TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. 13-iyul dushanba kunidan mahalliy yo‘nalishlardagi poyezdlar va avia qatnovlar ham to‘xtatiladi.
Kuchaytirilgan karantin tartibi sharoitida faqatgina Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq xorijiy davlatlardagi fuqarolarni vatanga olib kelish bo‘yicha repatriatsion reyslar bajariladi.
Chegara punktlaridan fuqarolarni karantin hududlariga yetkazish uchun avtobus tashuvlari amalga oshiriladi. Shuningdek, karantin muddatini o‘tab bo‘lgan fuqarolarni reabilitatsiya uchun shifoxonalarga va yashash manzillariga yetkazish temiryo‘l va avtobus tashuvlari orqali amalga oshiriladi.
Shu bilan birga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan “sariq” va “yashil” toifaga kiritilgan mamlakatlardan charter reyslari kelib tushgan arizalarga muvofiq tashkil etiladi.
Shuningdek, yo‘nalishsiz taksilarga yo‘lovchi tashishga quyidagi maxsus talablar asosida ruxsat beriladi:
- yo‘lovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plonka bilan to‘silgan bo‘lishi kerak;
- haydovchi va yo‘lovchi tibbiy niqobda bo‘lishi (tibbiy niqobsiz yo‘lovchini tashish taqiqlanadi) lozim;
- faqatgina ikki nafar yo‘lovchilarni avtotransport vositasi saloni orqa o‘rindig‘iga o‘tkazilishi kerak;
- faqatgina avtotransport vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hudud doirasida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) harakatlanishi shart.