Shahzoda: “Ijodimda tanaffusga vaqt yo‘q”

© Foto iz lichnogo arxiva ShaxzodiXonanda Shahzoda.
Xonanda Shahzoda. - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbek shou-biznesining yorqin vakillaridan biri xonanda Shahzoda Rossiya teleekranlarida kutilayotgan qo‘shiq va kliplari premyerasi, ikki o‘g‘li tarbiyasi, ish va oilani qanday uddalayotgani haqida Sputnik O‘zbekistonga intervyu berdi.

— Shahzoda, ikkinchi o‘g‘lingiz tug‘ilishidan oldin, Rossiya shou-biznesini zabt etishga harakat qilgan edingiz. Nahotki, bu rejangizni yig‘ishtirdingiz? Yoki vaqtincha tanaffus e’lon qildingizmi?

— To‘g‘ri, kenja o‘g‘lim tug‘ilgach, ma’lum vaqt Moskvaga bora olmadim. Ammo rus tilida qo‘shiqlar yozishni to‘xtatganim yo‘q. Rossiyaga bir kunga gastrol uyushtirishning iloji yo‘q, undan ortiq fursatga esa oilamni tashlab ketolmayman. Hozir o‘g‘lim ikki yoshda. Shu bois, Rossiya bilan bog‘liq ijodimda kichik tanaffus e’lon qilganman. Ijodimga kelsak, tanaffussiz ishlayapman. Rus, o‘zbek va ingliz tillarida albomlarimni chiqarishga tayyorgarlik ko‘rapmiz. Ular ustida internatsional guruh ish olib bormoqda. Shu kunlarda "Moe chudo" nomli trekim Rossiya musiqiy kanallarida namoyish etiladi. Bu yangi yilga bag‘ishlangan — sevgi, oila va baxt haqidagi qo‘shiq. Qolaversa, MY5 telekanalining yangi yil shou-dasturida suratga tushib, Vanessa Paradining fransuz tilidagi — Joele Taxi taronasini ijro etdim. Toshkent ahli uchun Yangi yil kechasida telekanallarda namoyish etiladigan yangiliklarim bisyor.
— Rossiya uchun asosan raqsbop qo‘shiqlar yozasiz. Lirik qo‘shiqlaringizga talab yo‘qmi?
— Bilasizmi, Rossiyada aynan raqsbop qo‘shiqlarim negadir ko‘proq ommalashadi. Lekin lirik taronalarim ham bor. "Serdse materi", "Bez tebya"…
— O‘zingizni R&B janrida ham sinab ko‘rdingiz? Ko‘nglingizga qaysi yaqinroq ekan?
— Ijodiy tajribalarni yaxshi ko‘raman. Agar biror janrni qiziq deb topsam, albatta, qo‘l urib ko‘raman. Turli tillarda qo‘shiq kuylab ko‘rdim. To‘g‘ri, qiyinchiliksiz kechdi, deb ayta olmayman, ammo biror yangilik qilishga bo‘lgan qiziqish meni hamisha yengaveradi.
Lekin, rostini aytsam, ma’lum bir dramatik taqdir haqida kuylanadigan taronalar ko‘nglimga yaqin. Filmlarda ham ko‘pincha dramatik rollarni ijro etaman. Bu janrda o‘z rolimni yaxshi ijro etishimga, mahzun qo‘shiqlarni yaxshi kuylay olishimga shubha qilmayman. Lekin do‘stlarim ko‘pincha mendan nima uchun komediyalarda rol ijro etmasligim haqida so‘rashadi. Chunki ular bilan hazillashishni yaxshi ko‘raman. Lekin meni fikrimcha, komedik aktor bo‘lish juda murakkab. Agar iqtidor Alloh tomonidan in’om etilmagan bo‘lsa, komediya janri oddiy insonlardan ulkan mehnatni talab qiladi…
— Kino olamida qanday yangiliklarga qo‘l urapsiz?
— Juda bandligim, qolaversa o‘g‘lim yoshligi bois, kino sohasida hozircha yangilik yo‘q. Faqat rejissor Rustam Sa’diyev tomonidan suratga olingan “Baron” filmiga “Sirdoshim” nomli saundtrek ijro etdim.
