Din haqida ilm beruvchi dunyoviy maskan: xalqaro islom akademiyasi hayotidan reportaj

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ayni kunlarda yigirma yoshini nishonlamoqda. Sputnik O‘zbekiston muxbiri yubiley sana arafasida ushbu ta’lim maskanida bo‘ldi va akademiya hayoti bilan yaqindan tanishdi.
Sputnik

Din haqida ilm beruvchi dunyoviy maskan

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 2018-yilning 16-aprelida Toshkent islom universiteti va O‘zbekiston islom akademiyasi negizida tashkil topgan. Bugunga kelib, mingdan oshiq talabalar, shu jumladan, chet ellik yoshlar ham ushbu ta’lim maskanida tahsil olmoqda. Aytish joizki, xorijiy talabalar istisno tarzida Akademiyaga suhbat asosida qabul qilinadi.

Din haqida ilm beruvchi dunyoviy maskan: xalqaro islom akademiyasi hayotidan reportaj

Akademiyada Islomshunoslik, Mumtoz Sharq filologiyasi, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakultetlari mavjud. Bu fakultetlar negizida esa 12 ta kafedra ishlab kelmoqda. Hozirgi vaqtda bakalavriatning 12 ta yo‘nalishi, magistraturaning 8 ta mutaxassisligi hamda doktoranturaning 4 ta ixtisosligi bo‘yicha talaba va tadqiqotchilar qabul qilinmoqda.

"Xalqaro miqyosda faoliyat yurita boshlaganimizdan buyon dunyoning barcha qit’alari – Amerika, Osiyo, Yevropa, Afrika, Avstraliyadan delegatsiyalar tashrif buyurdi. Dastlabki yili Rossiya va qo‘shni davlatlar fuqarolarida bu yerda kelib tahsil olish borasida takliflar tushgan bo‘lsa endi murojaatlar geografiyasi kengayib, ular qatoriga Malayziya va Indoneziya kabi davlatlar yoshlari ham qo‘shilmoqda", – deydi ushbu ta’lim maskanining xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Zohir Toshxo‘jayev va sal turib qo‘shimcha qiladi: "Siz bu yerga bevosita shaxsan kelib, faoliyatimiz haqida batafsil reportaj tayyorlagan birinchi xorijiy jurnalist bo‘ldingiz".

Suhbatimiz davomida ish rejani tuzib olamiz va reportajni ta’lim dargohi rektori, siyosiy fanlar doktori, professor Shuhrat Yovqochev bilan intervyudan boshlashga kelishamiz.

Yetti oy oldin ushbu lavozimga tayinlangan Yovqochev bilan suhbatimiz akademiya maqsadi va vazifalari, talabalar odob-axloqi, chet mamlakatlarda turib, O‘zbekistondagi yirik islom ma’rifiy maskani – Xalqaro islom akademiyasi obro‘siga putur yetkazishga urinayotgan va bundan manfaatdor kuchlar borasida kechadi.

Mirziyoyev islom dini yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy maktablar tashkil etishni taklif qildi

"Xalqaro islom akademiyasi, deyilganda, ko‘pchilik nazdida ilohiyotdan yoki faqat diniy ta’lim beradigan ta’lim dargohi gavdalanadi. Yo‘q, unday emas. Biz avvalambor, diniy va dunyoviy ilmlarni chuqur biladigan, jadal rivojlanib borayotgan hozirgi davr masalalariga to‘liq javob bera oladigan, dunyoqarashi keng mutaxassislarni tayyorlaymiz. Yangi-yangi yo‘nalishlar ochmoqdamiz. Mana, o‘tgan yili yangi yo‘nalish: ziyorat turizmi,  islom iqtisodiyoti va moliyasi bo‘yicha talabalarni qabul qildik. 

O‘zbekiston dunyo sivilizatsiyasi, xususan, islom madaniyatining qadimiy markazlaridan biri hisoblanadi. Bu mo‘’tabar zaminda nomi olamga tanilgan olimu allomalar dunyoga kelgan va ular tomonidan benazir asarlar yaratilgan. Demak, ta’lim maskanimizning yana bir ustuvor vazifalaridan biri diniy-ma’rifiy sohalarda keng qamrovli ilmiy tadqiqotlar olib borish, allomalarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini mukammal o‘rganish va yosh avlodni shu ruhda tarbiyalashdan iborat", - deydi suhbat davomida professor.

