TOShKENT, 26 okt - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Rossiya diplomatiyasi "yuzi", Rossiya Tashqi ishlar vazirligi axborot va matbuot departamenti direktori, 1-toifali Favqulodda va Muxtor elchi - Mariya Zaxarova bugun xalqaro iqtisod va diplomatiya universitetiga tashrif buyurdi.
Mariya Zaxarova talabalar to‘plangan zalga qadam qo‘yar ekan, O‘zbekistonga har gal kelganida o‘zbekona lutf, mehmondorchilikdan boshqacha zavq olishi haqida so‘z ochdi va hozirgina dunyodagi eng mazali taomlar bilan uni siylashganini qo‘shimcha qildi.
Zaxarova - Rossiya diplomatiyasi tarixida Rossiya TIV rasmiy vakili lavozimiga tayinlangan birinchi ayol. U ijtimoiy tarmoqlarda o‘ta faol va aynan u o‘z rasmiy akkauntlarida yozib qoldiradigan postlardan chet el OAVlari tez-tez sitatalar keltirib turishadi.
Toshkent xalqaro aeroportidan hayratlangan diplomat
Diplomatning aytishicha, samolyot trapidan O‘zbekistonga ilk qadam qo‘yishi bilan Toshkent xalqaro aeroportining tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketganidan hayratlangan.
"Men taajjublandim - bu nima, yangi aeroportmi, dedim hatto. Menga esa "Yo‘q, o‘sha, avvalgi aeroport deb javob berishdi", - deya taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi u.
Rossiya TIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, u O‘zbekistonga tunda uchib kelgan va ro‘y bergan o‘zgarishlar tufayli aeroportni umuman taniyolmagan. Chiroqlardan tortib, ta’mirlash ishlarigacha hamma-hammasida katta o‘zgarishlar ro‘y bergan...
Shoiralikka da’vogar emasman...
Bo‘lg‘usi diplomatlarga tanishtirilar ekan, egallab turgan lavozimidan tashqari, Mariya Zaxarova she’rlar hamda qo‘shiqlarga matnlar yozib turishi ham aytib o‘tildi. Rossiyalik diplomat o‘ziga berilgan bu ta’rifga shunday javob qaytardi:
"Men she’r yozishga jiddiy qiziqish bilan qaramayman, shunchaki, ko‘nglimda tug‘ilgan satrlarni qog‘ozga tushiraman. Anna Axmatova, Aleksandr Pushkinlarni haqiqiy shoir deyish mumkin, men esa shunchaki ermak qilaman".
O‘zbekistonga tashrifidan maqsad
Zaxarova diplomatiya universiteti talabalari oldida nutq so‘zlar ekan, O‘zbekistonga "ma’ruza o‘qish uchun kelmaganligini" aytdi.
"Agar sizlar qarshi bo‘lmalaringiz sizlar bilan savol-javob formatida muloqot qilar edim", dedi Rossiya TIV delegatsiyasi tarkibida kelgan diplomat.
Zaxarova universitetga taklif uchun minnatdorchilik bildirgan holda, tashrifidan maqsad - Rossiya va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirliklari liniyasi bo‘yicha ikkinchi maslahatlashuvlar bo‘lganini, birinchi maslahatlashuv bir yil muqaddam o‘tkazilganini aytib o‘tdi.
Putinning O‘zbekistonga tashrifi va ikkiyoqlama munosabatlar haqida
Mariya Zaxarova, universitet talabalari tomonidan berilgan Rossiya va O‘zbekiston munosabatlari, yaqinda bo‘lib o‘tgan Rossiya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi haqidagi savolga javob berar ekan, ikki davlat munosabatlari mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi.
"Ushbu tashrif va uning doirasidagi muzokaralar ikkiyoqlama munosabatlarda tarixiy va juda muhim bosqich bo‘ldi, bu shubhasiz. Bo‘lib o‘tgan jarayonga shunday tavsif berish eng to‘g‘ri bo‘lardi. Bu shunchaki protokol tashrif emas va u shunchaki rasmiyatchilik uchun amalga oshirilgani yo‘q. Ikkiyoqlama munosabatlarga yangicha sifat berildi. O‘rtadagi strategik sheriklik haqida amal qiladigan hujjatlarni sanab o‘tmasdan, oddiy tilda gapiradigan bo‘lsak, hozirda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqdi. Endilikda shu uchrashuvda bo‘lib o‘tgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish kerak, xolos", - dedi diplomat.
Tramp, Jon Bolton va kabutarlar...
Rossiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar xalqaro siyosatga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu masala Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari e’tiboridan chetda qolmadi.
Xususan, talabalardan biri Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaga yaqinda AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi Jon Bolton Moskvaga uch kunlik tashrifni amalga oshirgani va bu uchrashuv pirovardida nimalar ro‘y berishi mumkinligi haqida savol berdi.