— Yaratgan mehnat mahsulotlaringizni tinglab ko‘rish, qayta ishlashga vaqt topasizmi?
— Avvallari shunday qilardim. Hammasini bir boshdan ko‘rib chiqib, o‘z ustimda ishlardim. Ikki yildirki, televizor ko‘rmayman, hatto. Vaqt yo‘q. Musiqa, uchrashuv, korporativlar kishini juda toliqtiradi. Oilam bag‘riga qaytganimda, e’tiborimni faqat ularga qarataman. Oxirgi paytlarda, hatto, yangiliklarni internet orqali bilib olyapman. Hayriyat, telefon hamisha yonimda. Ammo undan ham rulda haydovchim bo‘lsagina foydalanaman.
— Avtomobilni qachondan beri boshqarasiz?
— 2005 yildan beri. Professional haydovchi, deb hisoblashingiz mumkin.
— Yo‘lda GAI inspektorlari to‘xtatishadimi?
— Ha, bir-ikki bor to‘xtatishgan. Umuman olganda yo‘l harakati qoidalarini buzmaslikka harakat qilaman. Qonunni hurmat qiladigan fuqaroman. Inspektorlar haydovchilik guvohnomamni ko‘rib, “Nega bu yerda Zilola Musayeva deb yozilgan” degan savol berishadi. Ularga asl ismim Zilola, Shahzoda esa — taxallus ekanligini tushuntirishga to‘g‘ri keladi.
— Pasportda hali ham Zilolamisiz?
— Ha. Ismimni o‘zgartirish rejamda ham yo‘q. Zilola ota-onam tomonidan qo‘yilgan ism. Sahnadagi taxallusimni esa turmush o‘rtog‘im tanlagan.
— Shaxzoda, turmush o‘rtog‘ingiz produser, o‘z xususiy ovoz yozish studiyasiga ega. Repertuaringizni tanlashda u kishi yordam beradimi?
— Allohga shukrki, turmush o‘rtog‘im bilan musiqiy qarashlarimiz juda hamohang. U  menga nimanidir maslahat berishi mumkin, lekin bosim o‘tkazmaydi. Eng qizig‘i, unga yoqqan qo‘shiq menga ham yoqadi va aksincha. Bir-birimizni hurmat qilamiz.
— Birinchi va ikkinchi o‘g‘lingiz orasidagi yosh farqi deyarli o‘n yetti yil?!
— (kuladi) Men o‘zim ham ba’zan bunga hayron qolaman. Holid tug‘ilishi jarayonida ijod bilan juda band edim. Qanday qilib bunday qarorga keldim, hayronman. Lekin, rostini aytsam, to‘ng‘ich o‘g‘lim tug‘ilganida, unga yetarlicha e’tibor beraolmaganman. O‘zimni uni oldida aybdor his qilaman. Agar qachonlardir yana farzandli bo‘lsam, san’at sohasidan ma’lum vaqt uzoqlashaman. Onalik baxtidan to‘yib-to‘yib bahramand bo‘laman, derdim hamisha o‘zimga. Lekin hozir yana hammasi takrorlanayapti. Yana bolaga qaragani enaga yollaganmiz. Yana o‘zimni aybdor his qilyapman…
O‘g‘lim Holid bilan faqat kechqurun ko‘rishaman. Ko‘pincha, kelganimda, u uxlab qolgan bo‘ladi. Lekin ko‘pincha o‘zimga haftasiga ikki marta dam olish e’lon qilishga harakat qilaman. Shunday kunlarda o‘g‘limni kun bo‘yi erkalataman, uni o‘paman, bag‘rimga bosaman. U bilan bo‘lganimdan zavq olaman.
— Holid va Chicco taronangizga ishlangan klip qahramoni o‘rtasidagi o‘xshashlik haqida nima deysiz? Axir klip o‘g‘lingiz tug‘ilmasidan oldin ishlangan, shundaymi?
