TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Islom Karimov fondi O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova bilan suhbatni e’lon qildi.
- Hurmatli Tatyana Akbarovna! Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80-yilligi nishonlanmoqda. U kishini Yurtboshimiz sifatida yaxshi taniymiz. Birinchi Prezidentimiz kundalik hayotda, oila davrasida qanday bo‘lganlari ham o‘quvchilarimizni qiziqtirishi tabiiy.
Biz Islom Abdug‘aniyevichni irodali, sobitqadam, qat’iyatli, jasur, yuksak obro‘ qozongan inson deb bilamiz. Bunday fazilatlar qanday shakllangan? U kishining bolalik yillari haqida Sizga nimalar ma’lum?
Tatyana Karimova: Haqiqatan ham, Islom Abdug‘aniyevichning butun hayot yo‘llari Siz sanagan xislatlar haqida shahodat beradi. Nimagaki erishgan bo‘lsalar, bari o‘sha xislatlari tufaylidir. Islom Abdug‘aniyevichning bolaligi urush va urushdan keyingi og‘ir damlarga to‘g‘ri keldi. Kichiklikdayoq peshona teri bilan non topish nima ekanini bildilar. Urushdan keyin barcha mashaqqatli hayot kechirgani ma’lum. Ularning ham oilalari ehtiyojmand edi. Samarqandning eski shahar qismida yashagan oddiy oila. Islom Abdug‘aniyevich maktabga chiqqan kezlari rus tilini bilmas edilar, ammo bukilmas iroda, qat’iyat va sobitqadamlik bois maktabni oltin medalga bitirdilar. U kishi yozgan insholar namuna o‘laroq butun sinfga o‘qib berilgan ekan. Keyinroq sinfdoshlari tan olishicha, Islom Abdug‘aniyevichning insholaridan oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonida "shpargalka" sifatida foydalanishgan. Shu tariqa oddiy oilada voyaga yetgan yigit maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, taqdiriga peshvoz chiqmoq uchun safarga otlandi. O‘sha kezlar oltin medal va olam-olam orzular u kishining bor-yo‘q bisoti edi. Taqdir hukmi bilan kindik qoni to‘kilgan ona zaminga mustaqil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti bo‘lib manguga qaytdilar.
Maktab yillaridanoq Maksim Gorkiy hikoyasi personaji — o‘z jonidan kechgan, yuragini mash’al kabi yoqib xalqni qutqarib qolgan Danko eng sevimli adabiy qahramonlari bo‘lgan.Uning "Otash kabi yonib, o‘zgalar yo‘lini yorit!" degan shiori yosh Islom Abdug‘aniyevichning yuraklarida muhrlanib qolgan. Bu keyinroq Prezidentning hayotiy maslagiga aylandi.
- Sizlar qanday tanishgansizlar? Bo‘lajak turmush o‘rtog‘ingiz qalbingizni qanday zabt etganlar?
— Islom Abdug‘aniyevich bilan 1970-yili Samarqandda, muhandislik-texnologiya fakultetining oxirgi kursida o‘qigan kezlarim tanishganmiz. Birinchi uchrashuvimiz ularning akalari Ibod G‘aniyevichning uyida bo‘lgan. Ibod G‘aniyevichning rafiqasi Xayriniso Sultonovna mening xolavachcham edi. Men talabalar yotoqxonasida istiqomat qilar, darsdan keyin ularnikiga tez-tez mehmonga borib turar edim. Ibod G‘aniyevich oqko‘ngil, aqlli va odamshavanda inson, boz ustiga, yaxshi suhbatdosh ham edilar.
Kechagidek yodimda, martning yettinchi kuni, ayni bayram arafasi edi. Ko‘klamning xush iforga to‘la iliq havosi. Shig‘alab yog‘ib o‘tgan yomg‘irdan keyin atrof-borliq toza, musaffo va go‘zal bo‘lib ketgan. Ko‘lmaklarda osmon parchasi aks etar, ko‘ngillar yorishib, farahbaxsh hislarga limmo-lim to‘lgan edi. Men talabalar yotoqxonasida edim. Ittifoqo meni birov so‘rab kelganini xabar qilishdi. Kelgan inson kim ekanini tasavvur ham kalaolmaganim rost. Chiqib ko‘rdimki, meni yo‘qlab kelgan odam Islom Abdug‘aniyevich ekanlar.
Meni xiyobonda sayr qilishga taklif etdilar. Biz ilk bor yolg‘iz o‘zimiz ko‘rishib, gaplashib turgan edik. Tabiat, ob-havo, o‘qish haqida suhbatlashdik. Odatiy suhbat. Lekin sayr asnosida Islom Abdug‘aniyevich to‘xtab, hech kutilmaganda "Menga turmushga chiqasizmi?" deb so‘radilar. Men uchun bu mutlaqo kutilmagan hol edi. Qanday izohlashni ham bilmayman: aql vaziyatni hali to‘liq anglab, baholab bo‘lmasdan, qalb va yurak "ha" deya javob berib bo‘lgan edi. Ko‘ngil shubhayu gumondan xoli kezlarda shunday bo‘ladi. Men bu insonning ichki kuchi, samimiyati, jozibasi, qat’iyati va nedir bir ohanrabosini sezgan bo‘lsam kerak… Men "ha" deya javob berdim. Bari ana shunday kechgan edi. Bor-yo‘g‘i bir necha qisqa uchrashuv…
Islom Abdug‘aniyevich aprelda ota-onamdan qo‘limni so‘ragani Quvasoyga bordilar. To‘yimiz may oyida dastlab Samarqandda, keyinroq Quvasoyda bo‘lib o‘tdi.
