘lardi, chaqirishardi, unutib qo‘yishmasdi. So‘ng yurtimiz tarixida, ijodimizda boshqa bir bosqich boshlandi. Eski aloqalar tiklandi, dasturlar yangilandi, yangi qo‘shiqlar yozildi — bularning barchasi tomoshabin hukmiga havola qilinardi. U qayerlik bo‘lishidan qat’iy nazar: xoh Rossiyalik bo‘lsin, xoh Qozog‘istonlik. Esimda, qaysidir konsertimizda yangilangan reperturimizdan oltinchi yo yettinchi qo‘shiqni kuylayapmiz. Zalda esa: "Uchquduqni kuylang!" degan hayqiriqlar tinmasdi.
Ha, odamlar o‘zi uchun qadrli bo‘lib qolgan qo‘shiqlarni qo‘msaydilar, tinglashni istaydilar. Ammo repertuarimizdagi yangi qo‘shiqlar orasida “xit”ga aylanganlari ham ko‘p bo‘ldi. Shu bois, o‘sha payt va hozir keskin farq qiladi, deyolmayman. Hayotga, ijodga, qaysidir muhim sana va bayramlarni nishonlashda umuminsoniy qarashlar saqlanib qolgan.
— Yangi yilda qayerda bo‘lishni yoqtirasiz? Balki biror bir an’anaga amal qilarsiz?
— Ha, rafiqam bilan qishda Kaliforniyada, Los-Anjelesda bo‘lishni yoqtiramiz. Bu region iqlimi menga juda ma’qul. U yoqda qish deyarli bo‘lmaydi. Shu bois, ko‘pincha, Yangi yilni Amerikada qarshi olamiz. U yoqda yoru-birodarlarimiz ko‘p.
— Bu safar ham Amerikaga yo‘l olasizlarmi?
— Ha, lekin sal keyinroq. Yangi yilni bu yil Moskvada kutib olamiz. Chunki men ish bo‘yicha Moskvada bo‘lishim kerak. Yuqorida aytganimdek, hozirlari Yangi yilni uyda kutib olish kam nasib qiladi. Lekin o‘tgan yili uyda kutganmiz. Keyin esa, an’anaga muvofiq shtatlarga yo‘l oldik. O‘tib ketayotgan yilning men uchun muhim yana bir tomoni, joriy yilda "Yalla" guruhi 45 yoshga to‘ldi. Bu juda muhim sana. Ansamblimiz yubiley sanasi ham o‘z poyoniga yetmoqda. Bu haqda batafsil gapiradigan bo‘lsam, avvaliga o‘zimizcha hazil qildik: 45 yoshga to‘lganimiz munosabati bilan “Ginnes rekordlari”ga ariza yozmaymizmi, deb. Keyin bu ishga jiddiy yondashdik: jahon musiqa madaniyatini chuqur o‘rgandik. Haqiqatan ham, musiqiy guruhlar orasida bu qadar uzoq vaqt davomida ijodini davom ettirganlari yo‘q bo‘lib chiqdi. Biz 45-yildan beri uzluksiz kuylab kelamiz. Jamoa tarqalib, keyin yana birikkan vaziyatlar bo‘lmagan.
Men vazirlikda faoliyat yuritganman, Madaniyat vaziri o‘rinbosari bo‘lganman, ammo mehnat daftarcham baribir “Yalla” guruhida qolgan. Bu mening yoki ansamblimiz yutug‘i ham emas. Bu — xalq yutug‘i. Umummiliy, bizning o‘zbek musiqiy madaniyatimiz yutug‘i. Shu kunga qadar guruhimiz bir bo‘lib kuylashda davom etishi boisini aniq tushuntira olmayman, ammo bu uchun taqdirdan minnatdorman.
Yangi 2016-yilda men 70 yoshni qarshi olaman. Bundan tashqari, rafiqam bilan turmush qurganimizga 30-yil to‘ladi. Shu bois, kelayotgan yil ham biz uchun sermahsul bo‘lishi kutilmoqda. Ammo bu sanalar men uchun biror bir tadbirni bayram qilish uchun bahona emas. U ijodimda o‘zga bir bosqichga o‘tishdan, o‘tgan yillarni sarhisob qilishdan nishona. Shu bois, biz san’atkorlarga, ijodiy barhayotlik tilashganda bu biz uchun eng a’lo tilak hisoblanadi. Bugungi kunda ham bizga talab borligi quvonarli. Talab bor ekan, biz o‘zimizni formada ushlaymiz.
Umuman olganda, yetti davlat xalq artisti ekanligim — noyob holat. Avval bu sobiq Ittifoq xalq artisti deyilardi. 1987-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonini olganman. 1994-yil Qozog‘iston xalq artisti unvoni berildi. Keyin Akayev davrida Qirg‘iziston xalq artisti bo‘ldim. Keyin Qoraqalpog‘iston, Tojikiston, Tatariston va eng oxiri, Ingushetiya respublikalari bu unvonni menga taqdim etgan.
