— Oʻzbekistonda neft-gaz sohasidagi islohotlar qanday amalga oshirilmoqda? Bu oʻzgarishlar tufayli manfaatlar toʻqnashuvi roʻy bermayaptimi?
— Shu vaqtgacha mavjud tizim bizni chuqur inqiroz yoqasiga olib keldi. Respublikaning butun boshli yoqilgʻi-energetika kompleksini isloh qilish loyihasi bir necha yil davomida OTB, YETTB singari xalqaro tashkilotlar ekspertlari, shuningdek, Boston Consulting Group (BCG) maslahatchilarini jalb qilgan holda ishlab chiqilgan. Aynan shu kompaniya islohotlarni amalga oshirish ustida ishlagan.
Gap bu yerda, kimdir kelib, "mana bunday ishlash kerak", deb bizga oʻrgatib, biz bu koʻrsatmalarni bajarganimiz haqida bormayapti, aksincha, biz ekspertlar bilan birgalikda yangi energetika strategiyasini ishlab chiqish jarayonida qatnashdik. Umumiy hisobda bu ishga bir yarim yil vaqt sarfladik. Islohotlar neft-gaz sohasini ham, elektr-energiyasi sohalarini ham qamrab oldi, ammo bu hech qanday manfaatlar toʻqnashuvini yuzaga keltirgani yoʻq.
Misol uchun, Oʻzbekistonda kim ishlashidan qatʼi nazar, deylik, u xoh "Lukoyl", xoh "Gazprom" yoki "SNPS" boʻlsin, qolaversa joriy yilda "Zarubejneft»", "Tatneft", British Petroleum, SOCAR, Mubadala Petroleumlar ham kelmoqda - "Transgaz" Oʻzbekistondagi yagona operator boʻlib qolaveradi.
Uch yil avval esa biz bu haqda hatto xayol qila olmas edik.
Yangi tizim mamlakat neft-gaz sektorining barcha ishtirokchilari uchun eng adolatli sharoitlarni yaratdi, "Oʻzbekneftgaz" esa, biz, Energetika vazirligi uchun monopolistdan mavjud koʻpsonli yoqilgʻi-energetika kompleksidagi kompaniyalarning biriga aylandi.
Oʻz navbatida "Transgaz", magistlar gaz oʻtkazgichlar davlat monopoliyasi sifatida respublikaga keladigan, gaz tarmogʻiga ulanish huquqini qoʻlga kiritgan barcha kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Bunday model zamonaviy bozor sharoitiga mos, shu uchun ham sohaning yirik oʻyinchilari bugun Oʻzbekistonga hech ikkilanmay kelmoqda.
— Oʻzbekiston iqtisodiyot ochiqligiga qarab kurs olgan, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni faol jalb qilmoqda, shu jumladan strategik sektorga ham. Besh yillik istiqbolda mamlakat neft-gaz majmuasi holatini qanday tasavvur etasiz?
— Sohada juda katta islohotlar amalga oshirildi. Biz nimani xohlagan edik? Oʻz oldimizga qoʻygan asosiy vazifa - shu vaqtgacha mavjud boʻlgan tizimni qismlarga boʻlishni. Bu monstr besoʻnaqay edi, yaʼni oʻz yogʻida oʻzi qovrilib yotgandi. Barcha ichki oldi-berdilar alohida sxamalar boʻyicha amalga oshardi: pul emas, faqat tovar aylanardi. Prezident shu soha negizida shaffof, mobil, oʻz oldigan qoʻyilgan vazifalarni tezkor bajaradigan bir nechta kompaniyalarni tashkil etish topshirigʻini berdi. Yaʼni biz, qazib olishni qayta ishlashdan va transportirovkadan ajratdik, shuningdek, investorlarni jalb etish boʻyicha alohida tuzilmalarni tashkil etdik.
Misol uchun, "Oʻzbekneftegaz" tuzilmasidan ixtisoslashmagan boʻlimlarni chiqarishga majbur boʻldik, shuningdek, servis xizmatlarini autsorsingga oʻtkazdik. Ilgari "Oʻzbekneftegaz" tarkibida respublika ahamiyatiga molik oltita qurilish trestlari mavjud edi. Biz ularga uch yildan soʻng sizlarni stabil buyurtmalar bilan taʼminlaymiz, dedik. Uch yildan soʻng tender asosida ishlashga oʻtamiz. Bu adolatli bozor mexanizmi. Chunki sen yo raqobatbardosh boʻlishing kerak, yoki biznesingni tashla. Burgʻulash kompaniyalari bilan ham xuddi shunday qildik. Ular hozir juda norozi, lekin, biz aminmizki, uch-toʻrt yildan soʻng ular bizdan minnatdor boʻladi. Biz ular oldiga raqobat bozorining qatʼiy shartlarini qoʻyib, harajatlarni optimallashtirish, modernizatsiya va sifat darajasini koʻtarishga turtki boʻlyapmiz.
Tabiiyki, yangi qoidalarga oʻtish oson kechgani yoʻq, chunki bu sxemada juda uzoq ishlaganmiz va koʻnikib qolgan, yangicha ishlashga hushimiz yoʻq edi. Shu bois, ishni avvalo oʻzimizni oʻzgartirishdan boshlashimiz talab etilgandi. Faqat shundan keyingina u yoki bu sohani isloh qilish mumkin.
— MOMIH (TSARES) forumida Toshkentda Markaziy Osiyoda gaz taqsimlovchi yagona muvofiqlashtiruvchi markazni tashkil etish tashabbusi bilan chiqdingiz. Bu taklifingizni ishtirokchilar qanday qabul qildi?