- Islom Abdug‘aniyevich bilan ko‘p yillar birga hayot kechirdingiz. Kundalik hayotingiz qanday kechardi, qanday qiyinchiliklar bo‘lardi?
— To‘ydan keyin Toshkentdagi ikki xonali kvartirada juda oddiy hayot kechira boshladik. Bu kvartirani Islom Abdug‘aniyevich Davlat plan komiteti raisining yordamchisi bo‘lgan kezlarda olganlar. Tinch-totuv yashaganmiz, maoshimiz uncha katta bo‘lmagani bois ta’mir ishlarini o‘zimiz qilganmiz. Bo‘yoq olib kelib, o‘zimiz xona oqlaganmiz, eshik bo‘yaganmiz, polni loklaganmiz, balkon derazasiga oyna solganmiz. Hech qachon ta’mir ishidan qochmaganmiz. Odatda, Islom Abdug‘aniyevich uydagi ta’mir yumushlarini o‘zlari qilardilar. Barcha ishlari baroridan kelar edi. Sirasini aytganda, u kishi barini o‘z qo‘llari bilan qilishni yaxshi ko‘rardilar. Kerak paytda qidirib qolmasdik,turli asboblar solingan butun boshli jomadonim bo‘lardi. Parma, bo‘yoq cho‘tkasi, qisqich, ombur, buragich, bolg‘a va boshqa birtalay asboblar zarur paytda asqotardi.
Islom Abdug‘aniyevich shanba va yakshanba kunlari odatda soat 4 ga qadar ishlardilar, keyin zarur bo‘lsa birgalikda oqlash va bo‘yash yumushlarini qilardik.
Islom Abdug‘aniyevich qanday lavozimda ishlamasinlar, hech qachon xizmat vazifasidan foydalanmaganlari, vakolatlarini suiiste’mol qilmaganlariga guvohman. U kishidan pastroq darajadagi mansabdorlar ham boshqacha yashar va shu bois gohida umr yo‘ldoshimning ustlaridan kulishar edi. Ammo bu — Islom Abdug‘aniyevichning qat’iy pozitsiyasi edi.
Hatto davlat bog‘-hovlisida yashaganimizda ham avvalgidek aksar ishlarni o‘zlari qilishni afzal bilardilar. Masalan, kechqurun ishdan keyin devorga kartina osish yoki mebel o‘rnini o‘zgartirish fikri tug‘ilib qolardi. Garchi men e’tiroz bildirib, bu ishni ertasi kuni xizmatchilar bilan qilishlarini so‘rasam-da, Islom Abdug‘aniyevich kutib o‘tirmay o‘zlari ishga kirishib ketardilar.
- Birinchi Prezidentimiz hayotiga doir biz bilmagan yana qanday jihatlar bor?
— Faqat yaqinlari ko‘ra olgan jihatlar xususida ham so‘zlab bersam. Islom Abdug‘aniyevich gul sovg‘a qilishni xush ko‘rar edilar. Oila qurganimizning dastlabki kezlarida ham, keyinchalik Prezident bo‘lganlaridan so‘ng ham bundan bir olam zavq olardilar. Bog‘-hovlida sayr qilib yurganimizda Islom Abdug‘aniyevich hamisha biror gullagan novda yoki chechak topib, menga tuhfa etar edilar. Bu xotiralarni qalbim to‘rida saqlayman…
Hamisha odamlar ko‘ngliga yorug‘lik ulashishni istardilar.
Islom Abdug‘aniyevich qo‘li ochiq inson edilar. Umuman, sovg‘a ulashishni yoqtirardilar. Uyimizda hamisha ko‘plab suvenirlar bo‘lar edi. Biznikiga mehmon kelib, kuzatayotganimizda qo‘llariga tushgan buyumni hadya qilib yuborardilar. Men olib qolishni istagan buyumni sovg‘a qilib yuborsalar, ranjigan paytlarim ham bo‘lgan. Islom Abdug‘aniyevich istaganlarini tuhfa etib yuborishlari mumkin edi. Muhimi — sovg‘a mehmonga yoqsa bas. Bundan esa bir olam mamnuniyat tuyardilar.
Talabchan, ammo adolatli inson edilar. O‘zlariga ham, atrofdagilarga ham talabchan edilar. U kishining hayot tarzini, ta’bir joiz bo‘lsa, zohidona deb sifatlash mumkin. Taom tanovul qilishda qanoatli bo‘lib, aslo meyordan oshmas edilar. Butun umr sportga oshno yashadilar. Hamisha yaxshi sport formasida bo‘lishga intilganlar. Yoshliklarida kurash bilan shug‘ullanganlar. Hayotlarining so‘nggi kunlariga qadar mashq zaliga borishni kanda qilmaganlar. Qolaversa, suzish va tennis bilan shug‘ullanganlar.
