Yetakchi axborot agentliklarning xabarlariga ko‘ra, hozirda geosiyosiy janglarning asosiy sahnasi Yaqin Sharqda, ya’ni Suriya va O‘rta dengiz sohilida yuzaga kelgan.
Yirik Suriya kampaniyasida xalqaro siyosatning barcha muhim kuchlari jamlangan: bu yerda o‘zining "Tomagavka"lari bilan AQSh prezidenti Donald Trampni; kimoviy hujum izlarini izlayotgan Yevropa Ittifoqi yetakchilarini, qurdlar bilan kurash bahonasida arab respublikasining shimoliy qismini bosib olgan Turkiyani hamda mintaqada barqarorlikni saqlab qolish va janubiy tomon xavfsizligini ta’minlashga harakat qilayotgan Rossiyani ko‘rish mumkin, bu zaminda hattoki olisdagi Xitoy ham o‘zining maqsadlarini ko‘zlamoqda.
Titanlar uchun sahna
Barcha yirik geosiyosiy o‘yinchilarning manfaatlari bir joyda to‘plangan joylar dunyo xaritasida deyarli ko‘p emas. Kuchlarni to‘playdigan ikkinchi maydon bu Markaziy Osiyo, ya’ni ko‘pchilik aytmoqchi O‘rta Osiyodir.
O‘zining jo‘g‘rofiy joylashuvi tufayli bu hudud qadimdan turli kuchlarni o‘ziga jalb qilib kelgan: Xitoy imperiyasi, Persiya, Britaniya, Rossiya va so‘nggi yillarda AQSh. Bu yerlar ko‘plab marotaba yirik qarama-qarshiliklar maydoniga aylangan. XIX asrda Angliya va Rossiya o‘rtasida yuzaga kelgan, qudratli davlatlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvlarisiz kechgan, qarama-qarshiliklarda esa va diversiya uslublardan foydalanilganligi tufayli "Katta o‘yin" yoxud "Soyalar kurashi" nomini olgan to‘qnashuvi bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Xususan, 1868-yilda taniqli britaniyalik diplomat Genri Roulinson Jamoalar Palatasiga yuborgan memorandumida Markaziy Osiyoda bir qator qudratli davlatlar, birinchi navbatda Rossiya va Britaniyaning manfaatlari to‘qnash kelganini dalil tariqasida keltirgan edi.
"Hozirgi vaqtga qadar fikrimiz asosan, birinchi navbatda Rossiyaning Markaziy Osiyodagi pozitsiyasi va yaqin kelajakda Hindiston uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqidagi amaliy fikrlar bilan chegaralanib qoldi. Rossiyaning Hindiston tomon harakati Osiyo xaritasi bo‘ylab kuzatilsa, ushbu harakatning qamal qilingan qal’ani o‘rab olayotgan armiya mashg‘ulotlariga o‘xshashi har bir kishini hayratga soladi", — deb yozadi Roulinson.
O‘sha vaqtda mintaqada arzon resurslar, birinchi navbatda paxtaga katta qiziqish qarama-qarshiliklarga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, Rossiya va Britaniya uchun Markaziy Osiyo bufer vazifasini bajargan — bir tomondan Hindistonni — Britaniya imperiyasi tojining eng qimmatbaho olmos toshini, ikkinchi tomondan — Rossiya imperiyasining janubiy qismi (mintaqa kam himoyalangan, biroq nisbatan boy va mamlakatning turli qismlari uchun muhim) himoyalagan.
Asta-sekin Markaziy Osiyo uchun kurash to‘xtadi; bunga Rossiya imperiyasining kuchi zaiflashishi, keyinchalik esa Ikkinchi jahon urushidan so‘ng — Britaniya imperiyasining tarqalishi sabab bo‘ldi.
Rus ayig‘i, Xitoy ajdahosi va Amerika burguti
Sobiq sovet ittifoqi tarqalib ketgach amerikaliklarning Osiyo yo‘nalishida harakati faollashdi, 2000-yillarda mintaqada bir necha yirik derjavalarning qiziqishlari bir nuqtada jamlandi.
2001 yilda Afg‘onistonda kampaniya boshlangach AQSh yana bu hududga e’tiborni qaratadi. Avvaliga mintaqadan Pandjsherda harbiy qo‘shinlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida logistika sifatida foydalanilgan; keyinchalik Vashingtonning bevosita ishtirokida "demokratiya tranziti" boshlanib, u Qirg‘izistonda 2005-yilda "Lola inqilobi" bilan yakunlandi.
