TOShKENT, 21 fev — Sputnik. Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonning yangicha yo‘li, unda yuz berayotgan o‘zgarishlar va mamlakatning turizm salohiyati haqida muntazam yoritishmoqda. Respublika xalqaro sayyohlik yarmarkalarida tobora ko‘proq ishtirok etmoqda.
Darvoqe, bugun, 21-fevral kuni Sankt-Peterburgda "Buyuk ipak yo‘li jumbog‘i" nomli turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Yarmarkada 50 ta mahalliy turizm kompaniyalar vakillari orasida O‘zbekistoning 3 ta turistik kompaniyasi ham ishtirok etdi.
Shunday ekan, bugungi kunda O‘zbekiston sayyohlarga nimalarni taklif qila oladi?
Nega O‘zbekiston sayohatchilar orzu qiladigan makonga aylanishi kerak va bugungi kunda bu o‘lkada turizmning qanday yangi yo‘nalishlari ochilganligi xususida Sputnik muxbiri maqolasida tanishishingiz mumkin.
Bag‘rikeng xalq
O‘zbekistonga tashrif buyurishning eng muhim sabablardan biri, shubhasiz, bu uning mehridaryo xalqidir. Mehmondo‘stlik va yurakdan saxiylik — asrlar davomida millatning asosiy farqlovchi xususiyati bo‘lib kelmoqda.
Hatto, yo‘lingizda uchragan notanish kishi sizni o‘z uyiga, bir piyola choyga taklif etsa hayron bo‘lmang — bu o‘zbek xalqining azaliy urf-odatlaridan biri.
Hozirda mamlakatda mehmonlar xavfsizligini ta’minlash va ular bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga alohida e’tibor berilmoqda.
Xususan, 2018-yil 1-martgacha respublikada sayyohlarga tezkor yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus kol-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Sayyohlar xavfsizligi uchun javob beradigan maxsus patrullar esa mustaqil sayyohat qilishni xush ko‘ruvchilar uchun qulay imkoniyat yaratadi.
O‘zbekiston turistlar uchun eng qiziq shaharlar: Toshkent, Samarqand, Buxoro
O‘zbekiston poytaxti dunyoning eng qiziqarli shaharlardan biri hisoblanadi: bunda turli millat, madaniyat, din vakillari farovon hayot kechiradi. Toshkentda necha kun safar qilsangiz ham, har gal shaharning yangi, notanish qirralarini o‘zingiz uchun kashf qilasiz.
Shovqin megapolisdan biroz toliqsangiz, nigohingizni qadim va hamisha navqiron Samarqandga qarating.
Respublikada kattaligi bo‘yicha ikkinchi shahar hisoblangan bu viloyat o‘z vaqtida buyuk sarkarda Amir Temur saltanatining poytaxti bo‘lgan. Shahar — qadimiy "jin" ko‘chalarni, tarixiy majmualarni tomosha qilishni yoqtiradiganlar uchun nodir topilmadir. Siyob bozori esa sayyohlarning sevimli joyiga aylanishi turgan gap.
Shuningdek, ko‘hna Buxoroni ziyorat qilishni unutmang. Bu shaharda ko‘plab mutafakkir olimlar, ulamolar va shoirlar yetishib chiqqan.
"Buxoro" so‘zi so‘g‘d tilidan tarjima qilinganda "muvaffaqiyatli joy" ma’nosini beradi. Aynan shu muvaffaqiyatli joy uchun, tarixiy manbalarda keltirilishicha, qadimda qanchadan-qancha janglar bo‘lgan ekan.
O‘zbek Shveysariyasi
Toshkent shahrining janubiy-g‘arbiy qismida, ko‘hna Samarqandning shimoliy-sharqiy qismidan 90 km masofada ajoyib bir shahar — Jizzax shahri joylashgan.
Jizzaxni "o‘zbek Shveysariyasi" deb atashadi. Chunki bu yerda ajoyib "Zomin" dam olish zonasi va noyob tabiat qo‘riqxonasi joylashgan.
Zomin 1926-yildan beri faoliyat ko‘rsatadi. Bog‘ va qo‘riqxonaning maydoni 20 gektarni tashkil qiladi. Bu yerning tabiati ajoyib. Ko‘p yillik archalar o‘z go‘zalligi bilan barchani hayratga soladi. Hududdagi ko‘plab daraxtlarning yoshi yuz yildan oshadi.
Bu yerda 2000-yilga yaqin o‘sayotgan noyob mojjevelnik archalari saqlanib qolgan.
Tog‘chang‘i kurortlari, sog‘lomlashtirish turizmi
Respublikaning tog‘li hududlari, jumladan Chimon va Beldirsoyda yilning turli fasllarida chang‘i sport turi, piyoda yurish, alpinizm bilan shug‘ullanish imkoniyatini beradi.
