TOShKENT, 15 fev — Sputnik. Britaniyaning nufuzli "Financial Times" gazetasi hukumat rahbari almashganidan so‘ng O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida maqola chop etdi. "Jahon" AA ushbu maqolaning qisqacha tahlilini tayyorladi.
Davlat rahbari virtual qabulxonasining ishga tushirilgani va unga 1,6 milliondan ziyod aholi vakillari shaxsiy va ijtimoiy ahamiyatga molik dolzarb muammolarni hal etish yuzasidan murojaat qilgani maqolada alohida ta’kidlangan. Ommaviy axborot vositalari ancha erkin faoliyat ko‘rsatayotgani, ularda tanqidiy ruhdagi materiallar e’lon qilinayotgani ham o‘quvchilar e’tiboriga havola etilgan.
"O‘tgan yili kecha-kunduz faoliyat ko‘rsatadigan "O‘zbekiston-24" yangiliklar kanali ish boshladi, Xalqaro press-klub tomonidan o‘tkaziladigan siyosiy mavzulardagi hamda turli darajadagi mansabdorlar ishlari haqidagi tok-shoular uning dasturidan joy olgan".
Iqtisodiyot sohasidagi o‘zgarishlar haqida to‘xtalar ekan, "Financial Times" jurnalisti O‘zbekiston Prezidentining biznes sohasida navbatdan tashqari tekshiruvlarga ikki yillik moratoriy joriy etish to‘g‘risidagi tashabbusini qalamga olgan. Sarmoyadorlarga soliq imtiyozlarini taklif etadigan maxsus iqtisodiy zonalarning tashkil etilgani strategik ahamiyatga molik muhim chora-tadbirlar sifatida ta’riflanadi.
Nayl Baklining ma’lum qilishicha, son jihatidan tez o‘sib borayotgan yoshlar uchun ish o‘rinlarini yaratish Prezident Shavkat Mirziyoyev hayotga tadbiq etayotgan o‘zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Shu o‘rinda britaniyalik sharhlovchi respublikamiz aholisining yarmidan ziyodini 30 yoshgacha bo‘lgan avlod vakillari tashkil etishini, har yili esa 600 ming kishi mehnat bozoriga chiqishini eslatib o‘tgan.
"…Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonlik yoshlarni o‘z vataniga qaytarish uchun iqtisodiy sharoitlar yaratishga va’da berdi. "Men ularning ota-onalariga nima deyman?", degan savolni o‘rtaga tashlar ekan, Prezident quyidagi fikrni qo‘shimcha qildi: "Agar odamlarimizga sharoit yaratganimizda bunday voqealar sodir bo‘lmas edi".
Muallifning yozishicha, 2017-yil sentabrida O‘zbekistonda valyuta cheklovlari bekor qilindi. Bu milliy so‘mning qadrsizlanishiga olib kelgan bo‘lsa-da, tashqi savdo va sarmoyalar uchun sezilarli to‘siqlarni bartaraf etdi. "Umuman olganda, bir xorijlik mansabdorning ehtiyotkorlik bilan fikr bildirishicha, O‘zbekistonda sovuq zamon nihoyasiga yetmoqda, iliqlik davri boshlanmoqda", deya qayd etiladi maqolada.