Dmitriy Verxoturov
Nur-Sultonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari va AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Devid Xeyl o‘rtasidagi "S5+1" (yoki Markaziy Osiyo plyus AQSh) formatidagi uchrashuv ekspertlarda qiziqish uyg‘otmasligi mumkin emas. Uchrashuv ishtirokchilari yopiq eshiklar ortida nimalarni muhokama qilgan bo‘lishlari mumkin, degan savolga siyosatshunos, sharqshunos Dmitriy Verxoturov javob berishga harakat qildi.
Yig‘ilish yopiq eshiklar ortida o‘tdi va garchi uchrashuv formati e’tiborga molik darajada bo‘lsa-da, muloqot mazmuni haqida ma’lumotlar juda kam. Bilganimiz shu-ki, muloqot xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, transport va investitsiyalar sohalarida hamkorlik borasida kechgan. Xeylning o‘zi brifing davomida Qozog‘istonga 2018-yil yanvarida QR prezidenti Nursulton Nazarboyevning AQShga qilgan safarida erishilgan kelishuvlarga binoan kelganini aytgan.
Shunday ekan, haqli savol tug‘iladi: bu nima degani o‘zi? AQShning ushbu, Rossiyaning janubiy qo‘shnilarigina emas, balki sheriklari va hatto yaqin harbiy ittifoqdoshlari (Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ODKB tarkibiga kiradi) bo‘lgan mamlakatlar bilan yig‘ilishi hech kimda qiziqish uyg‘otmasdan, xususan, xushorlik aralash qiziqish uyg‘otmasdan qolmaydi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2018-yilning yanvaridayoq ushbu format Markaziy Osiyo mamlakatlarining Rossiya bilan aloqalarini uzib tashlash maqsadida tashkil etilganini aytgan edi. Lavrov o‘shanda Rossiya mintaqa mamlakatlarining tashqi siyosiy aloqalari rivojlanishiga qarshi emasligini, ammo bu munosabatlar amaldagi kelishuvlarga ziyon yetkazmasligi lozimligini alohida ta’kidlagandi.
Lavrov bergan bahoga qo‘shilmay bo‘lmaydi. Haqiqatan, aftidan, AQSh o‘zini Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun katta siyosiy sherik rolida sinab ko‘rmoqda, va, ehtimol, u yerdan Rossiyani siqib chiqarishga ham urinib ko‘radi. Shtatlarning olis masofadagi keng mintaqalarda siyosiy va harbiy ustunlikka intilishi hech kimga sir emas.
Shunday bo‘lsa-da, Nur-Sultonda o‘tgan majlisning asosiy mavzusi tashqi siyosiy sherikni almashtirishga bag‘ishlangan pand-nasihatlar bo‘lganiga ishonish qiyin. Odatda bu kabi uchrashuvlarda, davlatlararo darajadagi muhokamani talab etadigan aniq mavzu ko‘tariladi va dasturning bosh mavzusi ham o‘sha bo‘ladi. Siyosiy tashabbuslar "oq varoqdan" kamdan-kam hollarda ilgari suriladi, odatda ular muayan kontekst va o‘tmishga ega bo‘ladi.
Bu yerda qaysinisi imitatsiya edi?
Ushbu muzokaralar formati AQSh prezidenti Barak Obama daridayoq paydo bo‘lgan va ilk uchrashuv 2015-yilning 1-noyabrida Samarqandda, ikkinchisi - 2016-yilning avgustida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan. AQSh davlat departamenti axborot bulleteniga ko‘ra, tomonlar quyidagi loyihalar bo‘yicha kelishib olgan: terrorizmga qarshi kurash, mintaqaviy biznesning raqobatbardoshligini oshirish, transport koridori, "yashil energetika"ni rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashuv sohasida milliy rejani qo‘llab-quvvatlash.
Tomonlar ushbu yo‘nalishlarda ishchi guruhlarni tuzishga kelishib oldilar, ular orasida eng faol ishlayotgani terrorizmga qarshi kurash guruhidir. Bu maqsadlarga AQSh 15 million dollar ajratgan. Lekin yirik hisobda oladigan bo‘lsak, bu muloqotni moliyalashtirishdir. Bunday miqdordagi budjet uchrashuvni tashkil etish va muhokamalar harajatini qoplaydi xolos, moddiy loyihalarga o‘tish uchun bu mablag‘ juda kam. Shunday ekan, tahlillar, taklif etilgan loyihalarning kattagina qismi ma’lum imitatsiya shaklida mavjuddir deya xulosa bildirishga imkon bermoqda.