Ob-havo imkoniyatiga qarab, O‘zbekiston tog‘larida mart oyi yakuniga qadar chang‘i uchsa bo‘ladi.
Tog‘ trassalarida ko‘p yillik tajribaga ega malakali instruktorlar ishlashadi.
Xozirgi vaqtda O‘zbekistonda 3 ta tog‘chang‘i bazasi mavjud: Beldirsoy, Chimon, Yangiobod. Shuningdek, O‘zbekistondagi sanatoriylarda kasalliklarning har bir turini davolash va diagnostika qilish xalqaro standartlari ishlab chiqilib, tatbiq etilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, dam olish zonalarida nafaqat miriqib hordiq chiqarish, balki boshqa davlatlarnikidan ancha arzon narxda davolanib olish imkoniyati mavjud.
Sanatoriy xodimlarining xushmuomalaligi esa O‘zbekistonga shifo topish istagida kelgan sayyohlar uchun ajoyib bonus bo‘lishi turgan gap.
Eko turizm
O‘zbekistonning cheksiz cho‘llari, yirik tog‘ tizmalari, sanoqsiz darolari, ko‘llar, suv omborlari, rang-barang o‘simlik va hayvonot olami dunyoning barcha burchaklaridan mehmonlarni jalb qiladi.
Mamlakat bo‘ylab sayohat davomida sizlarga Milliy qo‘riqxonalarga kirish imkoni mavjud: ulardan Zomin, Zarafshon, Djeyran ekomarkazi va boshqa ekologik toza qo‘riqxonalari bor. U yerda Qizil kitobga kiritilgan noyob o‘simlik va hayvonlarni ko‘rish mumkin.
Cho‘ldagi nodir san’at namunasi
Saviskiy nomidagi muzey to‘plamida 90 mingdan ortiq asar mavjud. Muzeyga I.Saviskiyning sa’y-harakati va u to‘plagan qoraqalpoq xalq amaliy san’ati asarlari negizida asos solingan.
Qoraqalpoq xalq ustalari tomonidan yaratilgan zargarlik, yog‘och o‘ymakorligi, kashtado‘zlik, to‘qimachilik (ayniqsa, o‘tov jihozlari) va boshqa asarlar amaliy san’at bo‘limida jamlangan.
Muzey rus avangardi, O‘zbekiston san’at asarlari, Qoraqalpog‘iston milliy san’ati namunalari, qadimgi Xorazm san’ati yorqin namunalarini o‘z ichiga oladi. Bunday asarlar dunyoning hech bir muzeyi va shaxsiy kolleksiyalarda yo‘q.
Hattoki jahonga mashhur Sankt-Peterburgadagi Rus muzeyi va Moskvadagi Tretyakov galereyasi ham Nukus muzeyiga havas qilishlarini tan olishgan.
Ekspertlar va jahon OAVlari fikriga ko‘ra, Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat muzeyi kolleksiyasi Osiyo mintaqasida eng birinchi noyob san’at majmuasi hisoblanadi. Rus avangardi to‘plami va xajmi bo‘yicha esa ikkinchi o‘rinda turadi.
Angliyaning "Gardian" gazetasi "bu muzeyni" dunyoning eng yaxshi muzeylaridan biri" deya e’tirof etgan. Xuddi shunday baho Albert Gor va Jak Shirak tomonidan ham berilgan.
Muzeydagi to‘plamlarni Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya elchilari, maslahatchilari hamda YuNESKO va AQSh vakillari tomosha qilishgan.
Transport qatnovi
O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi turistlar diqqatga sazovor joylarga temir yo‘l, avia va avtotransportlarda borishlari mumkin.
Oddiy poyezdlardan tashqari, har kuni Samarqand va Buxoroga yuqori tezlikdagi "Afrosiyob" poyezdi ham qatnaydi. U soatiga 230 km tezlikda harakatlanib, Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan masofani 2 soatda bosib o‘tadi.
Shuningdek, respublikada avtomashina ijara xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Ijara xizmat turi Toshkent, Buxoro Samarqand, Xorazm shaharlarida tajriba sifatida yo‘lga qo‘yiladi.
Avtomobillar ijarasi muayan muddatga (bir necha soatdan bir necha oygacha) haydovchisiz avtomobilni berishni ko‘zda tutadi. Ijarani rasmiylashtirish uchun pasportdan tashqari xalqaro namunadagi haydovchilik guvohnomasi ham kerak bo‘ladi.
Havo sharida parvoz
Siz havo sharida parvoz qilishni orzu qilganmisiz? Yoki siz balandlikdan qo‘rqasizmi? Buxoroda endi havo sharida uchish imkoniyati mavjud. Yangi loyiha turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Aeronavtika federatsiyasi hamda bir qator tijorat banklar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Sayyohlarga yer sathidan 100 metr balandlikda qadimiy Buxoro go‘zalligini tomosha qilish imkoniyati yaratildi. Balandlikdan ajoyib kadrlarni tasvirga olish ham mumkin.
