TOShKENT, 8-may — Sputnik. Nega Amerikada samarqandliklar buncha ko‘p, degan savolga jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev javob topishga harakat qildi.
"Bu savolni ko‘p joylarda, har xil vaziyatda, O‘zbekistonning turli hudud vakillari bo‘lgan tanish va notanishlardan eshitishga to‘g‘ri keladi. Bir necha yildirki, ushbu muammo ayrimlarga tinchlik bermay kelmoqda, sinchkovlik bilan bu holatning tagiga yetmoqchi bo‘lganlar qancha.
Bunga javoban konsullar Grin kard lotereyasi inson omilidan erkin ekanligini, hech kim hech qanday yo‘l bilan uning natijasiga daxl qila olmasligini ta’kidlashadi. Ya’ni nega samarqandliklarga har doim "omad kulib boqishi" sabablarini aniq aytolmasliklarini tan olishadi. Ammo, shu bilan birga, lotereya xolislik asosida o‘ynalishini uqtirishadi. Shunga qaramasdan, viza bilan bog‘liq masalalar ko‘p yillar davomida turli gap-so‘zlarga sabab bo‘lmoqda.
Umumiy ahvolga bir nigoh
Darhaqiqat, Nyu-Yorkka borgan har bir vatandoshimiz bu yerda samarqandliklar ko‘pligini ko‘rib hayron bo‘ladi. Men o‘zim 2001-yilda ilk bor AQShga borganimda, tanishlardan "bu yerda o‘zimizning Siyob tumani bor" degan so‘zlarini eshitib, bunga ishongim kelmagan edi. Samarqandda bo‘lganlar bilishadi: uning Eski shahar deb ataladigan qismi doirasida avvallari Siyob tumani tashkil etilgan edi.
"Rus bazasi" deb nom olgan supermarketlarda ham o‘zimizning yigit-qizlarimiz ishlashardi. Bundan tashqari, yurtdoshlarimiz zich yashayotgan yana bir shahar — Pensilvaniyada ham bo‘ldim, tanish va notanish kishilardan Amerikaga qanday yo‘llar bilan kelganliklarini so‘rab surishtirdim.
Suhbatdoshlarimi orasida Grin kard egalari, har xil maqsadda AQShga qonuniy yo‘l bilan kelib ishlayotganlar, viza muddatini o‘tkazib yuborib mamlakat hududida noqonuniy qolib ketganlar bor edi.
Suhbat davomida quyidagi savollarga javob topishga harakat qildim: a)Nima uchun O‘zbekistonning boshqa hududliriga nisbatan AQShda samarqandliklar ko‘pchilikni tashkil etadi; b)nega ular Bruklinda Boro park degan mavzeni, Kvinsda Rego park mavzesini tanlagan; v)Amerikada nolegal yashab kelayotganlar qaysi yo‘llar bilan viza olishga erishgan; d)o‘zbekistonliklar okean orti mamlakatida qanday yumushlarni bajarmoqdalar; e)amerikacha hayot tarzi yurtdoshlarimizga, ayniqsa, yoshlarga qanday ta’sir qilmoqda; yo)yoshlarimiz nuqtayi nazaridan AQShdagi ta’lim tizimi biznikidan nimasi bilan farq qiladi. Savollar, savollar. Xuddi ularning oxiri yo‘qday…
Boshlanishi qanday bo‘lgan edi?
O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridan boshlab yurtdoshlarimiz uchun xorijga chiqish imkoniyati paydo bo‘lishi bilan bir qator tadbirkor, ishni ko‘zini biladigan chaqqonlarimiz ko‘pgina mamalakatlar qatori AQSh safarini ham yo‘lga qo‘yishdi. 15-yildan beri Amerika yerida yashab kelayotgan Maruf ismli tanishim o‘zbekistonliklar tomonidan "sehrli diyor"ning yangidan "kashf etilishi" haqida bilganlari bilan o‘rtoqlashdi. U Samarqandda ilmiy-ma’riyiy muassasalardan birini boshqargan, fan nomzodi.
Biznikilar AQShga borgach, yangi hayot, yangi imkoniyatlar bilan tanishib, ilojini topib hujjat tayyorlab, o‘sha yerda qolish uchun harakat qilishadi, ilojini topolmaganlar noqonuniy qolib ketishadi. "Men Samarqandda kattagina univermagni boshqarardim, — deydi yangi tanishim Mansur. — Bu yerga bir vaqtlar birga ishlagan o‘rtog‘im taklifi bilan kelgan edim. 80-yillarning oxiri — 90-yillar boshidagi pul islohoti tufayli yig‘ib qo‘ygan mablag‘im qadrsizlandi. Faqat savdo bilan shug‘ullanganman.
Davlat tomonidan yetkazib turilgan tovarlarning ustiga ortiqcha narx qo‘yib, boylik orttirganman. Endi u zamonlar o‘tgan edi".
