TOShKENT, 13 noya — Sputnik, Sofya Melnichuk. Bu tashkilot siyosat bilan shug‘ullanmaydi, hech kimga hech narsani uqtirmaydi va blokka oid intizomlarsiz faoliyat yuritishni ma’qul ko‘radi. Shu bilan birga bu besh davlat — Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JAR (BRIKS davlatlari), — jahon iqtisodiyotining yarmini egallash uchun dadil qadam tashlamoqda. Hozirda hamdo‘stlik davlatlari birgalikdagi ilk o‘n yillik faoliyatga yakun yasashmoqda. Vladimir Putin Rio-de-Janeyroda hamkasblari bilan nima haqda gaplashadi - RIA Novosti materialida o‘qing.
O‘sish va innovatsiyalar
Kelayotgan yil, ayniqsa, Rossiyaning BRIKSdagi ishtiroki uchun muhimdir: sababi, 2020-yilda raislik vakolati yana Rossiyaga o‘tmoqda. Moskva nimalarni ustuvor deb hisoblashi haqida Vladimir Putin 14-noyabr kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan hisob bo‘yicha o‘n birinchi sammitda so‘zlaydi. Yetakchilarning kelgusi uchrashuvi kelgusi yil iyul oyida Sankt-Peterburgda o‘tkazilishi belgilangan.
Hozircha ishtirokchi-davlatlar birinchi o‘n yillikdagi hamkorlikka yakun yasaydilar. Davlat rahbarlari ayrim ikkiyoqlama, mintaqaga oid va umumdunyoviy muammolarni muhokama qilishadi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning fikricha, dasturdan ikkita yalpi majlis, shuningdek, BRIKS ishbilarmonlar kengashi a’zolari hamda Yangi taraqqiyot banki bilan uchrashuv va rais nomidan ishchi nonushta o‘rin olgan.
Rio-de-Janeyroda Vladimir Putin Hindiston bosh vaziri Narendra Modi, XXR raisi Si Szinpin va Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru bilan muzokaralar o‘tkazadi. JAR yetakchisi Siril Ramafos bilan uchrashuv rejalashtirilmagan: chunki ikki prezident yaqinda Sochida o‘tkazilgan "Rossiya - Afrika" sammitida bafurja muloqot qilgan edilar.
O‘n uchinchi noyabr kuni yetakchilar sakkiz yuzga yaqin ishtirokchilarni to‘plagan BRIKS ishbilarmonlar forumini yopadilar, qatnashuvchilarning sakson nafari Rossiyadan. Bular yirik kompaniyalar, moliyaviy tashkilotlar, jamoatchilik uyushmalari hamda OAV vakillaridir.
Braziliyaga Putindan tashqari, TIV rahbari Sergey Lavrov, energetika vaziri Aleksandr Novak, harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha federal xizmat rahbari Dmitriy Shugayev, Rossiya temir yo‘llari rahbari Oleg Belozerov, RFPI rahbari Kirill Dmitriyev, "Rosneft" rahbari Igor Sechin, "Rosatom" rahbari Aleksey Lixachev, Rossiya Taraqqiyot davlat korporatsiyasi rahbari Igor Shuvalov tashrif buyuradi.
Uglevodorodlar taqdiri
O‘n to‘rtinchi noyabr kuni Rossiya yetakchisi hindistonlik hamkasbi bilan muloqot qiladi. Mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi 17,3 foizga ortib, 2018-yilda o‘n milliard dollardan ziyodni tashkil etdi. Moskva va Nyu-Dehli asosiy e’tiborni energetika sohasidagi hamkorlikka qaratmoqda: Hindistonga uglevodorodlar eksporti asta-sekin kengayapti. Ayni paytda tomonlar arktika qirg‘og‘iga yaqin joylarda va Rossiya Uzoq Sharqida uglevodorodlarni birgalikda qazib olish imkoni bor-yo‘qligi ustida ish olib bormoqdalar.
Kreml bayonotiga ko‘ra, Hindistonda Rossiyaning suyultirilgan gaziga talab kuchaymoqda, mamlakat suyultirilgan tabiiy gaz bo‘yicha loyihalarni hamkorlikda rivojlantirishdan manfaatdor. ""Gazprom"ning muayan hind kompaniyalar bilan hamkorligi katta istiqbolga ega", — deya izoh berdi prezident yordamchisi.
Rossiya-Hindiston hamkorligining tinch atom sohasidagi asosiy tashabbusi - "Kudankulam" AESining ikkinchi va uchinchi navbati qurilishi ishlari reja asosida bormoqda.
Harbiy-texnik hamkorlik ham ortda qolayotgani yo‘q. Sammitdan bir hafta oldin Hindiston mudofaa vaziri Rajnatx Singx rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu bilan muzokaralarda mamlakat Rossiya harbiy-sanoat majmualari bilan kooperatsiyani mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
Xuddi shu kunning o‘zida Putin Si Szinpin bilan muloqot qiladi. Ikki davlat 2024-yilga kelib tovar aylanmasini yiliga ikki yuz milliard dollarga yetkazmoqchi. "Xitoy — Rossiyaning eng yirik iqtisodiy sherigidir. 2018-yilda o‘zaro tovar aylanmasi 24,5 foizga ortib, rekord darajadagi 108 milliard dollar ko‘rsatkichga yetdi", — deb ta’kidladi Ushakov.
