TOSHKENT, 28 iyul - Sputnik. Markaziy Osiyo mamlakatlari birin-ketin aviaparvozlarni qayta tiklashga tayyorliklarini eʼlon qilmoqda.
Qirgʻiziston: epidemiologik vaziyat yaxshilanishini kutamiz
Qirgʻiziston Bosh vaziri Kubatbek Boronov Qirgʻizistondan aviaqatnovlar qayta tiklanishi mumkin boʻlgan davlatlarni sanab oʻtdi. Uning maʼlum qilishicha, bu Rossiya, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklaridir. Keyinchalik boshqa davlatlar bilan ham parvozlar tiklanishi mumkin.
Qirgʻiziston hukumati rahbari aviareyslarni qayta tiklash boʻyicha muzokaralar shtab tomonidan olib borilayotgani va bu masalada har bir davlat bilan muzokaralar alohida oʻtkazilayotganini taʼkidlagan.
Reyslar epidemiologik holat yaxshilanganidan keyin qayta tiklanadi, deya qayd etgan Boronov.
Qirgʻizistonda epidemiologik vaziyat oʻta jiddiyligicha qolmoqda. Koronavirusni yuqtirganlik boʻyicha 33 844 holat aniqlangan, (kasalxonadan tashqaridagi pnevmoniya holati bilan qoʻshib hisoblaganda), sogʻayganlar soni 22 296 ta, qurbonlar 1 329 nafarga yetgan.
Qozogʻiston: 10 avgustdan reyslar tiklanishi kutilmoqda
Qozogʻiston avgust oyida Tailand va Gruziya va Turkiyaga aviaparvozlarni tiklamoqchi. Bu haqda bugun Madaniyat va sport vazirligi turizm industriyasi qoʻmitasi raisi Doston Rispekov xabar qilgan.
Rispekovning aytishicha, "mamlakatda epidemiologik holat yaxshilanganligini hisobga olib, qator davlatlar bilan avia-parvozlarni qayta tiklash boʻyicha masalalar koʻrib chiqilmoqda. Xususan, avgust oyida Tailand va Gruziya va Turkiyaga reyslarni ochish rejalashtirilmoqda".
"Hammasi mamlakatimizda singari sherik-davlatlardagi epidemholatga bogʻliq boʻladi. Ammo bugungi kunda 10 avgustdan boshlab reyslarni qayta tiklash masalasi koʻrib chiqilmoqda. Hammasi vaziyatga bogʻliq boʻladi", - deb qoʻshimcha qilgan Rispekov.
Qozogʻiston 20 iyundan boshlab Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Tailand, Gruziyu va Yaponiyaga parvozlarni bosqichma-bosqich tikladi.
Ammo keyinchalik Turkiya qozogʻistonliklar uchun oʻz chegaralarini yopgan edi.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, shu kungacha Qozogʻistonda koronavirusni yuqtirgan bemorlar soni 84,6 mingdan oshgan, 585 kishi qurbon boʻlgan.
Tojikiston: Rossiya bilan aviaparvozlarni tiklashga tayyor
Rossiya oʻz chegaralarini ochishni eʼlon qilishi bilan Tojikiston hukumati Moskvaga RF bilan aviaparvozlarni qayta tiklash boʻyicha taklif kiritdi.
Tojikiston tomoni "jarayon sanitar normalarga va epidemiologik talablarga toʻliq rioya etgan holda" amalga oshirilishini taʼkidlagan.
Shu tariqa, 27 iyuldan boshlab tojik aviakompaniyalariga kuniga ikkita parvozni amalga oshirishga ruxsat berilgan. Endilikda Tojikiston tomoni RFga haftasiga 14ta parvozni amalga oshirish huquqini qoʻlga kiritgan.
Tojikistonda koronavirus infektsiyasi bilan bemorlanganlar soni 7,2 mingdan oshgan.
Oʻzbekiston 1 sentyabrdan Rossiya bilan aviaparvozlarni tiklamoqchi
Oʻzbekiston 1 sentyabrdan boshlab Toshkentdan Rossiya Federatsiyasining turli shaharlariga doimiy aviareyslar tiklaydi.
Bu haqda Rossiyaning "AeroTur" aviakompaniyasi maʼlum qilgan edi.
Xususan, Toshkent va Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Qozon, Vladivostok shaharlari oʻrtasida aviaparvozlar tiklanadi.
Hozirgi kunda aviakompaniya saytida 1 sentyabrdan 30 sentyabrgacha reyslar jadvali eʼlon qilingan.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Transport vazirligi Oʻzbekiston fuqarolarini rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ishonib aviachiptalarni sotib olmaslikka chaqirib keladi.
Eslatib oʻtamiz, ilgariroq, Rossiya MDH davlatlariga avia-parvozlarni boshqa davlatlarga koʻra oldinroq yoʻlga qoʻyishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
Rossiya COVID-19 pandemiyasi tufayli boshqa mamlakatlar bilan muntazam va charter parvozlarni 27 mart sanasidan vaqtinchalik toʻxtatgan edi. RF 1 avgustdan Rossiya Buyuk Britaniya, Turkiya va Tanzaniya bilan aviareyslarni qayta tiklashini eʼlon qildi.
Ushbu davlatlar roʻyxati kunlar, haftalar oʻtib kengaytirilishi ham qoʻshimcha qilinmoqda.