TOShKENT, 28-may – Sputnik. O‘tgan juma kuni Tretyakov galereyasida muzeyga kelgan fuqaro temir ustun bilan rasmlardan birini yirtib tashlashga harakat qildi. Hujum natijasida rasm yuziga qo‘yilgan oyna sinib, rasm chizilgan matoning bir necha joyi yirtildi.
Muzey vakillari aytishiga qaraganda rasmni qayta tiklash uchun bir necha yil kerak bo‘lishi mumkin ekan. Yaxshiyam kartinaning eng muhim joylari – shohning yuzi va qo‘llariga zarar yetmagan.
Keyin ma’lum bo‘lishida ushbu vandallikni amalga oshirgan kishi 37 yoshli Igor Podporin bo‘lib chiqdi. U 90 yillarda O‘zbekistondan Rossiyaga ko‘chib o‘tgan va ayni damda Voronej viloyatida yashar ekan.
“Ivan Grozniy va uning o‘g‘li Ivan”
Mashhur rus rassomi Ilya Repin qalamiga mansub ushbu rasmning ikkinchi nomi - “Ivan Grozniy o‘z o‘g‘lini o‘ldirmoqda”. Unda Ivan Grozniy jahl ustida o‘g‘liga o‘tkir uchli temir tayoq uloqtirgani, keyin esa nima qilib qo‘yganini anglab, o‘g‘lini bag‘riga bosib turgani tasvirlangan. Jahldor podshoh shu damda nimalarni his qilayotganini uning yuzi qo‘llaridan anglab yetish mumkin.
Rossiyada 1581-yilda rus shohi Ivan Grozniyning o‘g‘li to‘satdan vafot etadi. Shunda xalq orasida uni otasi jahl ustida o‘ldirib qo‘ygan degan gap tarqaladi. Ivan Grozniyning jahldorligini bilgan odamlar bunga ishonishadi. 1963-yilda sovet olimlari Arxangel soborida ko‘milgan shahzoda Ivanning jasadini tekshirib ko‘rishganda unda hech qanday jarohat izi topisha olmaydi, aksincha uning ta’nasida juda ko‘p miqdorda simob topishadi va u zaharlanib o‘lgan degan xulosaga kelishadi.
Tarixiy sabablar
Shuni aytib o‘tish kerak-ki, Ilya Repin Ivan Grozniyni qoralamoqchi bo‘lmagan. Aksincha, rassom uni bir lahzada jahldor shohdan o‘g‘lini yaxshi ko‘ruvchi otaga aylangan kishi qiyofasida mahorat bilan tasvirlagan.
Ikkinchidan rassom ushbu rasmni 1881-yilda, shahzoda Ivan o‘limidan roppa-rosa 300-yil o‘tib sodir bo‘lgan Aleksandr IIning o‘limidan (terror oqibatida) keyin yozishga qaror qiladi. Bu bilan Repin, bir tomondan, jamiyat nigohini tarixning qayg‘uli o‘xshashligiga qaratmoqchi bo‘ladi, ikkinchi tomondan esa - jinoyatdan keyingi pushaymonga.
O‘sha vaqtlarda (1881) Rossiyada hukumatga qarshi faoliyat olib borayotgan, turli yashirin uyushmalar paydo bo‘layotgan edi. Balkim rassom o‘zining ushbu asari bilan ularga qarab “Ehtiyot bo‘l odam o‘ldirib qo‘yma keyin kech bo‘ladi” demoqchi bo‘lgandir...
San’at bilan tarixni aralashtirganlar
Qonli sahna tasvirlangan “Ivan Grozniy va uning o‘g‘li Ivan” kartinasining taqdiri ham oson kechmagan. 1913-yilda Abram Balashov nomli kishi “Rus shohini tahqirlovchi” rasmga uch marta pichoq sanchgan. O‘sha vaqtda hayot bo‘lgan Ilya Repinning o‘zi rasmni qayta tiklagan.
Besh yil oldin esa (2013) bir guruh vatanparvarlar prezidentga rasmiy maktub yo‘llab “Bu tarixda bo‘lmagan voqea. Rus podshohi bunday qilmagan. Ushbu rasm Rossiya tarixini bulg‘amoqda” degan mavzuda xat yozib, uni ta’qiqlab qo‘yishni so‘raydi, lekin ularga rad javobi berishadi.
Nima bo‘lganda ham rasm bu – badiiy san’at asari. U rassomning uy-xayollari, hayotga bo‘lgan shaxsiy nigohi asosida chizilgan. Uni tarixiy fakt deb tushunish noto‘g‘ri bo‘ladi.