TOShKENT, 23 okt — Sputnik, Marina Chernishova-Melnik. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi a’zo-davlatlari Parlamentlararo assambleyasi (MDH PA) shtab-kvartirasida Ijtimoiy siyosat va inson huquqlari bo‘yicha Doimiy komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi sayti ish boshladi
Mehnat migratsiyasi, mudofaa va xavfsizlik masalalari, ushbu sohalarda qonunchilikni qanday takomillashtirish va mavjud tahdidlarga qanday qarshi turish mumkin kabilar sobiq ittifoq respublikalari parlament, ilmiy doiralar, mutasaddi tashkilot va xalqaro tuzilmalar vakillari diqqat-e’tiborida bo‘ldi.
MDH Migratsiya kodeksining asosi
Kodeks MDH davlatlarida qo‘llaniladigan migratsiya sohasidagi aktual qonunlarning birlashmasi bo‘lib, u tavsiya xususiyatiga ega tizimlashtirilgan huquqiy aktdir.
Ya’ni ushbu kodeks aslida qonun ham emas, va uning MDH hududida na bugun va na kelajakda kuchga kirishini kutish mumkin.
Shunday bo‘lsa-da, 25 bobdan tarkib topgan 100-betli ushbu kodeks a’zo-mamlakatlar uchun muhim bo‘lgan mavzular: boshqa davlatlar hududida chet el fuqarosining huquqiy holati, ichki va tashqi migratsiya, kirish-chiqish tartibi, xorijiy ishchi kuchini yollash, muhojirlarning begona o‘lkada moslashuvi, soliq solinishi va davlat bojlari to‘lovi, muhojirlarning ijtimoiy himoyasi va shu kabilarni qamrab olgan.
Bugungi kunga kelib, Migratsiya kodeksi faqat Ozarbayjonda qabul qilingan. Qolgan MDH davlatlarida migratsiya sohasidagi rasmiy hujjatlarning ishlab chiqilishida mazkur kodeks asos qilib olinishi, amaldagi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilishi ma’lum qilindi.
Servis tashkilotlar va ishchi kuchining yagona reyestri
Kodeksning muhim jihatlari haqida mualliflar so‘z yuritar ekan, xususan, elektron hujjat almashinuviga o‘tish, elektron imzo qo‘llanilishi, dispanserizatsiya davomida xodimlar kafolatlari alohida qayd etildi.
Muhokamalar davomida eng ko‘p munozaraga sababchi bo‘lgan bob xorijiy ishchilarni jalb qilish to‘g‘risidagi bob bo‘ldi.
“Bu mavzuga doir huquqiy meyor ishlab chiqish vazifasi oldimizda turgan edi. MDH mamlakatlarining amaldagi meyorlarida masalaning qonuniy asosi umuman yo‘qligi aniqlandi. Shuning uchun ham xalqaro huquq va har bir a’zo-davlatning konstitutsion tamoyillari bunda asos qilib olinadigan bo‘ldi”, - dedi RF prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi kafedra dotsenti Galina Yelistratova.
Ekspertlar mazkur kodeksning alohida boblariga e’tiborini qaratar ekan, unda migratsiya sohasida xizmat ko‘rsatuvchi davlat va nodavlat servis tashkilotlari, ularning faoliyatiga oid qoidalar, vositachi-firmalarning akkreditatsiyasi, ularning haq-huquqlari, majburiyatlari va ishdagi cheklovlar aniq belgilab o‘tilganligini qayd etdilar.
Servis tashkilot xorijiy fuqaroning patent olishi, qonuniy ish topishi, mehnat shartnomasi, turar-joy ijarasi bo‘yicha shartnomalarni tuzish, mehnat milliy bozorida aktual bo‘sh ish joylari bazasini yurgizish kabilarda ko‘maklashadi.
Shu o‘rinda servis tashkilotlarga migratsiya sohasida xizmat ko‘rsatish huquqini mutasaddi davlat organlari berishi kerakligi kodeksning alohida moddasida ko‘rsatilgan. Bu kabi tashkilot rahbarligiga tashqi mehnat migratsiyasi sohasida kamida ikki yil faoliyat yuritgan kishilargina da’vogarlik qila olishi ham belgilab o‘tilgan.
O‘zbekistonda Rossiya migratsiya markazlari ochilishi mumkin
O‘z mutaxassisligini tasdiqlagan va mehnat qonunchiligi asosida faoliyat yuritishga tayyor bo‘lgan chet el fuqarolarining doimiy yagona reyestrini joriy etish Qirg‘iziston Jokorgu Keneshi vakillari tomonidan taklif qilindi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, barcha takliflar kodeks loyihasiga qo‘shilib, uni tasdiqlatish Parlamentlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi kun tartibiga kiritildi. Komissiya raisi Arif Gafar o‘g‘li Ragimzade hamkasblarini mazkur Migratsiya kodeksini cheksiz kengaytirish va qayta-qayta qo‘shimcha qoidalar bilan to‘ldirib borish istagidan voz kechishga chaqirdi.
“Sohadagi barcha tilak va takliflarni birgina qonun doirasida qamrab bo‘lmaydi. Hujjat migratsiya sohasiga bag‘ishlangan. Asosiy qoidalar qat’iyan mavzu doirasida bo‘lishi zarur. Umid qilamizki, berilgan takliflar MDH a’zo-davlatlarining migratsiya sohasidagi qonunlarining takomillashuviga hissa qo‘shadi”, - deya so‘ziga yakun yasadi ekspert.