Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimov, anʼanaga muvofiq, Respublika Konstitutsiya kuni arafasida nutq soʻzladi.
Konstitutsiya kuni
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga shu yil 23 yil toʻladi. Ushbu munosobat bilan prezident Islom Karimov barchani tabrikladi va erishilgan yutuqlar haqida gapirib oʻtdi.
Bosib oʻtilgan yillar davomida Oʻzbekiston xom-ashyoga ixtisoslashgan, maʼmuriy-buyruqbozlik vositasida boshqariladigan, sobiq Ittifoqning eng qashshoq mamlakatidan mustaqil, koʻp qirrali iqtisodga ega boʻlgan, zamonaviy davlatga aylandi.
Prezident ushbu oʻzgarishlarga 1992 yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Konstitutsiyasi “poydevor” boʻlganligini aytib oʻtdi.
Iqtisodiy yutuqlar
“Oʻzbek modeli” deb nom olgan oʻziga xos iqtisodiy dasturlar va boshqa islohotlar natijasida mustaqillik yillari davomida Oʻzbekiston aholisining real daromadi 9 barobardan oshdi va hozirgi, murakkab, dunyoning koʻpgina mamlakatlarida iqtisodiy qiyinchiliklar yuz berayotgan vaqda Oʻzbekiston iqtisodiy koʻrsatkichlari ijobiy tomonga oʻzgarmoqda.
Prezident, shu qatorda Oʻzbekiston iqtisodiga kiritilayotgan ulkan sarmoyalar haqida ham gapirib oʻtdi.
Xususan, “Joriy yilda, iqtisodiyotimizga qariyb 16 milliard dollar qiymatidagi investitsiya kiritildi va bu asosiy fondlar umumiy hajmining salkam 23,3 foizini tashkil etadi. Oʻtgan 5 yil davomida iqtisodiyotimizga jami boʻlib qariyb 67 milliard dollar investitsiya yoʻnaltirildi, buning 21 foizdan ortigʻi xorijiy investitsiyalardir”, — dedi prezident.
Jumladan, Islom Karimov respublika transport infraqurilmasining rivojlanib borayotgani, bir necha yoʻnalishlarda eng zamonaviy tezyurar poyezdlar ishga tushirilganini gapirib oʻtdi.
Respublikada tadbirkorlikni rivojlantirish borasida katta ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidlab, prezident “Faqat oxirgi 5 yilning oʻzida 5 millionga yaqin yangi ish oʻrni yaratilgani biz uchun nihoyatda muhim boʻlgan masalani yechishda katta amaliy qadam boʻldi”, — dedi.
Konstitutsiya adolatli jamiyat garovi
“Konstitutsiyamizda bizning bosh maqsadimiz – faqat huquqiy demokratik davlat emas, balki, adolatli jamiyat qurish ekani aniq-ravshan belgilab berilgan. Bu maqsad, hayotimizda mustahkam qaror topgan oddiy haqiqatdan, yaʼni xalqimiz har qanday qiyinchilikka chidashi mumkin, ammo adolatsizlikka chiday olmaydi, degan soʻzlarni yaqqol tushunishdan kelib chiqqan, desam, oʻylaymanki, butun el-yurtimizning fikrini ifoda etgan boʻlaman”, — dedi prezident.
Prezident oʻz nutqida AQShning Gellap instituti 2015 yilda oʻtkazgan “Qonuniy tartiblarga itoat qilish indeksi” soʻrovida 141 mamlakat orasida Oʻzbekiston sharafli 2-oʻrinni egallaganligini taʼkidlab, “bu sohada olib borayotgan ishlarimiz xalqaro miqyosda keng eʼtirof etilgani, hech shubhasiz, barchamizga gʻurur va iftixor yetkazadi”, — dedi.
142 ming dunyo aholisi orasida oʻtkazilgan soʻrovda, aholining mahalliy huquqni saqlash organlariga ishonish-ishonmaslik, tunda oʻz shahar yoki tumanida qoʻrqmasdan yura olish-olmaslik va oxirgi yil davomida jinoyatchilikdan zarar koʻrgan-koʻrmaganligi haqida savollar berilgan.
Prokuratura ustidan nazorat kerak
Shunday boʻlishiga qaramasdan, prezident, Oʻzbekiston kundalik hayotida qonunga rioya qilmaslik va huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari tomonidan oʻz burchiga sovuqqonlik bilan qarash kabi holatlar kam emasligini aytib oʻtdi.