Braziliya yo‘nalishidagi istiqbollar
Sammit egasi - 2019-yilning 1-yanvarida Braziliya prezidenti lavozimini bajarishga kirishgan Jair Bolsonaru bilan Vladimir Putin Osakada o‘tgan "Katta yigirmatalik" sammitida bir marta uchrashgan. Hozirda, Rossiya prezidenti yordamchisi so‘zlariga ko‘ra, ular o‘rtasidagi muloqot chuqur tusga ega bo‘ladi.
Rossiya va Braziliya energetika, farmatsevtika, tinch atom sohasida istiqbolli loyihalarni ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Rossiya investitsiyalari esa uglevodorodlar razvedkasi va qazib olish ishlari, elektr energetika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, shuningdek, port infratuzilmasi kabi yo‘nalishlarga qaratilgan. Braziliyada 2018-yilda yig‘ilgan Rossiya investitsiyalari umumiy qiymati taxminan bir yarim milliard dollarni tashkil qildi.
Braziliya — Rossiyaning Lotin Amerikasi va Karib basseynidagi asosiy savdo-iqtisodiy sheriklaridan biridir. Mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2018-yilda besh milliard dollarni tashkil qildi.
Mintaqaning yirik mamlakati ham Moskvaning muhim strategik sheriklaridan biridir. Muzokaralar vaqtida xalqaro va mintaqaga oid mavzular ko‘rib chiqiladi, deya tasdiqlamoqda Kreml. Yetakchilar 10-noyabr kuni iste’foga chiqqan Boliviya prezidenti - Evo Morales bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qiladilar. Ushbu qarorni qabul qilishga majbur bo‘lgan Morales Meksikaga uchgan.
Asosiy vazifalar
Sammit yopiq majlisdan boshlanadi va bunda gap xalqaro barqarorlik, xavfsizlik, savdo va mablag‘lar to‘g‘risida kechadi.
Kutilishicha, Vladimir Putin BRIKS uchun ustuvor vazifalarni muhim, deb bilishi haqida so‘zlaydi, dunyoda ro‘y berayotgan voqealarga, xususan, AQShning qurol-aslahalar ustidan nazorat tizimini barbod qilishga qaratilgan harakatlariga baho beradi. U shuningdek, Rossiyaning mintaqaviy mojarolarni tartibga solish bo‘yicha pozitsiyasini bayon etadi.
"Davlat rahbari BRIKS davlatlari hamkorligini iqtisodiy trekda: ya’ni Butunjahon savdo tashkiloti, Butunjahon banki, Xalqaro valyuta fondi doirasida yanada chuqurlashtirish tarafdori ekanligini bildirdi", - deya izoh berdi Yuriy Ushakov.
Shuningdek, davlatlar rahbarlari BRIKS ishbilarmonlar kengashi ishtirokchilari hamda Yangi taraqqiyot banki rahbariyati bilan uchrashadilar. Kengash ishtirokchilari va YaTB vakillari tuzilmalar faoliyati haqida dokladlarni taqdim etishadi. YaTB besh yil oldin tashkil etilgan bo‘lib, hujjatlar Braziliyaning Fortalezesida o‘tkazilgan sammitda imzolangan edi.
O‘shanda BRIKS davlatlari shartli valyuta zaxiralari tashkil etilgandi.
Hozirda, shtab-kvartirasi Xitoyda joylashgan YaTB umumiy summasi 11,6 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 42ta yirik loyihani ma’qullagan. Ular - birlashma ishtirokchi-davlatlari hududlarida amalga oshiriladi. Loyiha budjeti taxminan 1,8 milliard dollarga yaqin bo‘lgan yettita tashabbus, 12-noyabr kuni YaTB Yevroosiyo mintaqaviy markazi ochilgan Rossiyada amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Manfaatlar klubi
"Avvaliga albatta, hech kim BRIKS taraqqiy etishini kutmagandi, nega deganda, bu xalqaro birlashmaning yetarli darajada ekzotik shakllaridan biri edi. Avval hech qanday yaqin aloqalarda bo‘lmagan, buning ustiga turli mintaqalarda joylashgan mamlakatlar uning tarkibiga kirgan edi", — deya qayd etdi RIA Novosti bilan muloqotda MGIMO xalqaro tadqiqotlar instituti rahbari Aleksandr Orlov.
O‘n yil oldin BRIKSdagi ishtirok tashqi siyosiy omil hamda sheriklar bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish imkoniyatiga aylangan edi va bu hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, deb hisoblaydi ekspert.
BRIKS o‘z faoliyatini davom ettirmoqda, chunki ishtirokchi-davlatlarning tashqi siyosiy manfaatlarini aks ettiradi. Ammo istiqbollar masalasida meyorni bilish lozim, deb hisoblaydi RIA Novosti suhbatdoshi. Rasmiy tashkilotlar qiziqishlarga mos ohangda klublar bilan o‘rin almashayotgan bir vaqtda birlashma zamonaviy tashqi siyosatning umumiy an’analariga mos tushadi. BRIKS - ana shunday klublardan biridir.