Mirziyoyev va as-Sisi nimalarga kelishdi?

Misr Arab Respublikasi prezidenti Abdulfattoh as-Sisining O‘zbekistonga birinchi tashrifi do‘stona va amaliy ruhda kechdi, deb bayonot qildi prezident Shavkat Mirziyoyev
Sputnik

TOShKENT, 5 sen - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. 5-sentabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston prezidenti va Misr Arab Respublikasi prezidentining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi.

Toshkent va Xurgada orasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston yetakchisi o‘z chiqishida prezident Abdulfattoh as-Sisi bilan muloqot va muzokaralar "samarali, sermazmun va juda ochiq" o‘tganini ta’kidladi. Tadbir davomida bu ko‘tarinki va do‘stona kayfiyat ikkiyoqlama kelishuvlarga o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatganiga guvoh bo‘ldik.

Xususan, as-Sisining O‘zbekistonga ilk tashrifi bo‘lishiga qaramay, tomonlar turli sohalarga doir 10dan ziyod bitim va memorandumlarni imzoladilar.

Mirziyoyev o‘z bayonoti doirasida chiqishi davomida Misr prezidenti bilan nimalarga kelishishgani to‘g‘risida to‘xtaldi.

Siyosiy soha: qo‘shma ishchi guruh ish boshlaydi

"Ushbu sohada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro terrorizm va diniy ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurash masalalarini ko‘rib chiqdik", - deb ta’kidladi O‘zbekiston prezidenti.

Sport, ta’lim va investitsiya: O‘zbekiston va Misr 12ta hujjat imzoladi

Prezident ta’kidiga ko‘ra, O‘zbekiston va Misr bu borada amaliy idoralararo aloqalarni o‘rnatish va qo‘shma ishchi guruh tashkil etishga qaror qilgan.

Mirziyoyev Ko‘ksaroydagi muzokaralar natijasida tuzilgan ishchi guruh "katta ishlarni amalga oshirishi va bu ishlarning natijasi katta bo‘lishiga" ishonch bildirdi.

Hamfikr davlatlar: xalqaro doiralarda hamkorlik kuchayadi

O‘zbekiston prezidenti o‘z chiqishi davomida O‘zbekiston Misr davlati bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom Hamkorlik Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish bo‘yicha hamfikrligini ta’kidlab o‘tdi.

Afg‘oniston masalasi: maqsadi mustahkam tinchlik o‘rnatish

Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Misr prezidenti bilan o‘tkazilgan muzokaralarda "Afg‘oniston zaminida mustahkam tinchlik va barqarorlik o‘rnatish yo‘lida sayi-harakatlarni birlashtirishga" alohida urg‘u berilgan. "Yuqorida zikr etilgan masalalar bo‘yicha Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida maslahatlashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazishga kelishib oldik", - deb ta’kidladi Mirziyoyev. 

Iqtisod: O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashi tuzildi

Mirziyoyevning ta’kidiga ko‘ra, Ko‘ksaroyda o‘tkazilgan muzokaralarning diqqat markazidan iqtisodiy hamkorlik masalalari o‘rin olgan.

Ikkala tomon savdo sotiq va investitsiya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga, shu maqsadda bor imkoniyatlardan keng va samarali foydalanishga kelishgan.

O‘zbekiston Misrga nimalar yetkazib berishga tayyor?

"Biz bugungi holat mavjud imkoniyatlarimizga mos emasligini ta’kidlab, ikki tomonlama savdo aylanmasini yaqin yillarda yanada oshirish, eksport qilishda transport harajatlarini kamaytirish uchun zarur choralar ko‘rishni maqsad qilib qo‘ydik", - dedi O‘zbekiston prezidenti.

Tomonlar shuningdek, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, neft, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, tekstil, charm galantereya, farmatsevtika kabi sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.

Mirziyoyevning ta’kidiga ko‘ra, bu borada savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha, Hukumatlararo qo‘shma komissiya ishini faollashtirish O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashini tashkil etishga kelishilgan.

Turizm sohasi: misrlik sayyohlar ko‘payadi

O‘zbekiston prezidenti ta’kidiga ko‘ra, Toshkent turizm sohasida katta tajriba va salohiyatga ega bo‘lgan Misr bilan bu sohada hamkorlikni kuchaytiradi.

Misr bilan turizm, islom madaniyati va sport sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

"Biz ziyorat turizmi doirasida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarimizni ko‘rish, imom al-Buxoriy, imom Motrudiy, imom Bahouddin Naqshband, Shohi Zinda, Chor Bakr, Mir Arab majmulalarini ziyorat qilish uchun Misrdan keladigan sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha Toshkent-Qohira va Xurgada o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha masalalarni muhokama qildik", - dedi O‘zbekiston rahbari.