Buning dalili natijasida, prezident, respublikada mansabdor shaxslar ustidan kelib tushgan barcha arizalarning beshdan biri ichki ishlar xodimlari ustidan yozilganligi, va 96 foiz holatda haqli ravishda yozilganligini taʼkidlab oʻtdi. Aksariyat arizalarda aholi huquqni saqlash organlari noqonuniy qaror qabul qilayotgani, qoʻpol muomalada boʻlayotgani, qonunchilik buzilayotgani va boshqa faktlar koʻrsatilmoqda.
Tadbirkorlar faoliyati ustidan asossiz tekshirishlar oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan koʻplab qonunlar qabul qilinganiga qaramasdan, bunday tekshiruvlar olib borilayotgani haqida shikoyat qilinmoqda.
"Ushbu shikoyatlar natijasida respublika Bosh prokuraturasi oʻz faoliyatini qay darajada olib borayapti degan savol tugʻiladi", dedi Islom Karimov.
Maʼlumotlarga koʻra, 2015-yilning 9 oyida Bosh prokuraturaga fuqarolardan prokuratura xodimlari ustidan 426 ta shikoyat kelib tushgan. Mazkur shikoyatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha 45 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan, 22 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod qilingan, 33 nafar xodim prokuratura organlaridan boʻshatilgan.
“Oʻz-oʻzidan ravshanki, ana shu raqamlar va prokuratura tizimidagi ahvol bizni qoniqtirmaydi, albatta. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Senati qisqa muddatda prokuratura faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish va uning faoliyati qonuniyligi masalasini koʻrib chiqishi zarur”, — dedi Islom Karimov.
Tadbirkorlik va xususiy mulk himoyasi
Oʻzbekistonda oxirgi yillarda hukumat tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish va xususiy mulki himoya qilish borasida koʻp ishlar qilinmoqda.
Prezident oʻz nutqida «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun-hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subʼyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.
“Ana shu qonunga muvofiq, tadbirkorlik subʼyektlari faoliyatining barcha jihatlariga taalluqli 40 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjatga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi”, dedi Islom Karimov.
Keksalarni eʼzozlash yili natijalari
2015 yil Oʻzbekistonda “Keksalarni eʼzozlash yili” deb eʼlon qilingan edi. Ushbu davlat tadbirini natijasida respublikada koʻplab xayrli ishlar amalaga oshirildi.
Islom Karimov ushbu ishlarning qisqa hisobotini keltirdi. “Bu borada birinchi navbatda yolgʻiz qariyalar, nafaqa yoshidagilar va nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish tizimini yanada mustahkamlash va rivojlantirishning davlat dasturi qabul qilingani va bu yoʻnalishda 5-6-yilga moʻljallab rejalashtirilgan ishlarimiz ayniqsa eʼtiborga sazovor, deb hisoblayman” – dedi prezident. Undan tashqari respublikada 2 750 ming qariyalarning pensiyalari 20% ga oshirildi.
1941-1945-yillardagi urushda qatnashgan va front ortida xizmat qilgan 61 mingdan ortiq faxriylarimizga kommunal xizmatlar boʻyicha 3 milliard 900 million soʻm miqdoridagi kompensatsiya pullari toʻlab berildi. Shuningdek, 100 yoshga yetgan va undan oshgan keksalarimizning pensiyasiga eng kam ish haqining 100 foizi miqdorida ustama toʻlab borish tizimi tatbiq etilgani haqida aytib oʻtdi.
Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 70-yilligini ham davlat etiboridan chetda qolmadi. Urush va mehnat qahramonlari gʻalabaning 70 yilligi munosobati bilan esdalik medali, pul mukofotlari va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
“Mahalla” jamgʻarmasi va boshqa nodavlat tashkilotlar, homiylar koʻmagida yolgʻiz va ijtimoiy madadga muhtoj qariyb 10 ming fuqaroning uy-joylari taʼmirlab berildi.
Mustaqillik bayrami arafasida “Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmasin” degan xayriya tadbirida butun respublika boʻylab 215 ming nafar keksalar, pensioner va nogironlarning chuqur tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularning salomatligini tiklashga koʻmak berildi.
Umuman bu borada juda koʻp ishlar qilindi va ularni barchasini taʼkidlab oʻtishga koʻp vaqt kerak boʻladi.
“Lekin ularni muxtasar ifoda qiladigan boʻlsak, dastur boʻyicha barcha manbalar hisobidan 2 trillion 246 milliard soʻm (816 mln$) va 225 million AQSH dollaridan ziyod mablagʻ sarflangani bu boradagi ishlarimizning koʻlami va miqyosidan yaqqol dalolat beradi, deb oʻylayman”, — dedi Islom Karimov.