— Ha, bu o‘xshashlik haqida muxlislarim ham ko‘p aytishadi. Xolid va klipdagi multqahramon o‘rtasidagi o‘xshashlik sababi oddiy. Gap shundaki, Chicconi chizgan multiplikator internet orqali topgan bolalikdagi suratimdan foydalangan ekan. Holid menga, yoshlik paytimga juda o‘xshaydi. O‘xshashlikning boisi shunda.
— Katta o‘g‘lingiz nima bilan shug‘ullanyapti?
— To‘ng‘ich o‘g‘lim — Solih, yanvar oyida 19 ga to‘ladi. U mustaqil insonga aylangan. Shu yil Rossiyaning Plexanov nomli Iqtisodiyot universitetining biznes va iqtisod fakultetiga o‘qishga kirdi. Bungacha psixolog bo‘lishni orzu qilardi.
— Uning tanlovida sizning ham ta’siringiz bormi?
— Yo‘q, nimalar deyapsiz. Har qanday holatda ham tanlash huquqini o‘ziga qoldiraman. Menimcha, agar farzandingiz nimagadir intilsa, beshta institutni tamomlagan taqdirda ham, oxir-oqibat ko‘ngliga yaqin kasbga qaytadi.
— Undagi iste’dodchi?
— To‘g‘ri, iste’dodini tan olaman. Ammo bu men uchun yangilik bo‘lgan. Nima uchun kutilmagan. Chunki, men uni dunyoga keltirganimda, san’at bilan umuman bog‘liq bo‘lmaganman. O‘sha paytlarda xonandalikni orzu qilmagan oddiy ayol bo‘lganman. Shou-biznesga kirib kelishim taqdiri azal. Shukrki, hammasi yaxshi kechdi.
Mana endi ikki farzandni dunyoga keltirib, hech qachon san’at olami bilan bog‘liq bo‘lmagan ota-onamni tushunganday bo‘lyapman. Otam falsafa fanlari doktori, onam pedagog. Men esa kutilmaganda xonanda bo‘lishni orzu qildim. Ularning o‘sha paytdagi ahvolini tasavvur qiling. Ota-onam qarorim qat’iy ekanligiga ishonch hosil qilmagunliklariga qadar, juda havotir olishgan. Shu bois, men ham o‘g‘limning didjeylikka qiziqishini ko‘rib, bu shunchaki xobbi ekanligiga, u bu ishni kasb qilib tanlamasligiga ishongim keladi. Erkak kishi jiddiyroq sohani tanlashi kerak. Musiqa u uchun xobbi bo‘lishi lozim, degan fikrdaman.
— Aytgancha, ikki farzandning onasi sifatida ko‘rinishingiz a’lo. Bu nimaning ta’siri: sport yoki sog‘lom oziqlanish?
— Sport bilan shug‘ullangani menda ming afsuski, vaqt yo‘q. Faol turmush tarzim har qanday fitnesdan a’lo, deb o‘ylayman. Sog‘lom oziqlanishga kelsak, haqsiz. Yog‘li, qovurilgan, sho‘r, nordon taomlardan mutlaqo voz kechganman. Sabzavot va mevalar jonu-dilim. Bir oydirki, go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilishdan voz kechdim. Go‘sht o‘rnini dengiz mahsulotlari egallagan.
— Demak, palovxonto‘rani iste’mol qilmaysiz?
— Ikki oyda bir marta, juda sog‘inganimda o‘zimga ruxsat berishim mumkin. Sevimli milliy taomim — dimlama. U sabzavotlarga boy.
— Shaxzoda suhbatimiz davomida, siz haqingizda juda muloyim, ochiqko‘ngil ekansiz degan fikrga keldim. Do‘stlaringiz ham ko‘p bo‘lsa kerak?
— Vaqt sinovidan o‘tgan haqiqiy do‘stlarim sanoqli. Ammo, siz haqsiz, shou-biznes olamida hamkasblarim bilan osonlikcha til topisha olaman.
— Rossiyada-chi, do‘stlaringiz ko‘pmi?
— Oilaviy do‘stlarimiz ko‘p. Hammasini sanab o‘tishimdan ma’no yo‘q. Moskvaga borganimda, ko‘rishamiz, degan umiddaman. Uchrashuvimizni sog‘inib kutaman.

Yangiliklar lentasi
0