TOSHKENT, 26 apr — Sputnik. Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari AQShga chiqish uchun soxta viza tayyorlash bilan shugʻullangan toshkentlik 59 yoshli Diloromxon Murodovani qoʻlga oldilar. Bu haqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiriga kuch tizimi vakili maʼlum qildi.
U AQShga borishni moʻljallagan oʻzbekistonliklarga maʼlum haq evaziga viza bilan bogʻliq barcha muammolarni hal qilishini aytgan. Xususan, u fuqarolardan biriga uni 25 mayda Sietldagi kontsertda qatnashuvchi musiqachi sifatida joʻnatib yuborishini aytib viza rasmiylashtirishni tezlashtirish uchun 5 ming dollar soʻragan. Fuqaroning ishonchiga kirish uchun u "Oʻzbekkontsert" davlat muassasasida tanishlari borligini aytgan.
"Tovlamachi 5 ming dollarni olayotganida qoʻlga olindi. Dastlabki surishtiruv paytida u oʻz aybiga iqror boʻlmadi, biroq tezkor xodimlar tomonidan toʻplangan dalillar koʻrsatilganidan soʻng aybini toʻliq tan oldi. Toʻplangan maʼlumotlarga qaraganda, Murodova shunday tovlamachilik yoʻli bilan boshqa fuqarolardan ham pul olgan", — dedi MXX vakili.
Bosh prokuratura ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatdi. Ayni vaqtda tovlamachi ayol va uning sheriklari amalga oshirgan qonunga xilof boshqa ishlar ham aniqlanmoqda.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.