TOShKENT, 12 okt — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova va qizlari Lola Karimova 2016-yil 10-oktabr kuni Toshkent shahrida qad rostlagan "Minor" jome masjidini ziyorat qilishdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahar vakilligi saytiga tayangan holda kun.uz xabar bergan.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov masjidning qurilish tarixi, masjid sig‘imi, yurtimizning turli viloyatlaridan kelayotgan ziyoratchilarning yurtimiz va yaqinda vafot etgan yurtboshimiz haqlariga qilayotgan duolarini aytib o‘tdi. A.Tursunov masjidning qurilishi O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov janoblarining tashabuslari bilan chiroyli va ko‘rkam holga keltirilganligini, ushbu qilingan barcha ishlar tahsinga sazovor ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Tatyana Karimova va qizlari Lola Karimovalar "Minor" masjidiga qilgan ziyoratlaridan mamnun bo‘lganliklarini bildirib, birinchi Prezidentimizning 1992-yil Umra safarida Saudiya Arabistoni qiroli tomonidan hadya qilingan kisvani masjid jamoasiga hadya qilishdi. Ushbu kabapo‘shning qadri yana shu bilan balandki, ushbu kisva bir yil davomida Kabayi Muazzama ichida saqlangan.
Ziyorat so‘ngida O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimovning haqlariga Qur’on tilovat qilinib, ruhi poklariga bag‘ishlandi. Shuningdek, ziyoratchilarga "Minor" masjidi nomidan esdalik sovg‘alar topshirildi.