TOSHKENT, 29 iyul - Sputnik, Andrey Zlыdennыy. Olimpiada oʻyinlarida qatnashish qandayligi, sovet terma jamoasiga kirish oson kechgan-kechmagani va Oʻzbekistonda qilichbozlik sporti qanday rivojlanayotgani haqida Sputnik Oʻzbekiston muxbiri Moskvadagi saksoninchi yillar Olimpiadasining kumush medal sovrindori, Milliy olimpiya qoʻmitasi va qilichbozlik federatsiyasining sobiq rahbari Sobirjon Roʻziyev bilan suhbatlashdi.
Birinchi beshlikka kirishga mashaqqatli yoʻl
Jahon chempionatlari va Olimpiya shohsupasi sari yoʻlni oson deb boʻlmaydi. U hamma uchun har xil, ammo doim qatʼiyatlilikni va oʻzini shu ishga toʻliq baxshida etishni talab qiladi. Bu, ayniqsa, Moskva va boshqa markaziy shaharlardan olisda oʻsib ulgʻaygan sportchilarga tegishli boʻlgan.

"Sovet Ittifoqi milliy terma jamoasiga kirish juda qiyin edi. Nega? Axir, tasavvur qiling, 300 million aholi ichidan sport turingizning kuchli beshligiga kirishni va Sovet Ittifoqi bayrogʻini himoya qilishda qatnashishni va himoya qilishni anglatadi. Bu juda qiyin boʻlgan. Asosiy eʼtibor SSSRning markaziy mintaqalariga qaratilardi, Oʻrta Osiyo esa chekka hudud hisoblanar edi - bizdan milliy terma jamoaga sanoqli odamlar kiritilardi", - deb eslaydi Sobirjon Sobitovich.
Shunga qaramay, toshkentlik yigit oʻzini namoyon etishga muvaffaq boʻldi va yuqori yutuqlar sportiga kira oldi: Roʻziyev qilichbozlik boʻyicha bir necha bor mamlakat, Yevropa va jahon chempioni boʻlgan.

"Bronza" ogʻirligidagi daqiqa
Roʻziyev 1976 yilda Monrealda va 1980 yilda Moskvada boʻlib oʻtgan Olimpiya oʻyinlarida Sovet Ittifoqi sharafini himoya qildi. Soʻnggi Olimpiada uning xotirasiga koʻproq yozildi. Haqiqatda eslashga arzigulik ish koʻp: unda u yakka va jamoaviy musobaqalarda qilichbozlik musobaqasining finaliga chiqdi.
Sobirjon Roʻziyev SSSR jamoasi bilan birga ikkinchi oʻrinni egallashga muvaffaq boʻldi. Ammo shahsiy birinchilik finalida unga omad kulib boqmadi - u medaldan atigi bir qadamda edi va barchasini bir daqiqa hal qildi.
"Qurʼa natijasiga koʻra, men janglarimni muvaffaqiyatli boshladim. Ikkita jangda gʻolib chiqdim – polshalikka va ruminiyalikka qarshi. Soʻngra Smirnovga qarshi jang qildim, lekin unga 5: 4 hisob bilan va Romankovga ham yutqazdim, frantsiyalik Julye ustidan 4:1 hisobida gʻalaba qozondim. U Olimpiada oʻyinlarida uchinchi boʻldi. U bir daqiqaga tanaffus oldi va shu tanaffusda u biroz xotirjamlashdi. Men, ehtimol, shunchalar hayajonda edimki – boʻldi, men uni yutdim, menda endi medal bor. 4: 1 hisobida yutayotgan edim, bu deyarli gʻalabani anglatardi. Ammo u olgan daqiqa meni zaiflashtirdi, hushyorlikni yoʻqotdim, lekin u, aksincha, oʻyinga sozlanib qoldi. Va shunday boʻldiki men bu jangda yutqazdim. Hanuz tushlarimga medalsiz qolganim kiradi", - deydi Roʻziyev.
Mubolagʻasiz, Sobirjon Sabitovichni butun Oʻzbekiston qoʻllab-quvvatladi - partiya rahbarlaridan tortib oilasi, doʻstlari va oddiy muxlislargacha. Poytaxtda rafiqasi va qizi yaqinida boʻlgani juda quvonlantirardi.

