TOSHKENT, 8 sen — Sputnik. Xitoyning Xanchjou shahrida dushanba kuni yakunlangan "Katta yigirmatalik" sammitidan soʻng Xitoy va Vashington rasmiylari oʻrtasida protokol masalalari hamda Oq uy jurnalistlarining joylashtirilishi yuzasidan bir nechta janjalli munozaralar boʻlib oʻtdi.
OAVlarga koʻra, Xanchjou aeroportida Obama uni kutib olganlar bilan qoʻl berib koʻrishayotgan vaqtda xitoylik jurnalistlar Amerika prezidenti atrofida boʻlgan muxbirlarni chetga surib tashlaganlar. Bundan tashqari, maʼlum boʻlishicha, Xitoy tomon amerikalik muxbirlarga prezident korteji bilan birgalikda ketishga ruxsat bermagan.
"Amerika Qoʻshma Shtatlari, xalqaro tadbirlarda jurnalistlar uchun oʻrnatilgan qoidalarni mensimagan holda, 20 nafar muxbir mingan avtobus Obama korteji bilan birga toʻgʻri sammit boʻlayotgan joygacha borishi kerakligini talab qila boshladi. U yerda esa yopiq eshiklar ortida uchrashuv oʻtkazilayotgan edi", — deb xabar qildi manba.
Yana bir manba esa "tabiiyki, avtobusga prezident korteji tarkibida borishga ruxsat berilmagani" haqida aytgan.
"Qoidalarga muvofiq, biz ularga matbuot-markaziga borishlari mumkinligini aytib, oʻz yordamimizni taklif qildik. Markazda ular xavfsizlik nazoratidan oʻtishlari lozim edi. Ammo shu gapni aytishimiz bilan jurnalistlarning ayrimlari avtobusda qolishni maʼqul koʻrishdi, boshqalari esa toʻgʻri hojatxonaga yoʻl oldilar", — deya qoʻshimcha qilgan manba.
OAVlarda, shuningdek, Xitoy tomon Obama va XXR Raisi Si Tszinpinning sayri vaqtida amerikalik jurnalistlar sonini olti nafardan uchtagacha qisqartirgani, sal vaqt oʻtmay, faqat bitta jurnalistga Obamaga ergashishga ruxsat berilgani haqida ham yozilgan edi.
Xitoy tomon buni "Obamaning atrofida olti nafar jurnalist boʻlishi mumkin deb hech kimga vaʼda qilmagani" bilan izohladi.
"Olti nafar jurnalist uchun koʻl oldidagi yoʻlak juda torlik qilardi, shu bois, biz ikki tomondan bir nafardan muxbirni qoldirishni taklif qildik. Amerika tomon bu taklifni maʼqulladi", — deya iqtibos keltiradi manba soʻzlaridan nashr.
"Qandaydir talablarni ilgari surish bu odatiy hol, ammo bu talablar meʼyordan oshmasligi lozim. AQSH ham bundan mustasno emas", — deya taʼkidladi manba. Nashrda yozilishicha, "sammitda ishtirok etgan boshqa mamlakat delegatsiyalarining hech biri AQSH kabi talablarni qoʻymagan".
"Chet ellik jurnalistlar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga asoslarimiz yetarli, sababi, Xitoy, eng avvalo sammitning yaxshi oʻtishidan manfaatdor", — deb taʼkidlagan manba.