TOSHKENT, 28 iyul - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 iyul kuni, hududlarda koronavirus bilan bogʻliq murakkab vaziyatni tartibga solish boʻyicha koʻrilayotgan choralar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishini oʻtkazildi.
Oʻzbekistonda oxirgi besh kunda infektsiya yuqtirganlar soni 3 mingtaga koʻpayib, 21 ming 700 nafarga yetdi.
Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, mamlakatda karantin talablari muddati 15 avgustgacha uzaytirilgan edi. Yigʻilishda hududlarda dolzarb boʻlib turgan masalalar koʻrib chiqilib, qoʻshimcha vazifalar belgilandi.
Respublika maxsus komissiyasiga joylardagi epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish va kasallarni davolashga amaliy yordam beradigan guruhlar tuzib, har bir hududga yuborish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Ushbu guruhlarga mutasaddi idoralar, ixtisoslashgan tibbiyot markazlari hamda tibbiyot oliy oʻquv yurtlari rahbar va mutaxassislari, shuningdek, nafaqadagi tajribali shifokorlar jalb etiladi. Bu hududlarda aholiga erta va aniq tashxis qoʻyish, bemorlarni kasallik darajasiga qarab toʻgʻri va malakali davolashda muhim omil boʻladi.
Hokimliklarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar tashkil etish, intensiv va reanimatsiya oʻrinlarini koʻpaytirish, ularni zarur tibbiy jihozlar va dori-darmon bilan taʼminlash vazifasi qoʻyildi. Toshkent shahridagi tajriba asosida COVID-19 va pnevmoniya bilan kasallanganlarga dastlabki malakali tibbiy yordam koʻrsatadigan "maxsus poliklinikalar" tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Davlat rahbari ogʻir kasallar ahvolini yengillashtiradigan tibbiy uskunalar taʼminoti masalasiga alohida toʻxtaldi.
Qayd etilganidek, oxirgi ikki haftada qoʻshimcha ravishda 370 ta sunʼiy nafas oldirish apparati, 1 ming 41 ta portativ nafas oldirish uskunasi, 1 ming 164 ta kislorod kontsentratori va boshqa zarur tibbiy jihozlar olib kelinib, hududlarga tarqatildi. Kasallar koʻpayishi mumkinligini hisobga olib, Respublika maxsus komissiyasiga joylarga yana qoʻshimcha uskunalar yetkazish boʻyicha topshiriq berildi.
Yigʻilishda yosh bolalar, homilador ayollar, keksalar, nogironligi va surunkali kasalligi boʻlgan fuqarolar salomatligi ustidan tizimli monitoring olib borish muhimligi belgilandi.
Karantin davrida biror bir ehtiyojmand oila eʼtibordan chetda qolmasligi, kam taʼminlangan aholi qatlamiga moddiy yordam, oziq-ovqat va dori-darmonlarni manzilli yetkazib berish tizimi "soat"day aniq ishlashi kerakligi taʼkidlandi.
"Hozirgi sharoitda kasallarni davolashga ham, iqtisodiyotni ishlatishga ham majbur va masʼulmiz. Shuning uchun aholi salomatligini saqlash, ayni paytda temir intizom bilan hamma ishlarni davom ettirishimiz kerak", – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hokimlar oʻz hududidagi real vaziyatdan kelib chiqib, aniq choralar koʻrishi boʻyicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, 65 yoshdan oshganlar zarurat boʻlmasa uydan chiqmasligi qoidalariga qatʼiy rioya qilishning ahamiyati qayd etildi.
Videoselektor yigʻilishida hokimlar va sektor rahbarlari qatnashganidan foydalanib, eksport va investitsiya masalalari, byudjet tushumlari prognozining bajarilishi, gʻoʻza parvarishi va ekinlarni sugʻorish ishlarining borishi koʻrib chiqildi. Bular yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisoboti eshitildi.