Yovqochev akademiya respublikadagi barcha diniy ta’lim muassasalari uchun o‘quv-uslubiy markaz sifatida xizmat qilishiga e’tibor qaratadi.

"Bu yo‘nalishda ehtiyoj juda ham katta. Noyabr oyida ish beruvchilar majlisini o‘tkazdik, akademiyani bitiradigan 150 dan ortiq talabalarimizning hammasi davlat tashkilotlarida faoliyatini davom ettirishapti", - deydi u.

Mirziyoyev: Imom Buxoriy markazi haqiqiy islom ta’limoti to‘g‘risida ma’lumot bersin

Bugungi kunda Akademiya xorijda faoliyat olib borayotgan oliy diniy ta’lim maskanlari hamda boshqa tashkilot vakillari bilan hamkorlikni faollashtirgan. Qolaversa, akademiyaga chet davlatlardagi turli universitetlardan ko‘plab takliflar tushmoqda.

"Saudiya Arabistoniga borib keldik, u yerda ham qator universitet, markazlar bizlar bilan aloqalarni o‘rnatib, hamkorlik rishtalarini rivojlantirmoqchi. Oktabr oyida tarixi ming yildan o‘tadigan Al-Azhar universiteti bilan memorandum tuzdik, yanvar oyida u yerga borib kelib, birinchi yillik yo‘l xaritasini tuzib, hozirgi paytda magistrant va bakalavrlarni saralash bosqichida turibmiz, kuzdan boshlab talabalar Misrga borishadi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim muassasalari bilan memorandum imzolangan. Angliyaga–Oksfordga professor-o‘qituvchilarimiz borib kelishayapti. Turkiyadan takliflar bor. O‘n beshga yaqin davlatlar bilan aloqalarimiz mavjud", - deydi xalqaro aloqalar borasida rektor va bu ishlarning barchasi Akademiyadagi o‘quv jarayoni sifatini ko‘tarishga xizmat qilishini qo‘shimcha qiladi.

Suhbat davomida akademiya atrofidagi shov-shuvlarga ham to‘xtalamiz.

“...tosh otishlar juda ko‘p bo‘ladi. Mevali daraxtga tosh otiladi, deyishadiku. Bilasiz-ki, har bitta o‘quv muassasasining odob-axloq qoidalari mavjud. Biz o‘quv jarayonini tashkil qilishda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga bo‘ysunamiz. Bu yerga o‘qishga kirgan talabalar bilan ikki tomonlama  shartnoma tuziladi. Bu Oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qabul qilgan qarorlarga zid emas. Shuni aytishim mumkin-ki, shu kungacha birorta ham talaba odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun akademiya safidan chetlashtirilmagan", - deydi rektor.

Yovqochev akademiyaning o‘ziga xos jihatlari haqida ham aytib o‘tadi. “Bizda manbalar xazinasi mavjud, u akademiyamiz faxri. Bu yerdagi qo‘lozmalarning eng qadimgisi XIII asrga borib taqaladi. XVIII-XIX asrga tegishli 2,5 mingdan ortiq litografiyalar, 10 mingtaga yaqin zamonaviy kitoblar bor, albatta borib ko‘ring”, - deya tavsiya etadi suhbat yakunida professor .

Rektorning tavsiyasi bilan Manbalar xazinasiga yo‘l olaman.

Din haqida ilm beruvchi dunyoviy maskan: xalqaro islom akademiyasi hayotidan reportaj

Bu bo‘lim ikkita alohida katta zalga bo‘lingan bo‘lib, bittasida zamonaviy nashr qilingan yangi kitoblar, ikkinchisida esa qadimgi qo‘lozmalar va toshbosma kitoblar saqlanar ekan. Zamonaviy kitoblar 10 ming nusxadan ziyod, qadimgi qo‘lozma asarlar 500 ga yaqin, toshbosma kitoblar esa 1,5 ming nusxadan oshiq.