Sehrli ko‘l
Aydarko‘l — O‘zbekistondagi eng chiroyli joylardan biri hisoblanadi. Ko‘l O‘zbekistonning shimoliy-sharqiy qismida Nurota shahridan 50 kmda joylashgan.
Ko‘l deyarli odam yashamaydigan hududda joylashgan, uning yaqinida atigi 345 oila istiqomat qiladi.
Albatta, Aydarko‘lida eng qiziqarli sarguzasht bu — baliq ovidir. Aynan shu joyga respublikaning turli chekkalaridan minglab turistlar keladi.
Ko‘lga keluvchilar baliq ovi uchun barcha zarur anjomlarni o‘zlari bilan olib kelishadi, lekin qarmoqlar shu joyning o‘zida ham ijaraga beriladi. Mehmonlar qo‘ldan 6 km masofada joylashgan "Aydar" lagerida to‘xtashlari mumkin. Lagerda 8 ta yurta mavjud. Ular milliy uslubda qurilgan bo‘lib, barcha maishiy qulayliklarga ega. Shu yerda tuyalarda ham sayr qilish mumkin.
YuNESKO himoyasiga olingan Sarmash jarligidagi qadimiy rasmlar hech kimni befarq qoldirmaydi.
Markaziy Osiyo Makkasi
O‘zbekiston hududida ko‘plab diniy obidalar mavjud. Ularning ba’zilari 3000-yildan ortiq tarixga ega.
Xususan, Toshkentda Xasti imom markazi va 7-asrga tegishli Qur’oni karimning Xalifa Usmon mushafini ko‘rishingiz mumkin.
Shuningdek, Buxoroda ko‘plab masjid va musulmon ulamolari qabrlari mavjud.
Muhim obidalarning biri Bahouddin Naqshbandiy yodgorlik majmuasi. Ushbu majmua Markaziy Osiyo Makkasi hisoblanadi. Har bir o‘zini hurmat qilgan musulmon Naqshbandiy ismini biladi va e’zozlaydi. XIV asrning buyuk ilohiyotchisi naqshbandiya tariqati asoschisi 32-marta xajga borgan. U odamlarni kamtarin bo‘lishga chorlab, boylik va hashamatni rad etib kelgan.
Buyuk aloma Buxoro yonidagi Qasri Hinduvon (Qasri Orifon) qishlog‘ida dafn etilgan.
Bahouddin maqbarasiga turli musulmon davlatlardan ko‘plab mehmonlar tashrif buyurishadi.
Maqbaraning ichida qadimiy tut yotibti, rivoyatlarga ko‘ra, u Bahouddin hassasidan o‘sib chiqqan. Agar uning tagidan odam o‘tsa, uning tilaklari, albatta, ijobat bo‘ladi.
Turistlarga eslatma…
Bugun O‘zbekistonda sayyohlarda mamlakat haqida eng yorqin taa’surotlar qolishi uchun barcha ishlar qilinyapti. Buning uchun turizm infratuzilmasini qayta rivojlantirish jarayoni boshlangan.
2018 yil 10-fevraldan boshlab 7 ta (Isroil, Indoneziya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya, Yaponiya) davlat fuqarolariga 30 kunlik muddatga vizasiz tartib joriy etildi, shuningdek 39 ta davlat fuqarolari uchun tartib soddalashtirildi.
Bu bilan vizasiz rejimi 16 davlat fuqarolari uchun qo‘llaniladi.
Bugungi kunda vizasiz rejim bilan 9 ta davlat fuqarolari foydalaniladi: Ozarbayjon, Armeniya, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Moldova, Rossiya, Ukraina, Qirg‘iziston.
2018 yil 1-maydan xorijiy yo‘lovchilar kelganda ularga qisqa muddatli kirish vizalar berish boshlanadi.
Shu yil yoz mavsumida elektron shaklda E-Visa berish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Endi sayohlar barcha hujjatlarni internet orqali yuborib, qisqa muddatda javob olishlari mumkin.
Elektron viza olish uchun to‘lovlar xalqaro to‘lov kartalar (Visa va MasterCard) orqali qabul qilinadi.
Milliy aviatashuvchisi o‘zining parvozlarni ko‘paytirmoqda. Xususan, Skandinaviya, Benelyuks, Janubiy-Sharqiy Osiyo tarkibiga kiruvchi davlatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yilmoqda.
O‘zbekiston AQSh turistlari uchun eng ishonarli va xavfsiz bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan. Bu haqdagi xulosa AQSh Davlat departamentining 10-yanvardagi hisobotida aytilgan.
Bularning barchasi yaqin kelajakda O‘zbekiston sayyohlar uchun eng qiziqarli davlatlar ro‘yxatiga kirishidan dalolat beradi.