TOShKENT, 26 dek — Sputnik. Samarqandda o‘tkazilgan Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasi hamda Xalq deputatlari viloyat kengashining qo‘shma yig‘ilishida viloyatda 2017-yil boshidan buyon uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan kamayganligi haqida hisobot berildi.
Ayollar, yoshlar va muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar kamayishi kuzatilgan. Ammo Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Oqdaryo, Paxtachi, Pastdarg‘om va Jomboy tumanlarida mazkur toifadagi jinoyatlar sezilarli ravishda oshgan.
Viloyat bo‘yicha og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 31,5, o‘g‘rilik 10,1, firibgarlik 8,4, talonchilik 50, transport vositasini olib qochish 17,4, guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 7,8 foizga ko‘paygan.
Shuningdek, viloyatda tezkor-qidiruv bo‘yicha chora-tadbirlar ham yetarli darajada amalga oshirilmagan. Sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 22,6 foizi, jinoyat-qidiruv yo‘nalishidagi jinoyatlarning 32,6 foizi fosh etilmagan. Qidiruv tadbirlari samarali tashkil etilmagani sababli ichki ishlar organlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan shaxslarning 34,9 foizi ushlanmagan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish Respublika komissiyasi va uning mintaqaviy Ishchi guruhlari tuzilgan. Samarqand viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar Komissiyaning 4-mintaqaviy Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan.
Yig‘ilishda muhokama etilgan masala yuzasidan viloyat ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi boshqarmalari rahbarlarining axborotlari, jinoyatlar soni ortgan shahar va tumanlar hokimlari, ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari fikrlari tinglangan. Ularga holatni ijobiy tomonga o‘zgartirish va faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berilgan.