Din haqida ilm beruvchi dunyoviy maskan: xalqaro islom akademiyasi hayotidan reportaj

Manbalar xazinasi bo‘limi mudiri Muhammadsiddiq Usmonovning aytishicha, bo‘limdagi qadimgi qo‘lozmalarning aksariyati aholi tomonidan talabalar foydalanishi uchun hadya sifatida topshirib ketilgan.

Bo‘limning asosiy faoliyati aholidan kitoblarni sotib olish, har oyda bir viloyatga safar uyushtirish va shu qo‘lozmalar to‘g‘risida targ‘ibot olib borish, kitob yig‘ish va saqlashdan iborat. Bo‘lim xodimlarining asosiy vazifasi esa kelib tushgan qo‘lozma muallifini, xususan, kim tomonidan yozilgan, qaysi davrga tegishli va kitobning mavzusi nimadan iboratligini aniqlashdan iborat. Shuningdek, kitobning qaysi xat turidan va qanday qog‘oz turiga (Qo‘qon qog‘ozimi, Samarqand qog‘ozimi, Buxoro, Sharq qog‘ozlarimi) daxldor ekanligi aniqlanar ekan.

Din haqida ilm beruvchi dunyoviy maskan: xalqaro islom akademiyasi hayotidan reportaj

Shu tariqa, kitobning qisqa katalogi tuziladi. Undan keyin bo‘limda munosib saqlash qish, yoz ob-havosi masalasi ko‘rib chiqiladi va shu bilan birga kitobning umrini uzaytirish maqsadida ulardan elektron nusxa, ya’ni fotonusxalari ko‘chirib olinadi. “Ilmiy xodimlar qo‘lozmalardagi muhim mavzularni tanlab, ularni tadqiq qilib, hozirgi zamonaviy tilimizga aylantirish bilan, ilmiy ishlar bilan band bo‘ladilar. Bo‘limda nafaqat diniy mavzudagi, balki dunyoviy mavzudagi kitoblar ham ko‘p. Astronomiya, tibbiyot, matematika, fiqh, islom tarixi va manbashunosligi va xatto zoologiya ya’ni hayvonot dunyosiga tegishli kitoblar ham mavjud.

Din haqida ilm beruvchi dunyoviy maskan: xalqaro islom akademiyasi hayotidan reportaj

Bo‘limda saqlanadigan eng katta kitob  - Usmon mushafidir. U 2004-yilda kiyik terisiga ko‘chirilgan. Halifa Usmon (r.a) davrida 7 ta, ba’zi manbalarga ko‘ra 6 ta nusxa ko‘chirib, yetti iqlimga tarqatilgan. Aynan shu kitobning yoshi bilan teng bo‘lgan Qur’onning Langar nusxasi Qashqadaryodan topilgan bo‘lib, hozirgi kunda 20 ga yaqin sahifasi O‘zbekistonda, aksariyat qismi esa Rossiyada saqlanadi.

Manbalar xazinasi bo‘limi mudirining aytishicha, akademiyadagi ushbu bebaho xazinaga BAA delegatsiyasi mutaxassislari o‘ta yuqori baho bergan bo‘lsa, G‘arb davlatlari olimlari ham doima qiziqish bildirib keladilar.

Bo‘lim mudiri so‘zlariga ko‘ra, O‘rta Osiyo davlatlarida ham bunaqa katta boylik yo‘q. Qo‘shni mamlakatlardan - Turkmanistondan kelib o‘zlari tarixiga tegishli bo‘lgan ko‘p manbalarni o‘rganib ketishgan.

Manbalar xazinasi bilan tanishgach, dars jarayonlarini kuzatish uchun akademiyaning asosiy bo‘limlaridan biri bo‘lgan Islomshunoslik fakultetiga yo‘l olaman.

Auditoriya eshigini taqillatib, ichkariga kirishimiz bilan, talabalar o‘rinlaridan turib mehmonlarga hurmat ko‘rsatishadi. Salomdan so‘ng barchasi yana o‘qituvchi so‘zlariga diqqatlarini jamlaydilar.

Din haqida ilm beruvchi dunyoviy maskan: xalqaro islom akademiyasi hayotidan reportaj

Darslar rus, arab, fors tillarida kechmoqda.

