TOSHKENT, 21 mar — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. AQSH hukumati Green Card lotereyasini bekor qilmoqchi, degan gap-soʻzlar soʻnggi vaqtlarda tez-tez quloqqa chalina boshladi.
Green Card lotereyasi bekor qilinishiga kimdir ishondi, yana kimdir bu haqda aniqroq maʼlumot olishni xohladi. Masalaga oydinlik kiritish uchun internet tarmogʻida aynan shu mavzuda yoritilgan xabarlarni birma-bir koʻzdan kechirib chiqdim.
Hammasi Kongressga bogʻliq
Maʼlumotlarni oʻqir ekansiz, Green Card yoʻq qilish masalasi allaqachon va bir necha marotaba davlat darajasida koʻtarilganiga guvoh boʻlish mumkin. Eʼtiborlisi, immigratsiya masalasini uzil-kesil hal qilish istagida yonuvchi respublikachilar grin-kartani yoʻq qilish uchun ovoz berib kelayotgan boʻlsalar, demokratlar respublikalarning bu ishtiyoqiga qarshi chiqmoqda.
Kosa tagida nimkosa…
Hammasi biz oʻylaganchalik oddiy emas. Respublikachilar Green Card lotereyasini toʻliq bekor qilish haqida emas, balki mamlakatga kirib kelayotganlarni yaxshiroq "filtrlash" toʻgʻrisida ogʻiz ochishmoqda. Masalan, respublikachi Darell Aysa maʼlum bir navbatlar tashkil qilish haqida gapirgan. Uning fikricha hozir kimga ehtiyoj koʻproq, deylik, olimgami yoki ofitsiantga — AQShning oʻzi ajratib olishi kerak, degan bir taklifni ilgari surgan.
Grin-karta javobini 13 yil kutasiz…
SlavicSac.com nashri respublikasi-senatorlar Tom Kotton va Devid Perdyu AQSH immigratsiya tizimini tubdan oʻzgartiruvchi qonun loyihasi ustida ishlashayotganini maʼlum qildi. Qonunchilik loyihasi mualliflari rejasiga koʻra, endilikda mamlakatga kirib kelayotgan chet elliklar soni teng yarmiga — million nafardan 500 minggacha qisqarishi mumkin.
Tom Kotton va Devid Perdyular ularning bu taklifi joriy yilning oʻzidayoq Senat tomonidan koʻrib chiqilishiga umid qilishmoqda. Kotton va Perdyuning soʻzlariga koʻra, ushbu qonunchilik loyihasi haqida eʼlon qilishdan oldin ular prezident Tramp bilan uchrashishgan va bu masalani u bilan muhokama qilishgan.