TOShKENT, 27-iyun - Sputnik. "O‘zbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi hamkorlik" mavzuyida global munozaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz matbuot xizmati.
26 iyun kuni videokonferensiya aloqasi shaklida o‘tkazilgan ushbu xalqaro forum ishida: O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari va Tashkilot tashkil topgan kunning 75-yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Maxsus maslahatchisi Fabritsio Xoxshild va boshqalar ishtirok etdi.
1945 yil 24-oktabrda kuchga kirgan BMT Nizomida tashkilotning tuzilmasi, mojarolarni hal qilish va tajovuzkor harakatlar, tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarga javob berishning asosiy tamoyillari mustahkamlangan. Ushbu sana BMT tashkil topgan kun sifatida butun dunyoda keng nishonlanadi.
Xalqaro anjumanning rasmiy ochilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Forum ishtirokchilariga tabrigini Senat Raisi Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirdi.
"O‘zbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda o‘z zimmamizga olgan majburiyatlarimizni og‘ishmasdan bajarib kelmoqdamiz. Bu biz amalga oshirayotgan, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar strategiyasining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir", deya ta’kidlanadi prezident tabrigida.
Anjuman ishtirokchilari e’tiboriga BMT Bosh kotibi Antonio Gutterishning video-murojaati namoyish etildi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov ushbu xalqaro forum BMT Nizomi imzolangan tarixiy kunda o‘tayotganida o‘ziga xos ramziy ma’no borligini qayd etdi.
"Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti dunyodagi yagona, tom ma’noda universal xalqaro tashkilot hisoblanadi. BMT davlatlarning o‘z sarhadlaridan tashqariga chiqadigan masalalarni hal etib kelmoqdaki, bu muammolarga bironta mamlakatning yolg‘iz o‘zi yechim topishi mumkin emas. Bundan 28-yil oldin yangi demokratik davlat – O‘zbekiston Respublikasi – Tashkilotning teng huquqli a’zosiga aylandi. Shundan buyon biz o‘z masalalarimizni hal etishda har doim BMTning ko‘magiga tayanib kelmoqdamiz. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qayd etganidek, "Oldimizda turgan muammolarni hech bir mamlakat, hech qaysi jamiyat yakka holda hal eta olmaydi va shuning uchun barcha sa’y-harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur. Biz nafaqat so‘zlashimiz, balki tinglashimiz ham lozim. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, "O‘zbekiston BMT tuzilmalari bilan yaqin hamkorlikni davom ettiradi", - dedi Saidov.
Bundan besh yil avval BMTga a’zo-davlatlar 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini qabul qilgandi.
O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha Milliy indikatorlar muvaffaqiyat bilan amalda tatbiq etilmoqda. Mamlakat Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha o‘zining birinchi Ixtiyoriy milliy sharhini keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazib, BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashiga taqdim etdi.
Xalqaro forum munozaralari doirasida bugungi kunda BMT oldida turgan dolzarb da’vatlar va O‘zbekistonning xalqaro maydonda ortib borayotgan roli atroflicha muhokama qilindi.
Onlayn-muloqot ishtirokchilari tomonidan ilgari surilgan g‘oya va takliflar 2020-yil sentabrida davlatlar boshliqlari va BMT rahbariyati muhokamasi uchun taqdim etilishi kutilmoqda.