Islomshunoslik fakulteti dekani Abduxoliq Tashanov “Islomshunoslik” Akademiya tarixidagi yangi yo‘nalish ekani, shu paytgacha O‘zbekistonda bunday fakultet bo‘lmaganini aytadi. Hozirgi kunda fakultetda to‘rtta kafedra mavjud. Yuqori malakali mutaxassislar 200 dan ortiq fanlardan dars berishadi.

Din haqida ilm beruvchi dunyoviy maskan: xalqaro islom akademiyasi hayotidan reportaj

Uchta yo‘nalish: islomshunoslik, dinshunoslik, islom tarixi va manbashunoslik yo‘nalishlari mavjud.

“Islomshunoslik bo‘limiga birinchi marta 150 talaba qabul qilindi. Mazkur yo‘nalishning asosiy maqsadi talabalarga islom fanlari: Qur’on, tavsir, hadis, fikh kabi ilmlar mohiyatini chuqur o‘rgatish va yaxshi mutaxassislarni yetishtirib berishdan iborat. Islom fanlari manbalari arab tilida bo‘lgani uchun guvohi bo‘lganingizdek fakultetda arab tili darslari ko‘p o‘qitiladi.

Niderlandiyada oldin musulmonlarga qarshi bo‘lgan siyosatchi islom dinini qabul qildi

Shuningdek, hozirgi kunda dinshunos kadrlarga bo‘lgan talablar juda ham ortib bormoqda, ular nafaqat islom dinini, balki boshqa dinlar tarixini, mohiyatini chuqur va teran anglaydigan kadr bo‘lishlari lozim. To‘rtta kafedra butun respublikadagi shu turdagi kafedralar uchun tayanch hisoblanadi.

Yaqin kelajakda esa fakultetda to‘laligicha rus va ingliz tillarida darslar olib boriladigan guruhlar tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda, dedi u.

Tashanov bilan fakultet o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlardan tashqari bugungi kunda islom dunyosi boshdan o‘tkazayotgan murakkab davrlar haqida ham suhbatlashamiz.

"O‘z oldimizga haqiqiy sof manbalar orqali islomiy haqiqatni, e’tiqodni va bilimlarni chuqur o‘rganadigan mutaxassislar tayyorlash va shu orqali xalqimizga ilmni yana qaytarishni maqsad qilib olganmiz", - deydi suhbatdosh.

Bugungi kunda jahonda tobora avj olayotgan islomofobiya to‘g‘risida savolimga javob berar ekan, Tashanov haqiqatda islom dunyosi murakkab vaziyatni boshdan kechirayotganini inkor etmaydi.

"Hozir manfaatlar dunyosi, madaniyatlar to‘qnashadigan dunyo. Shunday ekan, Islom mohiyatini, uning zamirida vujudga kelgan sivilizatsiyani, taraqqiyotni hazm qilolmaydigan kuchlar bo‘lishi tabiiy. Chunki dunyo shunday manfaatlar, ezgulik va yovuzlik, yoki shunday kuchlar to‘qnashuvidan iborat. Islomni qo‘rqinchli saltanatga aylantirishga urinayotgan, odamlar ongida islom allaqanday bir yovuzlik timsoli, yovuzlik dini ekanligini singdirishga urinayotganlar va shunday stereotiplar ongida o‘rnashib qolganlar shuni bilishi kerakki, islom hech qachon yovuzlikka chorlamagan. Dunyoga qanchadan-qancha taraqqiyot makonlarini bergan din yovuz  bo‘lishi mumkin emas.

O‘zbekistonda xalqaro islom akademiyasi va diniy telekanal tashkil qilinadi

Islom dini – bag‘rikenglikni yoqlaydi. Har bir holatga insoniylik nuqtayi nazaridan yondashishni yoqlaydi. Islom tinchlik dini, salomatlik dini. Bu din hech qachon insonlarni terrorga yoki insonlarni bexudaga qurbon qilishga chorlamaydi. Uning mohiyati dunyoni obod qilish, dunyoni rivojlantirish”, - deydi domla.

Ushbu bo‘limni tark etar ekanman, akademiya hovlisida talabalar tanaffusga chiqishganiga guvoh bo‘laman.