To‘g‘ri, bu faxrli, ammo shu bilan birga mas’uliyatli. Sababi, har bir davlat o‘z musiqiy madaniyatiga ega. Xalq artisti unvoni taqdimotini esa – xalqimga va prezidentimga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom, deb bilaman.
— Xotirangizda muhrlanib qolgan Yangi yil yoki Yangi yil arafasida siz bilan ro‘y bergan eng esda qolarli voqea?
— Savolingiz menga Ingushetiya xalq artisti unvoni bilan bog‘liq qiziq voqeani yodimga soldi. Bu voqea Yangi yil arafasida ro‘y bergan edi. O‘sha paytda Ingushetiya rahbari Murat Zazikov bo‘lgan. Guruhimiz bilan Moskvada konsertda chiqish qilayotgan edik. Konsert so‘ngida juda bashang kiyingan odamlar yonimga kelib, meni Igushetiya prezidenti(Zazikov) o‘z huzuriga taklif qilganini aytishdi. Men juda kuchli hayajonla uchrashuv belgilangan vip-zalga yo‘l oldim. O‘shanda u yerda Rossiya muftiysi ham bor edi. U kishi menga “islom dunyosida yaxshilik targ‘iboti” bilan shug‘ullanayotganim uchun minnatdorchilik bildirdi. Muftiyning so‘zlariga qaraganda, men o‘sha vaqtda o‘nta diplomat erisha olmagan natijalarni qo‘lga kiritganman. Bu ehtirom, albatta, menga xush yoqdi.
Meni Zazikovga tanishtirishdi. Shundan so‘ng u menga: "Sizga xalq artisti unvonini berish to‘g‘risida qaror chiqarganimni bilasizmi?” deb savol berdi. Bir muddatga o‘zimni yo‘qotib qo‘yib: "Voy, rahmat, bu nima, yangi yil hazilimi?”, — deb beo‘xshov hazil qilibman. U ham yarimhazil qilib: "Xafa qilyapsiz, prezident so‘zim" dedi. Menimcha, Zazikov nima uchun menga bunday ehtirom ko‘rsatilayotgani boisini anglamaganimni tushundi. Tabiiyki, men o‘z minnatdorchiligimni bildirdim, axir bu faxr. Zazikov esa so‘zini davom ettirdi: “Men bu ishga qo‘qqisdan qo‘l urganim yo‘q. Bizning yoshlarimiz ham siz o‘z qo‘shiqlaringizda Vataningizni qanday yeru-ko‘kka ko‘tarib maqtayotganingizni tinglasin deyman”.
Bunday qo‘shiqlar esa ijodimda juda ko‘p. Ular oddiy qo‘shiqlar emas. Ular — xit qo‘shiqlar. "Uchquduq", "Shahrisabz", "Golubie kupola Samarkanda", "Choyxona". Bu taronalarda Vatanga sadoqat kuylangan. Ularda Vatan madhi aks etgan. Lekin bu turdagi qo‘shiqlar ommabop bo‘lishini oldindan aytish juda mushkul. Men bu taronalarni bor mehrim bilan, jonu dilimdan kuylaganman. Asarlarim ijodiy taqdiri shunday kechayotganidan xursandman. Bu artist uchun — eng oliy baxt.
Shu asnoda yana bir gapni aytib o‘tmoqchiman. Mendan ko‘pincha, siz xohlagan mamlakatingizda yashashingiz mumkin, sizda bunga imkoniyat bor, nima uchun shunday qilmaysiz, deb so‘rashadi. Tan olishim joiz, boshqa mamlakatda yoki gastrol safarida uzog‘i bilan ikki oy qolishim mumkin. Keyin baribir Vatanimga tortaveradi. Misol uchun o‘sha Kaliforniyani olaylik. Iqlimi menga juda yoqdi. Lekin baribir uyimga, O‘zbekistonimga qaytgim kelaveradi. Uyimga qaytishim bilan, hali samolyot trapida turib, Vatanim havosidan chuqur nafas olar ekanman: “Oh, Toshkentim, onam”, deb hayqiraman.
— Yangi yil bilan bog‘liq qanday tadbirlarda ishtirok etgansiz?
