TOShKENT, 29 avg — Sputnik, Lev Rijkov. Moskvada MGIMOda ushbu oliygoh rektori Anatoliy Torkunovga "Do‘stlik" ordenini topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
RF Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (universiteti) rahbari Anatoliy Torkunov 26-avgust kuni 70 yoshni qarshi oldi. Biroq prezident Shavkat Mirziyoyevdan mukofot – bu yubiley sababchisiga ko‘rsatilgan e’tibor belgisigina emas. MGIMO rektori tufayli 2019-yilning dekabrida Rossiyaning eng obro‘li oliy ta’lim muassasasalaridan biri O‘zbekiston abituriyentlariga o‘z eshiklarini ochgan edi.
"MGIMO haqli ravishda nafaqat Rossiya, balki xalqaro oliy ta’lim maskanlari orasida yetakchi o‘rinni egallagan, u har yili Rossiyaning eng yaxshi 10ta OTMlari ro‘yxatidan joy egallaydi, dunyoning yetakchi universitetlari orasida ham munosib o‘rinni egallagan, - dedi taqdirlash marosimi davomida O‘zbekiston Respublikasining RFdagi elchisi Botirjon Asadov. - MGIMO bitiruvchilari O‘zbekistonda yuqori lavozimlarni egallaydilar, elchilar, vazirlar o‘rinbosarlari, ko‘zga ko‘ringan jamoat arboblari, muvaffaqiyatli ishbilarmonlarga aylanmoqdalar. Ularning yorqin karyerasi - professor-o‘qituvchilar tarkibining professionalligidan dalolatdir".
Diplomatga ko‘ra, ta’lim sohasidagi hamkorlik davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik mustahkamlanishida muhim rol o‘ynaydi.
"O‘zbekiston men uchun - Markaziy Osiyodagi olis mamlakat emas, — deydi Anatoliy Torkunov. — Bu qalbimizga juda yaqin bo‘lgan, biz u bilan o‘n yilliklar mobaynida bog‘lanib kelgan davlatdir. Men ilk bor O‘zbekistonga 1971-yilda bir guruh talabalar bilan borganman. O‘shanda butun respublika bo‘ylab aylanganmiz, va aytishim joizki, yoshlik xotiralari orasida bu eng yorqinidir. O‘shanda ajoyib tarix va madaniyatga ega bu mamlakat bizni hayratga solgan. O‘shanda bizni kutib olgan o‘zbek do‘stlarimizning samimiyatini qalbimiz bilan his etgan edik".
Rektorning aytishicha, MGIMOda ko‘plab o‘zbekistonliklar tahsil olishgan, ular muvaffaqiyatli karyera qilgach hech qachon oliygohni esdan chiqarmaganlar.
"Ta’kidlashni istardimki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar, ta’lim sohasidagi aloqalar singari O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan pozitsiya va yo‘nalish tufayli faol tarzda rivojlana boshladi, - deya ta’kidladi Anatoliy Torkunov. - U kishidan bizning universitetimizga yaxshi munosabatda bo‘lgani va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar barqaror va yuqoriga qarab rivojlanishini ta’minlash uchun juda ko‘p ishlarni amalga oshirayotganidan samimiy minnatdormiz".
MGIMOning birinchi xorijiy filialini qisqa vaqt ichida O‘zbekiston va Rossiya hukumatlarining shunga tayyorligi tufayli ochish mumkin bo‘ldi, deydi ishonch bilan MGIMO Odinsovo filiali rahbari Yelena Kozlovskaya. Ayol MGIMOning Toshkentdagi vakolatxonasini tashkil qilishda tashkiliy masalalarni hal etgan.
"Biz duch kelgan eng asosiy muammo - bu koronavirus pandemiyasi vaqtida real holatning keskin o‘zgarganligi bo‘ldi, - deya tan oladi Yelena Kozlovskaya. — Bitta davlat doirasida yechimni topish osonroq bo‘lsa, biz bu yerda masofaviy o‘qishga o‘tish orqali yanada qiyin to‘siqlarga duch keldik. Natijada, O‘zbekistonga borishlari nazarda tutilgan o‘qituvchilar Moskvada turib talabalarga ma’ruzalarni onlayn tarzda o‘qidilar".
Hozir o‘tgan yil o‘qishga kirgan talabalar ikkinchi bosqichga o‘tdilar, vakolatxona rahbariyati esa abituriyentlar qabuli bo‘yicha yangi qarorni imzolamoqda. 2020-yilda MGIMO Toshkent filiali ikkita bakalavrlik dasturini tashkil qilgan: "Xalqaro huquq" va "Biznes-informatika". Shuningdek, to‘rtta magistrlik, shu jumladan lingvistika va menejment bo‘yicha ham o‘qish olib boriladi.
MGIMO filialini tashkil qilish bo‘yicha bitim 2018-yilning oktabrida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi davomida imzolangan. O‘zbekistonda yangi oliygoh ochilish marosimi esa 2019-yilning dekabrida bo‘lib o‘tdi.
Anatoliy Torkunov 1950-yilning 26-avgustida tavallud topgan. MGIMOni tamomlagan, uning hamkurslari orasida, shu jumladan RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bo‘lgan. MGIMOni tamomlagach, Anatoliy Vasilyevich KXDRda diplomatik xizmatni o‘tagan. 1972-yilda aspiranturaga kirgan, 1974-yilda - o‘zi tahsil olgan oliygoh rektori yordamchisi etib tayinlangan. 1983-yildan 1986-yilga qadar Torkunov AQShda diplomat sifatida faoliyat yuritgan — avvaliga elchixonaning ikkinchi, so‘ngra esa birinchi kotibi vazifasida ishlagan. 1992-yildan MGIMO rektori lavozimini egallab kelmoqda.