Uch-to‘rt, guruh-guruh bo‘lib o‘tirgan talabalarning deyarli aksariyati kitob yoki konspekt mutolaa qilish bilan band. Besedkada dars tayyorlab o‘tirgan qizlar yoniga boraman. O‘zimni tanishtirib, akademiya haqidagi fikrlarini so‘rayman.

Din haqida ilm beruvchi dunyoviy maskan: xalqaro islom akademiyasi hayotidan reportaj

Suhbat davomida qizlarning biri “Hadisi sharif bilimdoni” musobaqasi g‘olibasi ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Aytgancha, muxbirligimdan xabar topishgach, yuzlarini suratga olmasligimni so‘rashadi. Ularni tinchlantirib, o‘qish haqida savol beraman.

“Ustozlarimizning hammasi o‘z sohalari ustalari. Qur’on ustozlarimiz, fikh fani ustozlarimizdan o‘zimizga kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni olayapmiz”, - deydi qizlardan biri.

Akademiya atrofidagi shov-shuvlar haqida fikrlariga qiziqaman. Aytishlaricha, bu haqda ulardan tez-tez so‘rab turishadi. “Bilasizmi, fikrimcha, bizning maqsadimiz birinchi galda ilm bo‘lishi kerak. Vaqtimizdan to‘g‘ri foydalanib, bilimimizni oshirib olishimiz kerak, shu birinchi o‘rinda”, - deydi javobni qisqa qilib yosh talaba.

Shundan so‘ng akademiyaning Mumtoz Sharq  filologiyasi fakultetiga yo‘l olaman. Bu yerda misrlik o‘qituvchi Ubayd Muhammad  Abduljavvad dars beradi.

So‘zlashicha, talabalik yillari davrida ilk marotaba O‘zbekiston haqida eshitgan. Chunki o‘sha vaqtda respublika endigina mustaqil davlatga aylangan va bu haqda butun dunyoga xabarlar tarqalgan edi.

Sport, ta’lim va investitsiya: O‘zbekiston va Misr 12ta hujjat imzoladi

"Men ungacha Movaraunnahr haqida ko‘p ma’lumot bilardim, bu yerdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir va ulamolarning asarlari to‘g‘risida ham ma’lumotim bor edi. O‘qishni bitirganimdan keyin, doktorlik darajasiga erishgach, O‘zbekistonda arab tilidan dars berish uchun nomzodim Misr Tashqi ishlar vazirligidan tasdiqlangan. O‘zbeklarning axloq-odobi, ularning an’analari, adabiyoti juda yoqadi", - deydi u va akademiyaning bir bo‘lagi bo‘lib, shu sohada ishlayotganidan juda ham mamnunligini qo‘shimcha qiladi.

Ta’kidlashicha, o‘zbekistonlik va misrlik talabalar o‘rtasida o‘xshashlik juda katta.

"Ular o‘rtasidagi madaniyat bir-biriga yaqin. Odob, ilmga intilish, ustozlarga bo‘lgan hurmat ham o‘xshash. Biz misrliklar o‘zbek xalqining– odobi, ustozni hurmat qilishi, ilmga bo‘lgan intilishi hurmat qilamiz va yaxshi ko‘ramiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham ko‘p aytadilar – dunyoga ochildik, deb, demak mana shunday ochiqlik davrida o‘zligimizni, go‘zal an’analarimizni, kattalarga, ustozlarga hurmat, qo‘shnilarga e’tibor singari milliy an’analarimizni saqlab qolishimiz kerak", - deydi suhbatdosh.

Ubayd Muhammad Abduljavvad O‘zbekistonga qattiq mehr qo‘ygani uchun akademiyada uzoq yillar ishlashni rejalashtirishini ma’lum qilib, men bilan xayrlashadi.

Din haqida ilm beruvchi dunyoviy maskan: xalqaro islom akademiyasi hayotidan reportaj

Akademiyada do‘stona muhit, do‘stona kayfiyat hukm suradi, siz bilan hatto sizni tanishmasa-da albatta, salomlashishadi.

Shu uchunmi, ushbu ta’lim dargohini bu yerdagi muhitdan mamnun holda tark etdim.