TOShKENT, 23-iyun — Sputnik. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan shartnoma asosida Sankt-Peterburgga ishga yuborilgan O‘zbekistonning 53 nafar fuqarosi Rossiyada ishsiz qoldi, deb xabar tarqatdi Qalampir nashri.
Muammo nimada?
Ma’lumki, O‘zbekiston fuqarolari chet elga Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan tuzilgan shartnoma asosida yuboriladi. Ellik uch nafar fuqaroga Sankt-Peterburgda qurilishdan ish berilishi va’da qilingan. Ishga jo‘natilayotganlarida ularning mutaxassisliklari agentlik tomonidan tasdiqlangan. Fuqarolar agentlikka ushbu xizmat uchun bir million so‘mdan to‘lashgan.
O‘zbekiston fuqarolari Sankt-Peterburgga yetib kelishgach, ish beruvchilar professional quruvchilarga so‘rov berganligi ma’lum bo‘lib qolgan. Agentlikning xatosi shundaki, migrantlarning mutaxassisligini hujjatlarda tasdiqlab, ularning malaka va mahoratlarini tekshirmagan. "Qalampir" nashrining yozishicha, Piterga yetib borgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini ish beruvchilar ishga layoqatsizga chiqargan.
So‘nggi umid prezidentdan
Migrantlar Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi(!) va boshqa hech birovdan yordam ololmagach, O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilishga qaror qilganlar.
Nashr 53 fuqaroning keyingi taqdiri haqida hech qanday ma’lumot keltirmagan.
53 fuqaroning Rossiyada ishsiz qolishi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida, Toshkentdagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan bog‘lanishga urinish samara bermadi. Ish kunlari dushanba-juma deb ko‘rsatilgani sabab, bugun shanba kuni ehtimol ular qonuniy dam olishdadir.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Namangan viloyatidagi filialiga ham murojaat qilishga ahd qildik. Savolni eshitgach, telefon go‘shagini ko‘targan xodim "Siz Namangan filialiga tushdingiz", — dedi "adashmayotganligimga" aniqlik kiritish uchun.
"Ha, men aynan sizlarga qo‘ng‘iroq qilayapman. Chet elga yuborish uchun ko‘rsatadigan xizmat narxi qanchaligiga aniqlik kirita olasizmi?", — deyman savoliga javoban.
Suhbatdosh darhol bu to‘lov va boshqa harajatlar Toshkentdagi agentlikning o‘zida amalga oshirilishini aytadi. "Biz faqat ish beruvchilar taklif etayotgan vakansiyalarga mutaxassisligi mos tushadigan fuqarolarni saralab Toshkentga jo‘natish bilan shug‘ullanamiz", — aniqlik kiritadi u.
Suhbat davomida xodimning Sankt-Peterburgda ishsiz qolgan fuqarolar haqida xabardorligi ma’lum bo‘ladi. "Bu kompaniya (ish beruvchilarni nazarda tutapti) bilan muammo bo‘lib qoldi, to‘g‘ri. Lekin kelgusida Rossiyada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonasini ochish rejamizda bor. Ko‘pchilik bunday vakolatxonalar elchixonalar qoshida ochilishini xohlashmoqda. Bu ish amalga oshsa, kelajakda bu singari muammolar bo‘lmaydi", — deydi suhbatdosh.
"Migratsiya agentligi o‘zi ishga yuborayotgan o‘zbekistonliklarga ular bilan chet elda ish masalasida hech qanday muammo yuzaga kelmasligiga kafolat bermaydimi, axir shartnoma tuziladi?", — deb savol beraman.
Suhbatdosh agar shu kabi holat (muammolar) yuzaga kelsa, agentlikning xodimi Rossiyaga borib, voqea joyining o‘zida barcha masalani hal etishini aytdi. Shu bilan birga Sankt-Peterburgdagi 53 fuqaroga nega yordam berilmaganligiga oydinlik kirita olmadi.
Toshkentdagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan rasmiy izoh olish uchun dushanbani kutamiz.
Ularga beradigan savollarimiz ko‘p. Hech bo‘lmaganda, yordam berish o‘rniga, fuqarolarga muammo tug‘diradigan agentlikning bemalol dam olishga qanday ma’naviy haqqi bor edi, degan savolga javob olishga harakat qilamiz.
Shoshilinch maktub
Maqolani yozib, saytda e’lon qilishim bilan pochtamga Tashqi mehnat migratsiyasi Samarqand filiali rahbari Abduaziz Xafizov nomidan yo‘llangan maktub kelib tushdi. 53 nafar O‘zbekiston fuqarosining Rossiyada ishsiz va pasportsiz qolganligi haqidagi videoga ko‘zim tushgach, bu xabarga oydinlik kiritish uchun kechaning o‘zidayoq ularga savollar yo‘llagan edim.
"Hamma bilan gaplashib chiqdim. Videoga olgan odam kechirim so‘radi, noto‘g‘ri yolg‘on ma’lumot chiqargani uchun", — deb yozgan Xafizov.
Samarqandga yetib kelishi bilan Sputnik nashriga to‘liq ma’lumot berishini ma’lum qilgan. "Bu bo‘yicha video rolik tayyorlayapmiz", — deb o‘z maktubiga yakun yasagan Xafizov.
Sputnik O‘zbekiston ushbu voqeani kuzatib boradi va bu haqda ma’lumot berib boradi.