Ana shunday vaqtda Mansurning Amerikaga kelishi joniga oro kiradi. U bir muddat mehmondorchilikda bo‘lgach, o‘zaro suhbatlar davomida ishlab pul topish mumkinligini bilib oladi. U umrida qilmagan og‘ir ishlar bajarishga majbur bo‘ladi. O‘zining tan olishicha, dastlabki paytlar jismoniy ishning og‘irligidan ko‘ra unga ko‘proq ruhiy qiyinchiliklar azob bergan. Ammo sekin-asta hammasiga chidab, maqsadi faqat pul topishdan iborat bo‘lganligi bois yangicha hayot tarziga ko‘nikib qolgan.
Shundan so‘ng u Samarqanddagi tanishlariga Amerikaga kelib ishlashning afzalliklari haqida tez-tez gapirib turgan.
Uddaburonlar uchun o‘sha yillarda bir qator imkoniyatlar mavjud edi. Yosh O‘zbekiston davlatidan turli delegatsiyalar borib turardi. Bular — madaniyat, san’at, sport, ilm-ma’rifat soha vakillari hamda tadbirkor va fermerlardan iborat delegatsiyalar edi. Ularning tarkibiga bir necha nafar sohaga daxli bo‘lmagan korchallonlar qo‘shilar edi. Ingliz tilini biladigan va maqsadi Amerikaga borib, ishlab qolish bo‘lganlarga o‘qishga, malaka oshirishga, ilmiy anjumanlarga ishtirok etish uchun taklifnomalar tayyorlanardi. Bu ish birnecha yil davom etganligi bois AQShda samarqandliklarning soni ko‘payib boraverdi.
Yuqorida bayon etilganlarni tahlil etib, nega AQSh vizasi ko‘proq Samarqand ahliga nasib etganlikini bilib olsa bo‘ladi. Endi ikkinchi masala — Grin kard haqida. Viza-ku turli yo‘llar bilan olingan ekan, nega keyingi yillarda xolis hisoblangan Grin kard lotereyasida ham omad asosan samarqandliklarga kulib boqmoqda? Bunday savolni ham tez-tez eshitish mumkin. Ushbu savolga qisqacha shunday javob qaytarish mumkin.
2015 yilgacha nafaqat Samarqand shahrida, balki tuman markazlarida Grin kard lotereyasida ishtirok etish uchun so‘rovnoma to‘ldirishga chaqiruvchi e’lonlarni har qadamda uchratish mumkin edi. Poytaxt Toshkent shahridan boshqa joyda targ‘ibot ishlari bunday ko‘lamda tashkil etilmagan edi.
Shunisi diqqatga sazovorki, firmalar e’lonu reklamalar chiqarish bilan cheklanib, odamlarning ularga murojaat etishini kutib o‘tirmasdan, o‘zlari aholi orasiga kirib borishadi. Ular uyma-uy yurib, korxona, muassasa, o‘quv yurtlarida bo‘lib, deyarli tekinga Grin kard lotereyasi so‘rovnomasini to‘ldirishadi. Lotereyada Samarqanddan ko‘pchilik qatnashganligi bois viza ham ushbu hudud vakillarigi ko‘proq nasib etmoqda.
Viza olish uchun murojaatlar soni kamaymoqda
Keyingi yillarda AQSh vizasini olish istagida bo‘lganlar soni keskin kamaydi. Avvallari elchixonaning konsullik bo‘limiga kirish uchun olti oygacha navbatga turish to‘g‘ri kelardi. O‘shanda elchixona binosi oldida juda ko‘pchilik to‘planardi. Viza so‘rab kelganlardan tashqari ularning yaqinlari, oila a’zolari ham bu yerda hozir bo‘lishardi.
Amerikaga borish niyatida bo‘lganlardan kattagina qismining orzusi ushaldi. Ular yo qonuniy yo‘l bilan, jumladan, Grin kard vositasida yoki noqununiy yo‘llar bilan viza olishga erishdi.
Shuningdek, ustma ust murojaat qilaverib, rad javobini olganlarning ko‘ngli sovub, boshqa viza so‘ramaydigan bo‘lib qolishdi.
Buning ustiga konsullikning viza berish talabini kuchaytirgani avvallari tayyorlanadigan qalbaki hujjatlarning "o‘tmas" qilib qo‘ydi. Avvallari "bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa bo‘lmas", degan fikr bilan bir urinib ko‘rish uchun ham ayrimlar vizaga hujjat tayyorlashardi. Lekin viza olishga qilinadigan murojaat uchun to‘lov miqdori 160 dollarga oshganligi bois havasga hujjat topshiradiganlar kamaydi.
Oxirida shuni tan olishim lozimki, hali ham viza olish ilinjida turli qing‘ir yo‘llarni qidirayotganlar yo‘q emas.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.