…Bugun O‘zbekiston ulkan qurilishlar, o‘zgarishlar maydoniga o‘xshaydi. Lekin bulardan ham muhimrog‘i insonlar ruhiyati, ichki olamidagi o‘zgarishlar — O‘zbekiston orzular mamlakatiga aylandi.
Odamlarga orzu qaytarildi.
Jamiyatdagi yana bir muhim o‘zgarish, xalqqa orzuni, umidni qaytarib bergan o‘zgarish — oliy ta’limdagi yangiliklar. Sirtqi o‘qishni tiklanishi ko‘plar uchun ahamiyatsizday, jamiyat hayotida bilinar-bilinmas o‘tib ketganday. Aslida bunday emas — u kishilarga umidni, ertangi kunga ishonchni qaytardi.
Hammaning ham kunduzgi o‘qishda ta’lim olishga imkoni mavjud emas. Kimningdir ota-onasi yo‘q, kimningdir yaqinlari imkonsiz — maktabni tugatishi bilan ishlaydi, o‘zi, yaqinlarini boqadi. Endi ular ham ta’lim, muhimi diplom olishiga imkon yaratildi. Shunga umid uyg‘ondi.
Ishsizlik bo‘g‘ma ilonday bo‘yingga yopishib, bir umr qo‘yib yubormaydiganday tuyulgan paytda mamlakat bo‘ylab yangi ish o‘rinlarining yaratish, zavodlar, erkin iqtisodiy zonalar qurishga bo‘layotgan urinishlar…
Bozorlarda narx-navoning oshishi haqida ko‘p gapiramiz, nolishlar ham ko‘p. Aslida bu ham dehqonlarga umid bag‘ishlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 6-noyabrdagi mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan Qarori yil davomida ishlab, topgan-tutganini qoqi bahosiga sotib, to‘rt-besh so‘m pul topish maqsadida o‘zga mamlakatlarda xor-u zorlikda yurgan dehqonda o‘z yerida ishlab, pul topish, oila boqish, ro‘zg‘or tebratish umidini paydo qildi.
Ko‘pchilik, albatta, dehqonning boy bo‘lishiga ishonmaydi. "O‘n ikki oy beli bukilib, ter to‘kib ishlaydi-da, to‘y qilib, bor pulini kimsan falonchi qo‘shiqchiga berib yuboradi", deyishadi. Zarari yo‘q. Bora-bora dehqonlar ham o‘zligini namoyon qilishning boshqa maqbulroq yo‘llari, usullarini topishar.
Davlat pul topishga imkon yaratib bermoqda, aql topish esa har kimning o‘z ishi.