TOShKENT, 3 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Komil Allamjonov kuni kecha Facebook sahifasida jonli efir orqali prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatlarga tashrifidan so‘ng internetda e’lon qilingan ayrim tanqidiy ma’lumot va xabarlarga munosabat bildirdi.
Avvalroq ba’zi viloyatlarda avtomobil yo‘llari prezident tashrifi arafasida asfalt qilinganligi, prezident tashrifi arafasida yo‘llar bo‘yida qurilgan issiqxonalar, davlat rahbarining viloyatga tashrifi yakuniga yetgach, bu issiqxonalar o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, prezidentning Jizzax viloyatidagi "Zarbdor Tekstil" korxonasiga tashrif buyurgan vaqtida haqiqiy ishchilar emas, balki yaqin-atrofdagi kollej o‘quvchi qizlar xuddi ishlayotgandek bo‘lib o‘tirgani, korxona aslida hali ish boshlashga tayyor emasligi haqida ko‘plab materiallar paydo bo‘lgandi.
Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov "bu ma’lumotlardan xabardor" ekaniga alohida urg‘u berdi barchaga ularning fuqarolik pozitsiyasi uchun minnatdorlik bildirdi.
"Avvalambor prezidentimiz faoliyatlariga befarq emasligingiz va fuqarolik pozitsiyangiz uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. So‘nggi paytlarda prezidentimiz viloyatlarga tashriflari bilan bog‘liq bo‘lgan turli savollar, ayrim holatlarda turli tanqidiy maqolalar mening sahifamga ko‘plab kelib tushmoqda. Shu fursatdan foydalanib, ushbu masalalarga oydinlik kiritmoqchiman", — deb boshlaydi Komil Allamjonov.
Allamjonov viloyatlarga prezident tashrifi arafasida yo‘llar asfalt qilinishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga batafsil izoh berdi.
"Yo‘llar qurilishi va ushbu yo‘llarni topshirilishi masalasi bo‘yicha ular tomonidan topshiriq berilmagan. O‘z o‘rnida bu yo‘llar faqatgina ahamiyat bersangiz, olis-olis tumanlarga borayotgan chog‘ida majburan eng yomon ahvoldagi, o‘nqir-cho‘nqir yerlarni shunchaki kosmetik ta’mirlash, vaqtinchalik chora deb bilishingizni iltimos qilardik.
Chunki agarda prezidentimiz tashriflari jarayonida shu avtomobil qatnov yo‘llari kelishlariga tayyorlanishi kerak bo‘lgan bo‘lsa, agarda kelgan paytlarda ushbu yo‘llarni ko‘rmoqchi bo‘lgan bo‘lsalar-u, bu rejaga kiritilgan bo‘lsa, albatta ushbu yo‘llar belgilangan tartib va belgilangan standart va talablar asosida ta’mirlanishi, barpo qilinishi tashkillashtiriladi. Albatta prezidentimiz bu yo‘lga kelib o‘z munosabatlari, fikrlari va o‘zlarini ko‘rsatmalarini va tegishli takliflarini beradilar. Iltimos qilardikki, hozirda o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarni vaqtinchalik qilinayotgan choralarni to‘g‘ri qabul qilgan holda, ko‘proq e’tiborni, shu yo‘ldan o‘tgandan so‘ng, borgan manzillar va u yerda barpo etilgan — xalq uchun turli obyektlar, binolar, uylar va korxonalarni yo‘qdan bor bo‘lganligiga e’tibor qaratsak, menimcha, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi", — dedi Komil Allamjonov.
Allamjonov yo‘l bo‘yida qurilgan issiqxonalar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, prezident borib ko‘rgan issiqxonalarni "bir kunda, birgina tashrif uchun barpo etish mumkin emas". Shu sababli u buni ko‘proq "bo‘rttirilgan material" deya baholadi.
"Mening shaxsiy fikrimcha, bu ko‘proq bo‘rttirilgan bir material. Nimaga? Prezidentimiz borgan har bir obyektda, biz ko‘rgan issiqxonalar — bu haqiqatda ishlayotgan issiqxonalar. Uni bir kunda yoki bo‘lmasa birgina tashrif jarayoni uchun birdaniga barpo etish mumkin emasligini hammamiz yaxshi bilamiz. Mening tushunishim bo‘yicha, prezidentimiz yurgan yo‘llar yoqasida qurilgan issiqxonalar nazarda tutilgan. Agar bu issiqxonalar prezidentimiz ketganlaridan keyin agarda yo‘q bo‘lib qolgan bo‘lsa, buzib tashlangan bo‘lsa yoki ularning vaqtinchalik ekanini isbotlovchi biror bir dalil bo‘lsa, biz fuqarolarimizdan juda ham iltimos qilib qolardik. Bu noto‘g‘ri, bunday bo‘lishi kerak emas. Ushbu issiqxonalar hozirda yo‘q bo‘lsa, bunga tegishli mutasaddi rahbarlarga nisbatan chora ko‘riladi. Lekin prezidentimiz tashriflari chog‘ida ushbu issiqxona qurilgan bo‘lsa, demak, ozgina poylash kerak — biror ekinlar ekilgan bo‘lsa, tez kunlarda ular ko‘karib, paydo bo‘lib, ushbu mahsulotlar unib chiqishi mumkin", — dedi Allamjonov.
Keyingi masala — Jizzax viloyatiga bo‘lgan safar jarayonida bir tikuv sexiga bo‘lgan tashrif bilan bog‘liq: "U yerda ishlayotgan qizlar kollej o‘quvchilari, aslida bu ko‘zbo‘yamachilik bo‘ldi, bular ishchilar emas", — degan fikrlar paydo bo‘ldi.