TOShKENT, 15 apr – Sputnik. Tajriba tariqasida koronavirus vaksinasini dunyoda birinchi bo‘lib sinab ko‘rgan amerikalik Jennifer Xaller The Telegraph nashriga bergan intervyusida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
"Birinchi kuni issig‘im biroz ko‘tarildi. Ikkinchi kun qo‘lim qattiq og‘ridi. Shu bilan hammasi joyiga tushdi", - deb aytgan ayol va inyeksiyani grippga qarshi qilinadigan oddiy privivka bilan o‘xshashligini ta’kidlab o‘tgan.
Ko‘ngillilar safida tajribada ishtirok etishga rozi bo‘lgan ayolning so‘zlariga ko‘ra, u bunda koronavirus ustidan qozoniladigan g‘alabaga hissa qo‘shish imkoniyatini ko‘rmoqda. Koronavirusga qarshi samarali vaksina baribir yaratiladi, deya ishonch bildiradi ayol.
"Men ushbu jarayonning bir qismi bo‘lganligimdan faxrlanaman", - deb qo‘shimcha qildi Xaller.
Tez orada Sietlning 44 yoshli bu yashovchisiga vaksinaning ikkinchi dozasi kiritilishi kerak, u mutaxassislar nazoratida 2021-yilning bahor mavsumiga qadar qoladi.
Sietldagi Allergiya va yuqumli kasalliklar milliy instituti mart oyining o‘rtalarida yangi turdagi SARS-CoV-2 koronavirusga qarshi vaksina odamlarda klinik sinovdan o‘tkazilishi boshlanganini e’lon qilgan edi.
Test jarayonida ishtirok etishga rozi bo‘lgan ko‘ngillilar ortidan kuzatuv bir yil davomida olib boriladi.
Sinov uchun 45 nafar ko‘ngilli saralab olingan bo‘lib, ularning har biri 28 kun interval bilan bir xil dozaga ega bo‘lgan ikkita vaksinani oladilar. Dozalarning o‘zi farq qiladi, ular 25, 100 va 150 mikrogramm. Tadqiqot vaksinani xavfsizlik va ishtirokchilarda immun javobini keltirib chiqarishiga baho berib, shuningdek, vaksinaning optimal dozasini aniqlashtirib beradi.
Vaksinaning nomi mRNK-1273, u Sietldagi instituti hamda Massachusets shtatidagi Kembridjda joylashgan Moderna biotexnologik kompaniyasi hamkorligida yaratilgan.
Vaksina hayvonlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11-mart kuni yangi turdagi COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishini pandemiya, deb e’lon qilgan edi. BSST so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda virusni yuqtirish bo‘yicha 1,8 milliondan ko‘p holatlar qayd etilgan, 113 mingdan ziyod inson vafot etgan.