Ular uchun bu nafaqat umr yoʻldoshi va otasini maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, balki uni koʻrish uchun imkoniyat ham edi. Axir musobaqaga tayyorgarlik ularni uzoq vaqtga ajratib qoʻydi.
"Deyarli bir yil men uyda boʻlmadim, biz asosan olimpiya bazalarida yashadik, ertalabdan kechgacha mashgʻulot oʻtkazardik. Faqat bitta maqsad boʻlgan - Olimpiadada muvaffaqiyatli qatnashish", - deya qoʻshimcha qildi sport faxriysi.
Vatanida, Moskvada ikkita oltin va bir nechta kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan oʻzbekistonlik sportchilar sharaf bilan kutib olindi. Ularni Kompartiya Markaziy Komitetining birinchi kotibi Sharof Rashidov shaxsan qabul qilib, ularga munosib sovgʻalarni topshirdi. Oʻyinlar ishtirokchilari keyinchalik koʻp marta respublika boʻylab turnelarda boʻldi, shaharlar va kolxozlar aholisi bilan oʻz taassurotlari bilan boʻlishishdi.

Ammo uzoq vaqt shon-shuxratga koʻmilish mumkin emas edi - oldinda yangi mashgʻulotlar va musobaqalar bor edi. Afsuski, Roʻziyev uchun Moskva Olimpiadasi uning karyerasidagi soʻnggisi boʻldi: 1984 yilda Los-Anjelesda boʻlib oʻtishi kerak boʻlgan Oʻyinlar Sovet Ittifoqi va boshqa bir qator davlatlar tomonidan AQShning Olimpiada-80 oʻyinlariga huddi shunday harakatlariga javoban boykot qilindi.
"Turmush oʻrtogʻim menga: "Farzandingiz oʻsib-ulgʻaymoqda, sizni koʻrmaydi ham - siz har doim oʻquv-mashgʻulot yigʻinlaridasiz, musobaqalardasiz”, dedi. Shunda men Toshkentga qaytib, murabbiylik bilan shugʻullanishga qaror qildim", - deb eslaydi Sobirjon Sabitovich.

Ammo uning bunday qaror qilishi oson boʻlmadi - bir oydan keyinoq u jamoaga qaytishni xohladi. Ammo bundan oldin men terma jamoaning katta murabbiyi, mashhur qilichboz Vladimir Nazlimovga qoʻngʻiroq qildim. Aynan u Olimpiada-80 sovrindorini yosh sportchilarining murabbiyi boʻlishiga batamomo ishontirdi.
Yangi chempionlarni tarbiyalab
Uning sportdan ketganidan keyingi faoliyati ham boy boʻldi. Roʻziyev Turkiston harbiy okrugining bosh murabbiyi boʻldi (“armiya” oʻtmishi taʼsir qildi), keyin esa boshqa, juda ekzotik sport turiga oʻtdi - u regbi boʻyicha jamoaning murabbiyi boʻldi.
Mustaqillik yillarida Sobirjon Sobitovich vazirlik lavozimi - Davlat sport qoʻmitasi raisi boʻldi, keyin Milliy Olimpiya qoʻmitasi va qilichbozlik federatsiyasini boshqardi. Tashkilotchilik ishi haqiqiy sport namoyishlaridan koʻra qiyinroq va masʼuliyatliroq edi.
Garchi Roʻziyev bir necha bor bunday takliflarni olgan boʻlsa-da, uning aynan oʻz mamalakatiga yordam berish istagi, uni chet elga murabbiy sifatida ketishiga yoʻl qoʻymadi.
"Men hech qayerga ketishni xohlamadim, chunki men anchagina dunyoni kezib chiqib boʻlganman. Men oʻz uyimda boʻlishni xohladim, chunki bu yerda qilichbozlik bilan shugʻullananganman, menga juda koʻp eʼtibor berilgandi, dunyoning hamma joyiga sayohat qilishim uchun menga juda katta mablagʻ sarflandi. Mening bir maqsadim bor - respublikada oʻz qilichbozlik maktabimni yaratish va oʻz tajribamni bolalarga yetkazish", - deb Roʻziyev oʻz rejalari bilan oʻrtoqlashdi.