Mariya Zaxarova savolga javob berar ekan, bu mavzuda juda ko‘p gapirilganini aytdi va shu bilan birga tashrif haqiqatda "mazmunli" bo‘lganini ta’kidladi. "Janob Bolton Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan uchrashdi. Lekin shu bilan birga u Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligida uchrashuv o‘tkazdi va shundan so‘ng Bolton Rossiya prezidenti tomonidan qabul qilindi", - dedi Zaxarova va bu haqda turli ekspertlar fikri e’lon qilingani, qolaversa uchrashuvlar davomida ikki mamlakat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari haqida kelishuv bo‘lgani haqida qo‘shimcha qildi.
Zaxarova, shuningdek, Rossiya TIV rahbarining ushbu uchrashuv yakunlari yuzasidan bergan intervyusi to‘liq hajmda "Rossiya-1" telekanali orqali chiqishini ma’lum qildi.
Rossiya TIV vakilining aytishicha, Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar qachon normal holatga kelishi haqidagi savollar juda ko‘p beriladi.
"To‘g‘ri ta’kidladingiz, ko‘pgina global masalalarning yechimi mana shu ikkiyoqlama munosabatlarga bog‘liq. Afsuski, ular tomonidan xalqaro munosabatlarga "blok bilan yondashuv" ko‘proq bo‘ladi. Va shunday vaqtlarda ularda xalqaro munosabatlarda demokratiya masalasi o‘rtaga tashlanmaydi, hatto. Biz esa hamkorlarimiz va qo‘shnilarimiz tashqi siyosatiga hurmat bilan yondashamiz. Bizlar ko‘pchiligimiz bitta xalqaro tashkilotga a’zoligimizga, misol uchun ShHTga a’zoligimizga qaramay, tashqi siyosatdagi pozitsiyalarimizda bo‘ladigan farqlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lamiz. Ba’zan ayrim masalalarda qarashlarimiz ayro tushishi mumkin. Va bunday holatlar biz uchun normal hisoblanadi. U yerda (AQShda demoqchi) "blok yondashuv" amal qiladi, shu bois Rossiya va AQSh munosabatlari o‘ziga xos "kamerton" bo‘lib, Vashington o‘z sheriklarini shunga moslashtiradi", - dedi Zaxarova.
"Rossiya yaxshilash emas, balki ikki o‘rtadagi munosabatlarni yomonlashtirmaslikka tayyor edi. Biz har doim bir gapni takrorlaymiz va bu jumla balki me’daga ham tegib ketgandir: bu bizning tanlov emas. Ha, munosabatlarni yomonlashtirish bu bizning tanlov emas. Agressivlik, qo‘rqitish, shantaj darajasidagi tinimsiz tahdidlar... Har oyda turli xalqaro tashkilotlardan chiqish haqidagi tashabbuslar bilan biz chiqayotganimiz yo‘q. Lekin Amerika Qo‘shma Shtatlarida hozir mana shunday tarixiy jarayon kechmoqda. Biz uni "o‘zlikni anglash", deb xarakterlaymiz. Ehtimol bu ichki krizis holat tufayli yuzaga kelgandir. Shu bois biz buni ham tushunamiz.
Lekin biz munosabatlarni mutlaqo boshqacha qurish kerak, deb hisoblaymiz. Ular mas’uliyatga asoslangan bo‘lishi kerak", - dedi diplomat.
Zaxarova 300 kunlab rasmiylashtirilayotgan vizalar masalasiga ham to‘xtaldi.
"Amerika Rossiya fuqarolari uchun vizalarni 300 kun davomida rasmiylashtiradi. Mayli tekshiruv jarayoni bo‘lsin. Bu tekshiruv jarayoni qay tarzda amalga oshiriladi? Nima, rossiyaliklar anketalari kabutarlar oyoqlariga bog‘lanib Amerika Qo‘shma Shtatlariga uchirilmasa kerak? Bular barchasi kompyuterlashtirilganku", - deya fikrlarini bildirdi diplomat.
Diplomat bo‘lish uchun...
Bo‘lg‘usi diplomatlarni qanday qilib yaxshi diplomat bo‘lish mumkinligi haqidagi savol ham qiziqtirmay qolmadi.
Zaxarova bu savol juda ko‘p berilishini, jumladan Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovdan ham bu haqda ko‘p so‘ralishini ta’kidlagan holda quyidagilarni ma’lum qildi:
"Diplomatiya - bu eng avvalo kasb ekanligini anglab oling. Bu bilimingizga asoslangan mahoratdir. Bu kasb bilim, professionallik va professional munosabatga asoslanadi", - dedi u.
Zaxarova yosh diplomatlarga o‘z vatani tarixi, jahon tarixini, xalqaro munosabatlar tarixini chuqur o‘rganishni, bundan tashqari odamlar bilan ko‘proq muloqot qilib, murosa qilish san’atini kundalik hayotda charxlab borishni maslahat berdi.