Qirg‘iziston va Rossiya fazogiri, Qirg‘iziston Respublikasi Qahramoni, Rossiya Federatsiyasi qahramoni(o‘zbek) Solijon Sharipov Sputnik muxbiriga Yangi yilni qayerda kutib olishi va bayramda erkaklarga qanday sovg‘a hadya etish mumkinligi haqida gapirdi.
— Solijon Shokirovich, 2015-yil o‘z poyoniga yetishiga sanoqli kunlar qoldi. Shaxsan Siz uchun yil qanday keldi va o‘tayotgan yilning eng muhim voqeasi deb qaysi voqeani ko‘rsatgan bo‘lar edingiz?
— O‘tayotgan yil oilamiz uchun juda muvaffaqiyatli keldi: hamma sog‘-salomat, eng muhimi, shu yil 21-martda qiz nabiram dunyoga keldi! Davlat miqyosida olib qaraydigan bo‘lsak, Rossiyada ham, O‘zbekistonda ham, Qirg‘izistonda ham hammasi asta-sekinlik bilan qaror topmoqda. Ba’zi bir qiyinchiliklarga qaramay, odamlar kelajakka ishonch bilan qarashmoqda: joriy yilda Qirg‘iziston YeAESga qo‘shildi, odamlar Rossiya va Qirg‘iziston yaqinlashuvi yaxshi natijalar olib kelishiga ishonishmoqda. Umid qilamanki, xuddi shunday bo‘ladi ham. Kelayotgan yilda inqiroz barham topib, hammasi o‘z o‘rniga tushadi, deb o‘ylayman.
— Yangi yil – oilaviy bayram, degan iboraga qo‘shilasizmi? Agar sir bo‘lmasa, Yangi yilni qayerda kutib olasiz?
— Musulmonlarda Yangi yilni nishonlash odati yo‘q. Biz sobiy Ittifoq davridan 31-dekabr va 1-yanvar kunlarini bayram sifatida nishonlashga odatlanganmiz. Shu bois, bu bayram yaqinlar davrasida nishonlanadi.
Men ham bundan istisno emasman: Yangi yilni uyda, oilam davrasida kutib olishni rejalashtirapman. Archa bezatishga ham ulgurdik(tabassum qiladi). Albatta, uyga, do‘st-birodarlar mehmonga kelishadi. Yangi yil kirib kelgach, biz ham balki mehmonga boramiz.
— Aksariyat ayollar Yangi yilda o‘z turmush o‘rtoqlariga qanday sovg‘a berishni o‘ylab, bir qarorga kelishga qiynalishadi. Balki, siz aytarsiz, kuchli jins vakillariga qanday sovg‘a ko‘proq ma’qul bo‘lishini?
— Menimcha, sovg‘a berilishi shart bo‘lgan bayram – bu tug‘ilgan kun. Boshqa bayramlarda e’tiborning o‘zi kifoya. Sovg‘aning qimmatbaholigi ham muhimmas: qo‘lda yasagan bejirimgina sovg‘a qimmat narxda olingan sovg‘adan azizroq bo‘lishi mumkin. Shu bois, Yangi yilda nima sovg‘a qilsam ekan, deb bosh qotirishning keragi yo‘q, deb hisoblayman(kuladi). Boshqa tomondan, agar sovg‘a olishni juda xohlasangiz, balki keyinchalik kerak bo‘ladigan yoki ishtaha bilan paqqos tushirsa bo‘ladigan narsani sovg‘a qilgan ma’qul, deb o‘ylayman(kuladi). Keraksiz narsa sovg‘a qilsangiz, u bayramdan keyin o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Odatda, ularni yo axlatga tashlaymiz, yoki ular yig‘ilib qolgan keraksiz narsalar uyumiga qo‘shiladi. Shirinlik sovg‘a qilsangiz – yegan odam ham xursand, sovg‘a bergan odam ham sovg‘asi yoqqanidan xursand(kuladi).
— O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqiga kirib kelayotgan yilda qanday tilak bildirgan bo‘lar edingiz?
— Yangi yilda barchaga avvalombor sog‘lik, oilaviy hotirjamlik, ishlarida barqarorlik tilayman. Nimaiki niyat qilgan bo‘lishsa, kirib kelayotgan yilda, albatta, amalga oshishiga tilakdoshman. Eng muhimi, Markaziy Osiyo mamlakatlari: O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa mamlakatlarda tinchlik hukm sursin.
Odamlar va xalqlar o‘rtasida do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlansin, bugungi kunda mavjud salbiy narsalar hammasi o‘tayotgan yilda qolib ketsin. Tilagim, kelasi yilda biz bugundan ko‘ra baxtliroq bo‘laylik!