U shogirdlarni yigʻib olishga va mashgʻulotlarni boshlashga muvaffaq boʻldi, keyinchalik uning jiyani bu ishni oʻz qoʻliga oldi - hozirda uning besh nafar shogirdi terma jamoa tarkibida musobaqalarda qatnashib kelmoqda. Ammo rahbarlik ishi uning sevimli ishiga toʻliq kirishishiga imkon bermadi. Hukumatdagi lavozimlarni tark etganidan keyingina Roʻziyev oʻz orzusini amalga oshirishga har qachongidan ham yaqinroqdir.
"Oʻtgan yili men yaxshi maktabni topdim, uning direktori bilan uchrashdim. Menga u juda yoqdi. Eng muhimi, uning zali qilichbozlik mashgʻulotlarini oʻtkazishga toʻgʻri keladi. Bu maktab Yunusobodda joylashgan, unda 1200 nafar bola oʻqiydi – u juda katta maktab. Barcha bolalar birinchi smenada oʻqiydilar, ikkinchisida esa zallar mashgʻulotlar uchun boʻsh. Faqat uskunalarni sotib olish qoldi va mashgʻulotlarni boshlasa boʻlaveradi", - deydi Roʻziyev.

Ammo koronavirus pandemiyasi bu rejalarni amalga oshirilishini toʻxtatib qoʻydi. Ammo bu, uzoqqa choʻzilmaydi, deb ishonadi murabbiy. Sovuq quroldan foydalanish asoslari bilan bir qatorda, Roʻziyev bolalarga frantsuz tilini ham oʻrgatishni rejalashtirmoqda.
"Bu juda oddiy: qilichbozlik bu frantsuz sport turidir. Barcha musobaqalar va hakamlar frantsuz tilida oʻtkaziladi. Bizda esa bolalar musobaqalarga borganida, tilni bilishmaydi. Tilni bilgan sportchi kelajakda, ehtimol, chempion boʻlmasligi ham mumkin, lekin misol uchun, xalqaro toifadagi hakam sifatida ishlashi, Oʻzbekiston tomonidan ushbu vazifada harakat qilish imkoniyatiga ega boʻladi", - deya tushuntirdi Roʻziyev.
Sport, siyosat va koronavirus
Sobirjon Sabitovich afsus bilan sportni siyosatdan ajratib boʻlmayotganini va bunga doimo duch kelishga toʻgʻri kelayotganini taʼkidlaydi. Axir har qanday musobaqada, ularning darajasidan qatʼiy nazar - jahon birinchiliklarimi, Olimpiada yoki boshqalaridami - sportchilar oʻz mamlakatlari sharafini himoya qiladilar. Davlatning vazifasi esa ular uchun mashq qilishlariga va ertaga chempion boʻlishlariga sharoit yaratib berishdir.
Bunday taʼsirga Roʻziyev 1984 yilda, AQShdagi uchinchi Olimpiadasiga borolmaganida duch keldi. Va endi esa epidemiya butun dunyo sportchilarining rejalariga aralashdi.
"Hozirda Olimpiada oʻyinlari koʻchirildi va endi yoshi katta boʻlib qolgan, Olimpga, medallarga erishishni orzu qilgan sportchilar uchun, ehtimol, bu Oʻyinlar boʻlmasligi ham mumkin. Bu doim ham juda murakkab, chunki koʻpchilik umr boʻyi bunday yuqori sport mukofotiga intiladi", - deb taʼkidladi Roʻziyev.
Ammo Olimpiada-80 kumush medal sovrindori ishonchi komil, umidsizlanishga oʻrin yoʻq, oʻz maqsadiga sodiq qolib, ohirigacha harakat qilish kerak. U esa oʻz navbatida, hozirgi mavqeida, chempionlarning yangi avlodini tarbiyalashga va oʻzi qariyb yarim asr sodiq boʻlib kelayotgan sport turini rivojlantirishga qoʻlidan kelganicha harakat qiladi.