TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazoratini ta’minlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan, Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasi aniqlangan “qizil” hududlarni BLOKPOSTLAR o‘rnatgan holda mahalla, dahalar va ko‘chalar kesimida yopilishi, karantinga olingan fuqarolarning uyi oldida 24 soatlik navbatchilik tashkil etilishi belgilandi.
Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan davlatlardan O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida ularning hohishiga ko‘ra 14 kunlik karantin nazorati davrini haqini to‘lagan holda MEHMONXONADA o‘tkazish huquqi berildi. Endilikda yuqoridagi toifa davlatlardan O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolar o‘z xohishiga ko‘ra 14 kunlik karantin muddatini davlat tomonidan bepul ta’minlanadigan karantin markazlarida yoxud haqini to‘lagan holda mehmonxonada o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.
Fuqarolar karantin nazorati davrini o‘tkazishi mumkin bo‘lgan mehmonxonalar ro‘yxati Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan shakllantiriladi.
Fuqarolar karantin nazorati davrini mehmonxonada o‘tkazishda Karantin nazorati davrini mehmonxonalarda o‘tkazishning vaqtinchalik tartibiga qat’iy rioya etishlari talab etiladi.
Supermarket va boshqa yirik do‘konlarda sanitariya-epidemiologik nazorat kuchaytirilmoqda, ushbu obyektlarning kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37*S va undan yuqori bo‘lgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda ushbu majmualarga kiritmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish talablari belgilanmoqda.
Fuqarolarning sog‘lig‘ini himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida supermarket va boshqa yirik do‘konlarga kirishda ularni bepul qo‘lqop bilan ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan, 2020-yil 8-iyundan boshlab “sariq” va “yashil” hududlarda jamoat transportida shahar (tuman) va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha avtobus harakatlariga ruxsat berilgan edi (damas, mikroavtobus va metropoliten faoliyati bundan mustasno).
Biroq, bu boradagi monitoring natijalari avtobus salonida ijtimoiy masofani saqlash bilan bog‘liq karantin talablarini buzib, tirbandlik hosil qilgan holda yo‘lovchi tashish holatlari uchrayotganligini ko‘rsatmoqda. Bu esa, aholi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat sifatida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Transport vazirligiga avtobus reyslarida tirbandlikka yo‘l qo‘ymaslik hamda boshqa sanitariya-epidemiologiya talablariga qat’iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.
Hududlardagi barcha bozorlar sanitariya-epidemiologik tadbirlarini, shu jumladan, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish uchun har haftada bir marotaba yopilishi belgilandi.
Karantin cheklovlari sharoitida ruxsat berilgan sohalarda qayta tiklangan tadbirkorlik subyektlari faoliyati monitoringi natijalari ayrim hollarda sanitariya-epidemiologik talablar bu haqda mutasaddi tashkilotlar ogohlantirganidan so‘ng ham takroran buzilayotganligi, shu jumladan, fuqarolar tana haroratini o‘lchagan holda obyektga kiritish, ularni ijtimoiy masofaga rioya etgan holda joylashtirish, muntazam dezinfeksiya ishlarini o‘tkazish, xodimlarni tibbiy niqob va qo‘lqop bilan ta’minlash kabi talablarga yetarli darajada rioya etmaslik, tana haroratini o‘lchamay, tegishli himoya vositalari bilan ta’minlanmagan fuqarolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga jalb qilish holatlari aniqlanmoqda.
Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasiga jamoat joylarida sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etilishi ustidan nazorat tadbirlarini (reydlarni) muntazam ravishda kuchaytirilgan tartibda tashkil etib borish yuklatildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishli hududda karantin qoidalariga to‘liq rioya etilishini ta’minlash uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilandi.
Bunda tegishli hududda karantin talablarini ta’minlamaganligi tufayli fuqarolarga koronavirus infeksiyasi tarqalishiga yo‘l qo‘ygan rahbarlarga lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.