Misol uchun, Markaziy osiyoda iqlim o‘zgarishi va u bilan bog‘liq bo‘lgan suv-energetika muammolariga yechim topishga jiddiy kirishish uchun, ilmiy izlanishlar va loyiha ishlarining o‘zi yuz millionlab dollarni talab etadi. Zarur obyektlarning qurilishi, xususan, suv zaxirasini tashkil etish uchun yirik GESlarning qurilishi ham bir necha o‘nlab milliard dollarlarni talab qiladi.
Markaziy osiyoda transport masalalarining yechimi hal qiluvchi darajada Rossiya va Xitoyga bog‘liq, ular esa bu muzokaralar formatida qatnashmayapti. Afg‘oniston orqali temir yo‘l qurilishiga keladigan bo‘lsak, bu uchun 5 milliard dollar atrofida mablag‘ talab etiladi, shu bilan birga loyihalashtirish ishlari ham arzon emas.
Mintaqaviy biznesning raqobatbardoshligini oshirish ham katta mablag‘lar va ko‘p yillik ishlarni talab etadi, kamiga bu ish ham Rossiya va Xitoy bilan bo‘ladigan iqtisodiy munosabatlarga bog‘liq. AQSh esa bu ikkala davlat bilan ham o‘ta nodo‘stona munosabatlarda. Shunday ekan, Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo mamlakatlariga qanday konkret va keng ko‘lamli takliflarni bera oladi?
Xulosa qilish mumkin-ki, muhokamalarda ilgari surilgan taxminiy real masala, - terrorizm, ya’ni Afg‘oniston va "Tolibon" bilan tinchlik muzokaralariga erishishga harakat masalasi bo‘lgan.
Toliblar legal siyosiy sheriklar sifatida
Ko‘rinib turibdiki, "S5+1" formati, avval boshdan toliblar bilan muzokaralar jarayonini qo‘llab-quvvatlash va ularni Afg‘oniston siyosiy tizimiga qonuniy ravishda integratsiyalash maqsadida tashkil etilgan.
Shtatlarning BMTdagi Afg‘onistonda chet el harbiy kontingentini ushlab turish bo‘yicha mandat muddati yakunlangach, AQShning "Tolibon" bilan muzokaralari birdan faollashib ketdi. Harbiy kontingent birdan qisqartirilgan, va bu hol toliblar va ularga ittifoqdosh bo‘lgan radikal guruhlarga qarshi turishda sezilarli qiyinchiliklarni tug‘dirgan edi.
Markaziy Osiyodagi xavfsizlikka amerikancha nazar
AQShning toliblar bilan yarashuv izlashining yana bitta sababi mavjud. Aynan 2015-yilda uzoq davom etgan Pokiston-Xitoy yaqinligi o‘z mantiqiy yakuniga yetib, XXR raisi Si Szinpinning 2015-yilning yanvarida Pokistonga tashrifi bilan mustahkamlab qo‘yilgan edi. Pokiston Xitoyning "tengsiz do‘sti" maqomini oldi, va u Xitoyning harbiy ittifoqdoshi, shu jumladan atom sohaqidagi sherigiga aylandi. AQSh esa ko‘proq Hindistonga ishonch bog‘lagan edi.
Pokiston avval boshda NATOning Afg‘onistondagi kampaniyasini qo‘llab-quvvatlab turdi, ammo 2012-yilda NATO qo‘shinlari uchun Pokiston orqali yuklarning olib o‘tilishi to‘xtatildi. Bu AQShni Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston orqali o‘tadigan "shimoliy marshrut"dan foydalanishga majbur etdi. Ushbu yo‘nalish ko‘p vaqtni talab etardi, yirik qo‘shinlar guruhini u orqali ta’minlab turishning iloji yo‘q edi, va aynan shu holat toliblar bilan muzokaralar olib borish va yarashuvga erishish jarayonini deyarli yo‘qqa chiqardi.