2016 yil Sogʻlom ona va bola yili
Prezident oʻzbek xalqi uchun sogʻlom bola, sogʻlom avlod orzusi azaliy intilish ekanligini, ota-bobolar ham insonning nasl-nasabiga, yetti pushtining tozaligiga va avlodning sogʻligʻiga juda katta eʼtibor berganini taʼkidlab oʻtdi.
“Ana shunday muhim hayotiy qadriyatni jamiyatimizda yanada chuqur qaror toptirish, sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarimizni yanada yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida men kirib kelayotgan yangi – 2016-yilni yurtimizda Sogʻlom ona va bola yili, deb eʼlon qilishni taklif etaman”, — dedi Islom Karimov.
Ushbu sharafli maqsadni amalga oshirish maqsadida kelasi yil respublikada zamonaviy bolalar shifonoxasi, qurilishi, joylarda faoliyat koʻrsatayotgan perinatal markazlarning moddiy-texnik bazasini, ularning kadrlar salohiyatini yanada kuchaytirish, oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlarining ish samarasini oshirish, perinatal hamshiralar sonini koʻpaytirish, akusher-ginekologlar, bolalar shifokorlarining malakasini oshirishga katta eʼtibor berish kerakligi haqida taʼkidladi.
Bundan tashqari bolalar orasida jismoniy tarbiya va sportni yanada keng ommalashtirish, sport moddiy texnik bazalarini qurish oʻz oʻzidan maʼlum narsalar, ekanligina aytdi davlat rahbari.
“Boʻlajak kelin-kuyovlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha masʼuliyatni kuchaytirish, shu maqsadda tegishli poliklinikalarni zamonaviy tibbiyot va diagnostika asbob-uskunalari bilan jihozlash, ularda xizmat koʻrsatish sifatini oshirish masalasiga eng muhim vazifa sifatida qarashimiz zarur”, — dedi prezident. Boʻlajak oila sogʻligi haqida gapirar ekan, prezident, muhim masalaga eʼtiborini qaratdi.
“Qiz bolani kollejni bitirmasidan, hunar egallamasidan turib, kimki turmushga bermoqchi boʻlsa, bilib qoʻyinglar, buni men uzoqni koʻrmaslik, kaltabinlik deb hisoblayman. Qiz bola, avvalo, kasb egallasin, oʻz fikriga ega boʻlsin, hayotni anglasin. Shundan keyin u hayotda oʻzining munosib oʻrnini topadi, jamiyatimizning faol aʼzosiga aylanadi, ertaga u quradigan oila ham mustahkam boʻladi. Bu mening eng katta orzuim va tilagimdir, desam, ayni haqiqatni aytgan boʻlaman”, — dedi Islom Karimov.
Undan tashqari prezident, aholi oʻrtasida tibbiy madaniyatni oshirish, sanitariya-gigiyena sohasidagi ishlarni yanada kuchaytirish, homilador ayollarni asrab-avaylash, yosh onalar va bolalarni talab darajasida parvarish qilish, ularning ovqat ratsioni, uning sifati va kaloriyasi kabi masalalarga jiddiy eʼtibor berish lozimligini aytdi.
“Qoʻlimizni koʻksimizga qoʻyib, xolisona aytadigan boʻlsak, afsuski, koʻpgina xonadonlarimizda bu oʻta muhim masalalarga yetarlicha ahamiyat bermaymiz <…> Homilador ayolning ruhiy-fiziologik holati, barcha his-tuygʻulari, kayfiyati ona vujudi orqali bolaga oʻtadi. Bundan xulosa shuki, bolani eʼzozlash uchun avvalo onani eʼzozlash kerak”, — dedi prezident.
Islom Karimov, ona va bola sogʻligi uchun oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlgan, oilalarda sogʻlom maʼnaviy muhit yaratishga, xususan, er-xotin, ota-ona va farzandlar, qaynona va kelin oʻrtasidagi munosabatlar, qoʻshnichilik munosabatlarining oʻzaro hurmat, mehr-oqibat ruhida boʻlishi oʻta muhim ahamiyatga ega ekanligini aytib oʻtdi.
Prezident soʻzini, “Ona va bola sogʻlom boʻlsa, oila baxtli, oila baxtli boʻlsa, jamiyat mustahkam boʻladi”, deb yakunladi.