— Soʻnggi uch yil ichida Oʻzbekiston juda oʻzgardi, bu esa qoʻshni respublikalar, umuman mintaqada oʻzgarishlar yuz berishiga olib keldi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari, biz alohida-alohida emas, balki birga boʻlsakkina yaxshi boʻlishini tushundilar. Hozir kim muhimroq ekanligi haqida oʻylaydigan vaqt emas - hamma muhim.
Buni bugun nafaqat barcha darajada, balki iqtisodiyot, energetika sektorlarida ham tushunib yetdilar. Xavfsizlik, mamlakatning normal hayoti, aholini energiya resurslari bilan stabil taʼminlash va sanoat korxonalarining faoliyati aynan energetika sektori faoliyatiga chambarchas bogʻliq.
Bizning tashabbusimizni hamkasblarimiz ijobiy qabul qilishdi. Hozirdan ushbu masalani qozogʻistonlik hamkasblar bilan muhokama qilishni boshladik. Xususan, birgalikda tashqi bozorlarga chiqishni rejalashtirayapmiz, masalan, afgʻon bozoriga.
Osiyo taraqqiyot banki Oʻzbekistonda gazni taqsimlovchi markaz tashkil etilishini qoʻllab-quvvatlamoqda va bu loyihaga mablagʻ ajratishga ham tayyor.
— Oʻzbekiston energetikaning yangi tarmogʻi - atom energetikasini tashkil etmoqda. Nega respublika oradan shuncha yil oʻtib bu yoʻnalishni rivojlantirishga qaror qildi? Yuqori texnologik ishlab-chiqarish tufayli ish joylarining qisqarib ketishi xatari yoʻqmi?
— Birinchidan, atom energetikasining rivojlanishi ish oʻrinlarining qisqarishiga olib keladi, deb hisoblamayman. Aksincha, AES qurilishi va ekspluatatsiyasi har qanday davlatni yanada intellektual, yanada oʻqimishli muhandislarni tarbiyalashga motivatsiya qilishiga ishonchim komil. Bundan tashqari, bu nafaqat energetika, balki tibbiyot, qurilish va yangi texnologiyalar rivoji ham demakdir. Hozirda yuz nafar boʻlgʻusi mutaxassislar Moskvada MIFIda tahsil olishmoqda. Yana shunchasi sentyabrda MIFIning Toshkentda yangi ochilgan filialiga oʻqishga kirdi.
Atom energetikasi – Oʻzbekiston uchun yangi soha, biroq yadro fizikasi respublikada oʻzining tarixiy anʼanasiga ega. Mamlakat 25 yildirki MAGATE aʼzosi hisoblanadi, Oʻzbekistondagi Yadro fizikasi instituti esa yarim asrdan ziyod vaqt davomida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
AESni qurish qarori birdaniga qabul qilinmagan, ekspertlar guruhi bu nozik masala ustida bir yarim yildan ortiq vaqt davomida ishladi. Atom stantsiyalari bugun ekologik jihatdan xavfsiz, uglerodsiz deb tan olingan, buning ustiga Oʻzbekiston - uran qazib olish boʻyicha yetakchi davlatlardan bittasi. Yoqilgʻi uchun xom-ashyo, ilmiy salohiyat va inson kapitaliga ega mamlakatimiz 10-15 yil muqaddam bu kabi loyihani hayotga tatbiq etishi mumkin edi. Bundan tashqari, arxiv hujjatlarini koʻtarganimizda, respublikada AESni qurish rejasi 1970-yillarda ham boʻlganligiga guvoh boʻldik.
Rosatom bilan birgalikda AESning ilk ikkita blokini qurish boʻyicha loyihani ishga tushirgan edik, ammo MAGATEning soʻnggi anjumanida tashkilot rahbariyatiga Oʻzbekiston bu maydonda qoʻshimcha yana ikkita blok qurish qarorini qabul qilganligi haqida maʼlum qildim. Bu kabi strategik obʼyektlarning xavfsizligi va energetik samaradorligidan tashqari, qurilish rentabelligi ham muhim. Agar loyihalashtirish bosqichida yana ikkita blokni qoʻshsak, ularni qurish bizga arzonga tushadi, sababi barcha zarur infratuzilma yaratilgan boʻladi.
— Mintaqadagi suv resurslari bilan bogʻliq murakkab vaziyatlar va birinchi AES qurilishini inobatga olgan holda, gidroenergetika kelajagini qanday koʻrasiz?
— Bu energetika sohasining muhim qismi, shu bois, gidroenergetika hech qachon oʻlmasligiga ishonchim komil. Toʻgʻri, Sayan-Shushen GESi kabi yirik stantsiyalar bizda endi boʻlmaydi, lekin kichik va oʻrta gidroelektrstantsiyalarga ehtiyoj bor. Misol uchun, hozirda bitta poselka uchun stantsiyalar tarmogʻini yaratish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Bu resurs, bu Alloh tomonidan inʼom etilgan toza energetika, va biz undan foydalanmogʻimiz lozim.
Oʻzbekistonda va umuman, Markaziy Osiyo mintaqasida GESlarga nafaqat energetik loyihalar, balki meliorativ obʼyektlar sifatida ham qaraladi: suvlar zaxiralari yaratiladi, ortiqchasi esa elektr toki olish uchun ishlatiladi. Bu sohada Rossiya, Xitoy, AQSH va boshqa davlatlardagi jahonning eng yetakchi mutaxassislari bilan aloqada boʻlib, eng old uskuna va texnologiyalarni tarmoqqa joriy etib kelayapmiz.