"Tolibon" bilan kelishish oson ish bo‘lmadi. Negaki, AQShning kuch bilan bosim o‘tkazish imkoniyatlari sezilarli qisqardi va toliblar rahbariyati bu imkoniyatdan to‘liq foydalanishga va imkon qadar ko‘proq yon bosishga erishishda keng foydalandi.
Lekin, ko‘rinib turibdiki, uzoq davom etgan voqea o‘z nihoyasiga yetmoqda, va "Tolibon" bilan tinchlik bitimi tasdiqlangan ham. Bu bitim imzolangach, "Tolibon", xuddi sal oldin bitim imzolagan Gulbeddin Hikmator singari terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan o‘chiriladi, toliblar esa tinch hayotga qaytib, siyosatda ishtirok eta oladi.
Toliblar (gap albatta, faqat afg‘on toliblari haqida bormoqda), kelajakda afg‘on siyosiy tizimi(parlament va hukumat)ning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda. Ammo ularning yangi maqomini mustahkamlash uchun o‘ziga xos tan olish talab etiladi, ya’ni ular bilan ish ko‘radigan va ularni qonuniy siyosiy hamda iqtisodiy sheriklar sifatida sinovdan o‘tkazadigan bir guruh mamlakatlar bo‘lishi lozim.
Meni nazarimda, AQSh bu missiya uchun toliblarga madaniy va diniy dunyoqarash jihatdan eng yaqin, shuningdek, siyosiy jihatdan ularga ko‘proq darajada neytral bo‘lganlar sifatida Markaziy Osiyo mamlakatlarini tanlab olgan. Agar bu rost bo‘lsa, u holda "S5+1" formati — bu shunday mazmundagi muzokaralar-ki, bunda AQSh Markaziy Osiyo mamlakatlarini ushbu funksiyani o‘z bo‘yniga olishlariga ko‘ndirmoqda.
Ko‘rinib turibdiki, iqtisodiy, transport va energetika sohalariga oid loyihalar shu kontekstda muhokama qilinmoqda, chunki deganda, Afg‘onistonda tinchlik jarayoni barqaror bo‘lishi uchun mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat sezilarli yaxshilanishni talab etadi va bu kundek ravshan. Lekin hozircha bu faqat muloqot va fikr almashinuvi ko‘rinishida kechmoqda.
Natija nima bo‘ldi?
O‘ylashimcha, Nur-Sultondagi yig‘ilishning natijasi yomon emas, biroq haqiqiy muvaffaqiyatdan ancha yiroq. Omadli kechganida, bu haqda bizga ma’lum qilishardi.
Markaziy osiyo beshligining pozitsiyasi taxminan bunday. Bir tomondan bu mamlakatlar afg‘on ishlaridagi ma’lum ishtirokdan umuman voz kechayotgani yo‘q, bundan tashqari, ular bu ishni foydali va zarur deb tan olmoqda, alqissa, xavfsizlik uchun ham, bu esa Afg‘oniston bilan chegaradosh mamlakatlar uchun ayniqsa muhim.
Biroq, boshqa tomondan, kelajak juda noaniq. Birinchidan, afg‘on iqtisodiyoti va uning taraqqiyotiga doir istiqbollar amerika iqtisodiy ko‘magiga bog‘liq, shu bilan birga AQShning o‘zi so‘nggi yillarda jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan knchirmoqda. Afg‘on iqtisodini ko‘tarish uchun buncha mablag‘ Markaziy osiyo davlatlarida ham yo‘q. Afg‘onistonni to‘laligicha sotib olishga qurbi yetadigan Xitoy esa yopiq eshiklar ortida o‘tgan uchrashuvning narigi tomonida qoldi.
Ikkinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlari, AQSh bilan ehtiyotkorlik kelishish lozimligini, bunda mintaqaga ancha yaqin bo‘lgan Rossiya va Xitoy pozitsiyalarini hisobga olish, axir ularning ta’sir imkoniyatlari amerikaliklarga nisbatan ancha ko‘pligini juda yaxshi tushunishadi.
PShu bois, muloqot taxminan bu ko‘rinishda borgan: Xeyl porloq istiqbollarni ta’riflagan, MO mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari esa, shunday vaqtlarga xos diplomatik komplimentlar bilan bularning barchasi haqiqatan ro‘y berishi haqida salmoqli dalillarni talab qilishgan. Shu bilan xayrlashishgan.