TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. Janubiy Koreyaning Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi (KCDC) tashkiloti rahbari Chong In Gon ta’kidlashicha, Seul va uning atroflarida koronavirus infeksiyasining tarqalishining ikkinchi to‘lqini ketmoqda va mamlakatda COVID-19 epidemiyasi kuzgacha davom etishi mumkin.
"Dastlab biz ikkinchi to‘lqin kuzda yoki qishda boshlanadi deb o‘ylagandik. Ammo bashoratlarimiz noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Odamlar boshqalar bilan yaqin muloqot qilar ekan, infeksiya tarqalishi davom etadi deb o‘ylaymiz", - degan so‘zlarini keltiradi Renxap agentligi.
Chong In Gonning so‘zlariga ko‘ra, Seuldagi ikkinchi to‘lqin may oyining boshlarida Janubiy Koreya poytaxtida bir nechta infeksiya yuqtirish holatlari bilan boshlandi.
O‘z navbatida, Seul ma’muriyati, agar yaqin kunlarda yangi infeksiya yuqtirish holatlarining kunlik ortishi o‘rtacha 30 kishidan oshsa yoki kasalxonada joylar to‘lishi soni 70 foizga yoki undan ortsa, poytaxtda qattiq ijtimoiy masofa rejimi joriy qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni yangi koronavirus infeksiyasi COVID-19 tarqalishini, pandemiya deb e’lon qildi. BSSTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 8,7 milliondan ortiq infeksiya yuqtirib olish holatlari aniqlandi, 460 mingdan ortiq odam vafot etdi.
Janubiy Koreyada 12 438 ta koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish holati aniqlandi.