Odatda, yillik mehnat ta’tillari bir haftadan oshmasdi, shunda ham bu yil bo‘yi olinadigan ikki-uch kunlik qisqa tanaffuslar edi.
Biz o‘sha kezlar toqqa, Toshkent yaqinidagi Qaynarsoy maskaniga chiqardik. U kishi mahalliy manzaralarni yaxshi ko‘rar, yurtimiz tabiati go‘zalligini benazir deb hisoblar edilar.
Shifokorlarga murojaat qilishni xush ko‘rmas edilar va u kishini biror tibbiy ko‘rikka borish uchun ko‘ndirishim oson bo‘lmas edi. Butun fikru xayollari ish bilan band bo‘lardi.
Bir gal biznikiga ikkita laylak qishlagani keldi, keyinroq ular soni yetmish-saksonga yetdi. Laylaklar nozikta’b emasmi, Islom Abdug‘aniyevich avvalo o‘zlari qushlarga ehtiyotkor munosabatda bo‘lar va boshqalardan ham shuni talab qilar edilar. Deylik, birov laylaklar yoniga borib ularni qo‘rqitsa, qattiq ranjir edilar. Axir, ular o‘ta sezgir va nafis mavjudotlar-da. Kechki qorong‘i osmonda oppoq laylaklarning parvozi hayratomuz manzara edi, albatta.
Islom Abdug‘aniyevich uchun oppoq qushlar tinchlik, ezgulik, baxtu saodat va osoyishtalik timsoli edi. Nafaqat o‘zlari, balki butun mamlakat uchun laylaklar o‘ziga xos ramzga aylangani bejiz emas. Bu keyingi yillarda bunyod etilgan me’moriy obidalarda ham aks etgan. Mamlakatning bosh maydoni kiraverishidagi "Ezgulik" arkasini ko‘rib, bunga amin bo‘lish mumkin.
- Birinchi Prezidentimiz qanday ota, qanday bobo bo‘lganlari haqida ham so‘zlab bersangiz.
— Islom Abdug‘aniyevich qorni, alalxusus, birinchi qorni juda yaxshi ko‘rardilar. Qorda farzandlar, keyinroq nabiralar bilan sayr qilish uchun hamisha vaqt topishga intilardilar. Islom Abdug‘aniyevich bolalarni suzish, qo‘rqmay suvga sho‘ng‘ish, velosiped minishga o‘rgatdilar.
Kenja qizimiz Lola kichkinaligida uni chanada uchirish va qorbobo yasash uchun ko‘chaga olib chiqar edilar. Kuzda daraxt barglarini to‘plashardi, o‘sha gerbariylar hozirgacha saqlanadi. Yakshanba kunlari esa ular bog‘-hovlida velosipedda uchishardi.
Keyinroq Islom Abdug‘aniyevich bog‘-hovli hududida o‘shanday tuganmas zavq ila nabiralar bilan sayr qildilar, ularga ham suzish, velosiped minish va tabiat go‘zalligini his etishni o‘rgatdilar. Bolalar skeytbord va rolikda uchayotganini tomosha qilishni yaxshi ko‘rardilar. Ularning abjirligidan hayratga tushardilar, bu boradagina oddiy kuzatuvchi edilar.
Islom Abdug‘aniyevich Prezidentlikka kirishganlaridan keyin yanada band bo‘ldilar va shu bois biror yerga borishga vaqt ham bo‘lmas edi. Umr yo‘ldoshim ishga yanada ko‘proq diqqat-e’tibor qaratgan edilar va oila uchun yanada kamroq vaqt qolgan edi.
Taqdir menga butun umr Islom Abdug‘aniyevichga xizmat qilishni nasib etdi. Men turmush o‘rtog‘im ishlashi uchun, ayniqsa, Prezident bo‘lganlaridan keyin imkon qadar kerakli shart-sharoit yaratishga intildim. Negaki, Islom Abdug‘aniyevich uchun ish juda ham muhim ekanini yaxshi bilar edim.
U kishi kuchli iroda va xarakter sohibi bo‘lib, juda ko‘p ishlar edilar. Biz oila qurgan kezlarimizda kamolga yetgan inson edilar. Men o‘shandayoq u kishining shaxsiyati ko‘lamini anglagan, murakkab, lekin sharafli bir yo‘lni bosib o‘tishlarini his etgan edim.
Men hamisha Islom Abdug‘aniyevichga hamnafas bo‘ldim. Mendan butun umr izlanish, o‘sish, matonatli bo‘lish va tushunishga odatlanish, takomillashish yo‘lidan yurmoq talab etildi. Negaki, umr yo‘ldoshim mudom o‘qib-izlanib yuksak cho‘qqilar sari talpinardilar. Muhabbat bizni birlashtirdi, butun hayot yo‘limizni yoritdi…