TOShKENT, 18 sen – Sputnik. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bilan shug‘ullanayotgan “Human xususiy bandlik agentligi” litsenziyasini to‘xtatdi, deb xabar qilmoqla “Xalq so‘zi”.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, agentlik fuqarolar bilan Germaniya va Chexiyada 6-8 oy ichida ish bilan ta’minlash haqida shartnoma imzolagan, lekin ushbu kelishuv amalga oshmaganidan so‘ng fuqarolar to‘lagan pullarini qaytarib olishda muammolarga duch kelgan. Ushbu vaziyat yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga fuqarolardan ko‘plab norozilik murojaatlari kelib tushgan.
Shu munosabat bilan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentabrdagi 725-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomining 45 va 46-bandlariga muvofiq, “Human xususiy bandlik agentligi” MChJ litsenziyasining amal qilishi 10 ish kuni muddatiga to‘xtatilganligi to‘g‘risida qaror qabul qildi.
“Human” xususiy bandlik agentligidan shu muddat ichida fuqarolar pulini qaytarish talab etiladi. Aks holda litsenziyani bekor qilish masalasi ko‘rib chiqiladi, - deyilgan xabarda.
Shu fursatdan foydalanib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi fuqarolarni xususiy bandlik agentliklari bilan shartnoma imzolagan vaqtda e’tiborli bo‘lishga, shartnoma shartlarini to‘liq o‘rganib chiqish lozimligini eslatadi.