— 1980-yillardan boshlab "Yalla" 10-15 yil davomida 1-yanvarda Rossiyaning Birinchi kanalida namoyish etiladigan “Yil qo‘shig‘i” dasturida ishtirok etib kelgan. Bu dastur dekabr o‘rtalarida suratga olinar edi. Shu bilan bog‘liq yana bir voqea yodimga tushdi. Guruhimiz bilan Qorag‘andada konsert qo‘yishimiz kerak edi. Bir vaqt qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Moskvada qandaydir o‘zgarishlar bo‘lgani, shu bois suratga olish ishlariga kelishilgan muddatdan oldin borishimiz kerakligini aytishdi. Bu yoqda esa chiptalar sotib bo‘lingan. O‘shanda o‘ziga xos rekord o‘rnatganmiz. Sakkiz kun ichida yigirmata konsert dasturini namoyish qildik. Bir kunda hatto to‘rttalab konsert qo‘ygan vaqtlarimiz bo‘ldi. Bu men uchun juda og‘ir kechgan. Negaki men “boyo‘g‘liman”. Hamisha tongga yaqin uyquga ketaman. Konsert esa kunduzi 11 da boshlanadi. Tasavvur qilasizmi, mana shu ahvolda(yuzida horg‘inlik aks ettiradi) "Xayrli tong, o‘rtoqlar!" deymanda, konsertni boshlaymiz. Yangi yil arafasida mana shunday holatlar ham bo‘lib turgan. O‘z vaqtida Alla Pugachova shunday rekord o‘rnatgan ekan. Albatta, bunday voqealar yodda qoladi.
— Siz sahna liboslari modasi borasida boshqalarga hamisha o‘rnak bo‘lib kelgansiz. Sahnaga Qorbobo libosida ham chiqqanmisiz?
— Ha, bu to‘g‘ri. Sahnaga yorqin sharqona choponlarda chiqishni aynan biz urfga kiritganmiz. 70-yillarda xippi ta’siri boshlandi. Ammo men buni hech qachon tushunmaganman. Mendan “Nima, gap libosdami?”, deb ko‘p so‘rashadi. Ha, gap libosda. Sahnaning yozilmagan qonunlari bor. Shu ma’noda ansamblimizga omad kulib boqqan, deyish mumkin. Sahna dekoratsiyalarimizni o‘z ishining mohir ustasi Alena Kojenkova yaratadi. Bu ayol Arkadiy Raykin va Xazanov, Mariinskiy teatri bilan ishlab kelgan. Alona Kojenkova bizga juda katta yordam bergan. U bilan birga sharqonalikni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirgan holda liboslar yaratganmiz. Sahna liboslari bobida moda ixtirochilarimiz, deb baralla ayta olamiz. Biz uchun sahna libosi qanday bo‘lishi o‘ta muhim.
Sahnaga Qorbobo libosini kiyib chiqmaganman-u, ammo o‘zim yashagan mahallada Qorbobo bo‘lganman. Keyin oila davrasida ham ko‘pincha Qorbobo bo‘lishimga to‘g‘ri kelgan. Kenja ukam, Akademik teatrining xizmat ko‘rsatgan artisti bilan birga mahalladagi bolalar uchun Yangi yil shoularini tashkil qilardik. Bolalar “Qorbobo haqiqiyga o‘xshaydi-yu, ammo ovozi negadir Farrux amakimizning ovoziga juda o‘xshar ekan” deb ko‘pincha hayron bo‘lishardi. Biz bundan tasvirlab bo‘lmas rohat olardik.
Aytgancha, men 1993-yilda Turkiston saroyi rahbari bo‘lganman. O‘shanda Prezident archasini biz tashkil qilganmiz. Bolalar uyi tarbiyalanuvchilari uchun bayramlar tashkil qilardik. Yangi yilga bag‘ishlangan spektakllarda faol ishtirok etardim. O‘shanda bizning archa eng yorqin bo‘lardi.
— Yangi yilda sevib iste’mol qiladigan taomingiz?
— Ajablanishingiz mumkin, lekin yangi yilda “Olivye” salatini sevib tanovvul qilaman. Menimcha, biron Yangi yil dasturxoni shu salatsiz o‘tmasa kerak. Keyin ayolim, rus millatiga mansub bo‘lishiga qaramasdan, palovni juda maromiga yetkazib tayyorlaydi. Bundan tashqari, xolamlar tayyorlaydigan taomlarni sevib iste’mol qilaman. U kishi 84 yoshdalar. Juda qo‘llari shirin.
— O‘zingizga va atrofdagilarga Yangi yil tilaklaringiz?
— Bu qanchalik odmi yangramasin, ammo eng avvalo osmonimiz musaffo bo‘lishini tilayman! Yer yuzida tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, qo‘shiqlar ham boshqacha yangraydi. Yer yuzida tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, milliy to‘y-hashamlarimiz ham boshqacha o‘tadi. Bu esa, biz o‘zbeklar uchun, juda muhim. Ko‘z tegmasin, ilohim. Axir bu bizning asosiy boyligimiz.
Asrlar osha shakllanib kelgan milliy an’analarimizni asrab-avaylash — mening xalqimga xos. Oddiy misol tarzida ajoyib hayot maktabi — mahallani keltirish mumkin. Mana shunday an’analar yurtimizda abadiy saqlanib qolishi tarafdoriman.
Ulg‘ayib kelayotgan avlodga tarixni o‘rganishlarini maslahat beraman. Yoshlarimiz O‘zbekiston tarixi, uning yuksak madaniy merosi bilan faxrlanishsa arziydi!