Qo‘shma shtatlarning Markaziy Osiyo davlatlariga qiziqishi tushunarli holat. AQShning ikki asosiy geosiyosiy raqiblari — Rossiya va Xitoy mintaqaga juda yaqin. Donald Tramp yaqinda bu ikki davlat iqtisodiyotlarini zaiflashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Axir Amerika yetakchisi joriy yil fevral oyida harbiy qo‘shinlarni Iroqdan Afg‘onistonga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni bekoriga qabul qilgani yo‘q.
Kuchli Osiyo davlatlari uchun mintaqa kapitalni keng ko‘lamda eksport qilish uchun jozibador joyga aylandi. Xususan, Janubiy Koreya O‘zbekiston iqtisodiyotiga o‘n milliardlab dollar investitsiyalarni kiritdi.
Biroq, bu mintaqada asosiy siyosiy va iqtisodiy maqsadlar Xitoyga tegishlidir.
Xitoy Markaziy Osiyo orqali Yevropa bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish bo‘yicha "Bir kamar-bir yo‘l" strategik loyihasini amalga oshirishni istaydi va bu uchun hech qanday mablag‘ni ayamayapti.
2001-2013 yillarning o‘zida Xitoy 5 ta mintaqadagi respublikalar (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston) bilan tashqi savdo aylanmasini 1,8 milliarddan 50 milliard dollarga oshirdi.
Bu davlatlarning iqtisodiyoti Xitoy bozoriga yo‘naltirilgan. Xususan, Turkmaniston davlatda qazib olinadigan gazning 60 foizini Xitoyga jo‘natadi. Qozog‘istonda Xitoy investorlari neft qazib olish sohasining to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘ini nazorat qilmoqda. Qirg‘izistonda davlat qarzining 40 foizi Xitoy hukumati Eksport-import bankiga to‘g‘ri keladi, shuningdek ko‘plab loyihalar xitoylik ishbilarmonlarining puliga amalga oshirilmoqda.
Rossiya ham Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini saqlab qolmoqchi. Bu yerda umumiy madaniy aloqalar va harbiy-diplomatik sheriklik muhim o‘rin tutadi. Moskva ishining sifatli namunasi ikki global loyiha — Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotlari (ODKB) va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeAES).
Oxirgisi Xitoy investitsiyalariga muqobil sifatida xizmat qilsa (Rossiyaning yirik bozoriga imtiyozli shartlarda kirib borish — bu ko‘plab davlatlar uchun iqtisodiy jihatdan jozibador istiqbolga ega), ODKB esa — Amerika harbiy kuchlariga teng muvozanatdir.
Shunga qaramay, mintaqaning barcha davlatlari bu uyushmalarga a’zo emas.
1992 yilda bunday uyushmani tashkil qilish bo‘yicha tashabbus bilan chiqqan davlatlardan biri bo‘lgan Toshkent, 2012-yilning yozida ODKBdan chiqib ketadi. Shuningdek, uning tarkibida Turmaniston yo‘q. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga Markaziy Osiyo beshtaligidan faqat Qozog‘iston va Qirg‘iziston kirgan. Boshqalar hozircha ushbu formatning afzalliklari haqida o‘ylamoqda.
Markaziy Osiyoda ko‘plab manfaatlar mavjud
Markaziy Osiyoda har bir davlat turli vektorli siyosatni davom ettirishga harakat qilib, faqat bitta qudratli mamlakat bilan hamkorlikda ishlashni ko‘zlashmoqda. Shuning uchun ayrim davlatlar o‘ziga xos muvozanatni saqlab qolishga harakat qilmoqda. Masalan, 2018-yil 9-aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikkita hujjatni imzoladi. Birinchisi — mamlakat qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish. Unda AQSh bilan hamkorlik qilishning muhimligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.
"O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishdir… Harbiy-texnikaviy hamkorlik, harbiy ta’lim va kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlikni davom ettirish rejalashtirilmoqda", — deyilgan qarorda.
Ikkinchi hujjat, Tashqi ishlar vazirligining islohotiga bag‘ishlangan, unda esa Rossiya bilan strategik harbiy-texnikaviy hamkorlik muhimligiga urg‘u berilgan.
Markaziy Osiyodagi vaziyat rivojlanishi mumkin bo‘lgan ssenariylar juda ko‘p: birlashgan markaz va hamkorlikdan qizg‘in geosiyosiy qarama-qarshiliklar maydonigacha.
Mintaqaning kelajagi ko‘p jihatdan mahalliy siyosatchilarning ehtiyotkorligiga va ularning muvozanatli qarorlariga bog‘liq, biroq eng muhimi — shaxmat taxtasidagi eng kuchli figuralar o‘zaro til topishiga borib taqaladi.