TOShKENT, 11 yanv – Sputnik. Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan "Fuqarolarni jinoyatchilikka qarshi kurashda ishtiroki uchun rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida” gi nizomga ko‘ra, jinoyatchini tutishda yordam bergan fuqaroga 3,5 mln so‘mgacha mukofot puli berilar ekan.
Bugun ushbu xabar Facebookdagi “Xalq bilan muloqot” guruhida eng faol muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylandi.
Qoldirilgan izohlarga ko‘ra, foydalanuvchilaring 90% jinoyatni oldini olish va uni fosh etishga qaratilgan ushbu faoliyatni – keskin qoralagan. Ularning fikricha biror qonunbuzarlik yoki jinoyat haqida xabar bergan fuqarolar “kazollar”, “sotqinlar”, “quloqlar” va boshqa yomon va haqoratli so‘zlarga loyiq kishilardir.
Undan tashqari, ayrim foydalanuvchilar xabar bergan fuqarolardan keyinchalik o‘ch olinishi mumkinligiga ham shama qilgan. Xususan, guruh a’zolaridan biri “Pavlik Morozovlar ko‘payar ekan-da” deb yozgan. Boshqasi esa, “Qotilliklar soni keskin oshadi”, degan. (Pavlik Morozov – o‘z boyligini yashirganlar haqida sovet hukumatiga xabar bergani uchun o‘rmonda yashirincha o‘ldirilgan yosh bola)
Shu o‘rinda dunyo tajribasiga nazar solsak, AQShda bunday qonun bir asrdan beri amal qilib kelmoqda va jamiyat uchun uning natijasi faqat ijobiy bo‘lgan. Yevropa mamlakatlarida ham shu kabi qonunlar bor. Rossiyada bunday xabarlar uchun 500 ming rublgacha mukofot belgilangan.
Xo‘sh, O‘zbekistonda, jinoyatni oldini oldishga yordam bergan kishiga nisbatan nega bunday munosabat bildirilmoqda?
Birinchidan, bunday dunyoqarash bizning jamiyat ongida sobiq Ittifoqdan qolgan “me’ros”lardan biri desak adashmaymiz. Balkim bunga qatag‘on yillaridan qolgan qo‘quv sababchidir. Lekin, bizningcha, ko‘proq hozirgacha ayrim davralarda obro‘si baland bo‘lgan “vorovskoy zakon”lar ta’siri – ya’ni o‘g‘rilarning yozilmagan qonun va qoidalari sabab bo‘lsa kerak.
Ikkinchidan, Mustaqillik yillarida ham huquqni saqlash organlari va sud-huquq tizimida kuzatilgan ko‘plab kamchiliklar, nohaqliklar, yolg‘on va tuhmatlar asosida fuqarolar qamalish hollari bo‘lgani tufayli, sud-huquq tizimga bo‘lgan ishonchsizlik ham sabab bo‘lsa kerak.
Bugungi kunda, yuqoridagi ikkala sababning ham dolzarbligi yo‘qolgan. Xudoga shukurki, “qonundagi o‘g‘ri”lar jamiyatni boshqargan davrlar ham, prokurorlar ham xonu ham bek bo‘lgan davrlar ham – ortda qoldi. Lekin ko‘pchillik zamon o‘zgarganini payqamasdan, haligacha inersiya bo‘yicha yana eskicha qo‘rquvlar asosida fikr yuritmoqda va boshqalarni ham shunga ishontirishga, kezi kelsa qo‘rqitishga harakat qilmoqda.
Vaholanki, ana shunday xabarlardan biri bir kun kelib ularning o‘zlarini yoki oila a’zolarining hayotini, mulkini saqlab qolishi mumkinligi yoki boshqa biror mudhish jinoyatning oldini olishi mumkinligi – ularning esiga kelmaydi.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi, agar kishi halol mehnat bilan oila boqsa, xalq va jamiyat oldda vijdoni pok bo‘lsa, birovning ham davlatning ham haqqini yemasa – ushbu yangi qonun unga qanday xavf solishi mumkin? Yoki nimasi bilan unga yoqmasligi mumkin?
Lekin doimiy ravishda qonunni buzib kelayotgan, noqonuniy biznes yuritayotgan, katta-kichik jinoyatni o‘ziga odat qilib olgan kishilarga, poraxo‘r amaldorlarga – albatta, bu qonun yoqmaydi.
Biz chin dildan umid qilamizki, O‘zbekiston aholisi orasida bundaylarning soni kam va ushbu yangi qonun faqatgina jinoyatlarning oldini olishga, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni kuchaytirish uchun xizmat qiladi.
Qolaversa, yangi qonunning asosiy maqsadi, biror kimni boy qilish emas, aslida Hukumat — kelinglar, jinoyatchilikka qarshi barchamiz bir jonu bir tan bo‘lib kurashaylik, demoqchi. Jinoyat haqida xabar bergan kishi “quloq” yoki “kozol” emas, aksincha o‘z burchini yaxshi tushungan fuqaro, qonun himoyachisi demoqchi.