TOShKENT, 13 avg - Sputnik. Butun dunyo bo‘ylab bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan "Ko‘k kit" o‘yini bilan bog‘liq shov-shuvli xabarlar endi tinchiganida internet olamida yana bir xavfli o‘yin paydo bo‘lgani haqida ma’lum bo‘ldi.
O‘yin qay tarzda tarqalib ketgan?
Ushbu o‘limga chorlovchi o‘yin yordam so‘rab qilingan murojaat tufayli tarqalib ketgan. Notanish yigit boshiga kulfat tushganini ma’lum qiladi va yapon raqamini qoldirib, odamlardan shu raqam bo‘yicha telefon qilishlarini so‘raydi. Internet foydalanuvchilari yigitga yordam qo‘lini cho‘zish istagida WhatsApp orqali o‘sha raqamlarni terganlarida ayol boshli va parrandanikidek oyoqli qo‘rqinchli mahluq surati paydo bo‘lgan.
Momo o‘yini nimasi bilan xavfli
O‘yin shundan iboratki, WhatsApp foydalanuvchisiga Momo ismli va qo‘rqinchli avatarkaga ega kontakdan xat keladi. Suratda, yuqorida aytganimizdek, ko‘zlari chaqchaygan, katta og‘izli va tovuq oyoqli mahluq tasvirlangan.
Xatda Momo o‘yin o‘ynashni taklif etadi. Internet foydalanuvchisi ushbu taklifga rozi bo‘lishi bilan eng dahshatlisi boshlanadi.
Momo topshiriqlar va qo‘rqinchli suratlar yuborishni boshlaydi. Agar foydalanuvchi berilgan topshiriqni bajarishdan bosh tortsa, Momo unga tahdid qilishni boshlaydi. OAVlarda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘yinning bir ishtirokchisi bo‘lgan qizga qonga belangan qo‘g‘irchoq surat yuborilgan va undan xuddi shu holatni o‘zida sodir etish talab qilingan.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Momo bola va uning oilasi haqidagi ma’lumotlarni to‘plab, bulardan keyinchalik unga ruhan bosim o‘tkazishda foydalanadi. Xabar qilinishicha, o‘yinda smartfon yoki kompyuterdagi veb-kamera orqali foydalanuvchi haqidagi ma’lumotlarni skaner qiladigan botdan foydalanilar ekan.
Ushbu o‘yin 4 kun davom etadi va o‘yin maqsadi - o‘yin a’zosini o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetkazishdan iborat.
Toshkent shahar IIBB matbuot-xizmati ham ota-onalarga murojaat yo‘llab, Momo o‘yinidan ehtiyot bo‘lishni so‘ragan.
"Argentinaning Buenos-Ayres shahrida 12 yoshli qizaloq o‘z joniga qasd qilgandan keyin ushbu o‘yinning inson ruhiyatiga salbiy ta’siri haqida jiddiy gapirila boshlandi. Ushbu holat bo‘yicha surishtiruv olib borayotgan politsiya xodimlari o‘smirning telefonida Momo o‘yini borligini aniqlashgan.
Xorijiy saytlarning yozishicha, o‘yin yaratuvchilari o‘z mijozlarini avval ijtimoiy tarmoqlar va forumlardan izlab topadi. Shundan so‘ng, o‘smirlarga qo‘rqinchli fotosuratlar va zo‘rlash sahnalari bo‘lgan videotasvirlar yuboradilar va sekin-asta turli buyruqlarni bajarishni talab qila boshlaydilar, mijozga oid turli ma’lumotlarni yuborishni so‘raydilar. Agar mijoz rad etadigan bo‘lsa, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘rqitish yo‘liga o‘tadilar", - deyiladi xabarda.
Hurmatli ota-onalar, aziz bolajonlar! Ehtiyot bo‘ling, Internet tarmog‘ida foydali ma’lumotlar bilan birga ana shunday g‘arazli niyatlarda yaratilgan resurslar ham yo‘q emas. Agar messenjeringizdagi kontaktlaringiz orasida Momo paydo bo‘lib qolsa, uni darhol bloklab qo‘yishni unutmang, deyiladi IIBB murojaatida.